Urush va Tinchlikni Yoritish Instituti (IWPR) loyihasi asosida turkman tilida Turkmanistonga bag’ishlangan radioeshittirishlar efirga chiqa boshladi. Urush va Tinchlikni yoritish instituti loyiha orqali “Ozodlik” radiosining turkman xizmati bilan hamkorlikda mamlakat aholisiga muqobil axborot yetkazishni maqsad qilgan.
Ma’lumki, xalqaro jamoatchilik nazdida Turkmaniston so’z erkinligi tamomila cheklangan, diktatura hukm surayotgan yopiq davlat sanaladi. Turkmanistonda mavjud ommaviy axborot vositalarining ta’sischisi rasman prezident Saparmurod Niyozov bo’lib, jurnalistlar faqat Turkmanboshi siyosatini targ’ib qilishga majburdirlar.
Urush va Tinchlikni Yoritish Institutining Markaziy Osiyo bo’limi muharriri Filip Noubelga ko’ra, Turkmanistonda bir necha yildan buyon rus tiliga qarshi siyosat olib borilmoqda, ulg’ayib kelayotgan yangi avlod, qolaversa, turkmanlarning aksariyati rus tilini deyarli bilmaydi. Shu tariqa rus tilida chiqayotgan yangiliklar turkmanlar uchun tushunarsiz bo’lib qolmoqda.
“Bizningcha, aynan turkman tilida va turkmanistonlik tinglovchilarga axborot yetkazish muhimdir” deydi Filip Noubel. “Dunyo jamoatchiligi Turkmanistonda nimalar bo’layotganidan ozmi-ko’pmi xabardor, shu paytning o’zida, Turkmaniston aholisi aynan turkman tilida haqqoniy axborot olishdan mahrum. Shundan kelib chiqib, turkman radiosini yaratish g’oyasi tug’ildi”.
Filip Noubelning aytishicha, Urush va Tinchlikni Yoritish Instituti “Ozodlik” radiosi turkman xizmati bilan texnik hamkorlik asosida eshittirishlarni Chehiyaning Praga shahridan efirga uzatadi. Ya’ni, Urush va Tinchlikni yoritish instituti Turkmanistondan olingan tayyor axborotni “Ozodlik” radiosi turkman xizmatiga taqdim qiladi.
“Hozir bizning institutimiz va “Ozodlik” radiosi turkman xizmatidan tashqari dunyoda boshqa hech kim Turkmaniston tashqarisida turkman tilida eshittirishlarni efirga uzatmaydi” deydi Filip Noubel. “Biz endigina ish boshladik. Hozir haftasiga 2-3 marta asosan ijtimoiy-iqtisodiy mavzularda yangiliklar tayyorlayapmiz, kelgusida Turkmaniston kabi davlatda juda murakkab bo’lsa ham, siyosiy mavzularda yangiliklar berishni rejalashtiryapmiz”.
Urush va Tinchlikni Yoritish Instituti turkman tilida tayyorlagan birinchi eshittirish o’tgan haftada efirga uzatilgan. Filip Noubelga ko’ra, ko’proq axborot olishni istagan turkmanlar elektron pochta orqali xat yozmoqdalar.
“Turkmanistonning o’zida bizning eshittirishlarimizni kim va qanday tinglayotganini hozircha bilmaymiz. O’ylaymanki, bu haqda keyinroq ma’lumot olamiz”, -deydi Urush va Tinchlikni yoritish institutining Markaziy Osiyo bo’limi muharriri Filip Noubel.