Breaking News

Bern sanksiya ish beradi degan umidda


Shveysariya hukumatiga ko’ra, O’zbekistonga nisbatan cheklovlar qo’yib Karimov rejimiga inson huquqlarining poymol etilishiga qarshi ekanini bildirish rasmiy Bernning xalqaro hamjamiyat oldidagi burchidir.

Cheklovlarning amalga oshirilishini nazorat etayotgan Shveysariya Iqtisodiyot vazirligi so'zlovchisi Rita Boldeggerning (Rita Baldegger) fikricha, rasmiy Bernning O’zbekistonga nisbatan qurollar embargosi qo’ygani va Toshkentning ba’zi yuqori martabali rasmiylarining mamlakatga kirishi va undan o’tishini ta’qiqlagani hech kimni ajablantirmasligi kerak.

"Shveysariya Andijon namoyishlariga qanday yakun yasalganini o’sha paytning o’zidayoq qoralagan. Biz o’shandayoq viza berishni va savdo qilishni cheklagan edik,"- deydi Boldegger xonim. Uning bildirishicha, rasmiy Bern endilikda alohida sanksiya qo’yib, hamkor tashkilot Yevropa Ittifoqi tomonidan o’tgan yili joriy etilgan sanksiyalar kuchini yanada oshirishga qaror qildi.

“Biz inson huquqlari borasida o’z pozitsiyamizni namoyon etyapmiz, xolos,”- deydi Shveysariya hukumati vakili.

Xo'sh, O’zbekiston va Shveysariya qurol-aslaha sohasida qanchalik hamkorlik qilar edi?

"Shveysariya hozirgacha O’zbekistonga hech qanday qurol-aslaha yoki harbiy texnologiya eksport qilmagan. Kelajakda ham sotmaydi,"- deya javob beradi Boldegger xonim.

Cheklovlar faqat harbiy va viza bobida bo’lsa-da, juda tabiiy bir savol tug’uladi. Shveysariyaga kirishi man etilgan Toshkent rasmiylarining Shveysariya banklarida hisob raqamlari bo’lishi mumkin. Rasmiy Bern bu haqda aniq ma’lumotga egami va yuqoridagi cheklov bu hisoblarni ham nazarda tutadimi?

"Haqli savol, ammo biz qo’ygan cheklov moliyaviy cheklov emas. Mamlakatimizga kirishi ta’qiqlangan 12 kishining Shveysariyada hisob raqami bor yoki yo’qligini aniq bilmayman, ammo bo’lgan taqdirda ham ular Shveytsariyaga kelib, hisoblarini tekshira olmaydilar,"- deydi Boldegger xonim.

O’zbekiston hukumati Shveysariya qo’ygan sanksiyalarga nisbatan rasmiy munosabat bildirganicha yo’q. Shveysariya ham O’zbekistonga nisbatan qanday bosim vositalariga ega ekani haqida gapirishga shoshmayapti.

"Sanksiya biz O’zbekiston hukumati bilan ishlamoqchi emasmiz, degani emas. Umid qilamizki, O’zbekiston cheklovlardan xulosa chiqaradi. Biz ham o’sha xulosaga, cheklov natijasiga qarab, rasmiy Toshkentga nisbatan munosabatimizni, qarorlarimizni o’zgartirib boramiz,"- deydi Shveysariya Iqtisodiyot vazirligi so’zlovchisi Rita Boldegger.

XS
SM
MD
LG