Gruziya Rossiyani sobiq Sovet respublikalariga nisbatan agressivroq siyosat yurgizishga o’tganlikda ayblamoqda. Gruziyaning BMT dagi elchisi Revaz Adamiya Rossiya prezidenti Vladimir Putinning shu haftada qilgan izohlariga keskin munosabat bildirdi.
Elchi Adamiya Rossiyaning sobiq Ittifoq davlatlariga nisbatan pozitsiyasida keskin o’zgarish paydo bo’lganini xavotir bilan qabul qildi. Adamiya Putinning seshanba kungi yillik matbuot anjumaniga ishora qildi. Unda Putin jahondagi, xususan Kosovo yoki Gruziyaning Abxaziya va Osetiya kabi hududlarida yechilmagan mojarolarni hal qilishga qaratilgan umumiy tamoyillar ishlab chiqish zarurati haqida gapirgan.
Prezident Putinga ko’ra, agar Kosovo Serbiyadan mustaqillikka erishsa, u holda Rossiya Gruziyaning hududiy yaxlitligini ta’minlashga qaratilgan BMT dasturidan chiqadi.
“Shunday bo’lgan taqdirda Rossiya Abxaziya bilan Janubiy Osetiyani mustaqil davlatlar sifatida darhol tan oladi demoqchi emasman-u, biroq bunga yo’l ochilgan bo’ladi,” degan edi Putin.
Adamiya Putinning bu izohini qattiq tanqid ostiga oldi. BMT dagi matbuot anjumanida Gruziya elchisi bu Rossiya rahbarining Gruziya, Ukraina va ba’zi boshqa sobiq Ittifoq davlatlariga nisbatan siyosatining keskinlashayotganini anglatadi, dedi.
"Ko’rib turibmanki, Gruziyaga nisbatan siyosatda jiddiy o’zgarish bor. Nafaqat Gruziya, hattoki Ukrainaga nisbatan ham. Bunga asosiy sabab Gruziyadagi Atirgullar va Ukrainadagi Qo’ng’ir inqiloblardir," deydi Adamiya. "Kremldagilar bu mamlakatlardagi ijobiy jarayonlardan tashvishga tushganlar. Chunki bu jarayonlar inqiloblarning samarali ekanini va ularning boshqa mamlakatlarda ham ro’y berishi mumkinligini ko’rsatib turibdi. Bu siyosatni Markaziy Osiyoda ham ko’rsa bo’ladi. Va avvalombor, O’zbekistonning Gruziya va Ukrainaga nisbatan munosabatlarida."
Gruziyaning BMT dagi doimiy vakiliga ko’ra, ayni damda ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlar o’zining eng past darajasidadir. Mintaqa uchun tabiiy gaz ta’minotidagi yaqinda ro’y bergan uzilishlarga ishora qilar ekan, Adamiya ba’zi sobiq Sovet davlatlaridagi rahbarlarning Kreml tomonidan bildirilayotgan diqqatning oshishidan xavotirga tushayotganlarini aytdi.
"Men tasodiflarga ishonmayman. Ayniqsa bir necha voqealar bir vaqtning o’zida sodir bo’lganda, xususan, gaz ta’minotidagi uzilishlar, gaz narxining o’sishi, xududiy yaxlitlik bo’yicha munosabatning o’zgarishi, Kosovoni misol tariqasida ishlatib, uni universal model deb atash. Bu Rossiyaning Gruziya, Ukraina va Moldovaga nisbatan pozitsiyasidagi jiddiy o’zgarishlardan yaqqol dalolatdir," dedi Gruziyaning BMT dagi elchisi Revaz Adamiya.