QIRG'IZISTON
Rossiyaning Vesti axborot agentligiga ko’ra, Gazprom kompaniyasi rahbari Aleksey Miller va Qirg’iziston Bosh vaziri Feliks Kulov neft va gaz konlarini tadqiq qilish bo’yicha qo’shma korxona tuzishga kelishib oldilar.
Yangi korxona geologik tadqiqotlar o’tkazish, Qirg’izistonning neft va gaz sohalariga sarmoya jalb etish va mavjud inshootlarni zamonaviylashtirish bilan shug’ullanadi, deya xabar beradi Qirg’iziston hukumati matbuot xizmati.
2003 yil may oyida Gazprom va Qirg’iziston o’rtasida gaz sohasida hamkorlik qilish bo’yicha 25 yillik shartnoma imzolangan edi. Bugungi kunda Qirg’izistonning tabiiy gaz zahiralari 6 milliard kubometrni tashkil etib, respublika yiliga 30 million kubometr gaz ishlab chiqaradi.
QOZOG'ISTON
Qozog’istonning Erondagi elchisi Sobir Toirov Eronning sobiq prezidenti Said Muhammad Xotami bilan uchrashib, diniy hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Ostonada shu yilning sentyabr oyida dunyo diniy yetakchilari anjumani o’tkazilishi kutilar ekan, janob Xotami Qozog’istonning turli dinlarni yaqinlashtirish harakatini olqishladi. Anjumanda janob Xotami Eron vakili sifatida qatnashishi mumkin.
TOJIKISTON
Tojikiston davlat mulkini idora qilish qo’mitasi raisi Sherali Gulovning bildirishicha, 2005 yilda mamlakatda 670 kompaniya, jumladan 521 kichik va 149 o’rta hajmdagi korxonalar davlat tasarrufidan chiqarildi.
O’tgan yilda xususiylashtirishdan tushgan daromad 13 million dollarni tashkil etdi. Kichik korxonalarni xususiylashtirish jarayoni deyarli nihoyasiga yetdi, deb xabar beradi Tojikistonning Aziya-Plyus axborot agentligi.