AQSh Davlat departamenti Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo byurosiga qo’shib, uni rasmiy tarzda Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari byurosi deya nomladi. Endi amaldagi Janubiy Osiyo byurosi Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekistonga oid masalalar bilan shug’ullanadi. Departament chiqargan bayonotga ko’ra, tizimdagi o’zgarishlar xavfsizlik, taraqqiyot, barqarorlik va ozodlik yo’lidagi umumiy maqsadlarga erishishda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan birgalikda ishlab, hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan. Yangi byuro Davlat kotibi muovini Kristina Rokka tomonidan boshqariladi.
O’ZBEKISTON
Reyter (REUTERS) axborot agentligiga ko’ra, o’zbekistonlik inson huquqlari himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinov uzoq sud jarayonidan so’ng 7 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Zaynobiddinov terroristlar bilan aloqadorlikda, davlat sha’niga dog’ tushirganlikda va diniy ekstremizmda ayblangan. Hyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) inson huquqlari tashkilotiga ko’ra, Zaynobiddinov 13 may kuni Andijon voqealari haqida dunyoga haqiqatni uzatgani uchun jazolanmoqda. Tashkilot bu borada bayonot chiqarib, Zaynobiddinov inson huquqlariga zid tarzda qamoqqa olinganini ta’kidlagan.
MDH Statistika Qo’mitasi
Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi mamlakatlarining aholisi 279 millionga yetdi. MDH Statistika qo’mitasiga ko’ra eng katta o’sish Turkmanistonda kuzatilgan. Kazinform axborot agentligining ma’lum qilishicha, so’nggi 5 yil ichida Turkmaniston aholisi 26.5 foizga o’sgan. Tojikistonda esa bu ko’rsatkich 10 foiz, Ozarbayjonda 4.4, Qir’gizistonda 4.7 va Qozog’iston aholisi 2.36 foizga oshgan. Ayrim davlatlarda esa aholi sonining kamyayishi kuzatilgan. Jumladan, besh yillik ko’rsatkichga ko’ra, Moldovada aholi 6.7, Ukrainada 4.2, Armanistonda 1.1 va Rossiyada 2.3 foiz kamaygan.
Gruziya aholisi esa 4.5 millionga ko’paygani qayd etilgan. O’zbekiston bo’yicha statistik ma’lumotlar berilmagan.
TOJIKISTON
HOPE dasturi Tojikistonning Xo’jand shahriga tibbiyot uskunalari va dori darmonlar yetkazmoqda. HOPE dasturi ilk bor sobiq Tojikistonga bundan 15 yil oldin yordam berishni boshlagan edi. 8 fevral kuni 10 tonnalik yordam yuki Tojikistonning shimoliy viloyatlarida joylashgan kasalxonalarga yetkazildi. 4.2 million dollar teng yordam mahsulotlariga turli dori darmonlar va tibbiyotda foydalanadigan uskunalar kiradi.