O’zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi vakili - Ombudsmenning 2005 yil yakunlariga oid hisoboti muhokama qilingan.
Ombudsmen 2005 yildagi inson huquqlariga oid vaziyatni qoniqarli baholagan. Xalqaro va mahalliy inson huquqlari himoyachilariga ko`ra esa, 2005 yil O`zbekistonda inson huquqlarining buzilishi bo`yicha eng keskin yil sifatida qayd etilgan.
O`zbekiston Oliy Majlisidagi hisobotda O`zbekiston aholisi huquqlarining buzilishi o`z vaqtida bartaraf etilayotgani, aholining huquqlarini himoyalash uchun qator davlat va nodavlat tashkilotlari bilan samarali hamkorlik yuritilayotgani ta'kidlangan.
2005 yilda Ombudsmanga 6142 yozma shikoyat kelib tushgan va ular tegishli davlat idoralariga jo`natilgan.
2005 yildagi inson huquqlariga oid vaziyatni baholashda ishtirok etgan O`zbekiston Xalq demokratik partiyasining qonunchilik palatasidagi fraksiya raisi Asliddin Rustamov hisobotni ijobiy baholaydi:
“Ombudsmanning xalqaro tashkilotlar bilan faoliyati ham samarali bo`lgan. Bir yil davomida bir qancha xalqaro tashkilotlar, delegatsiyalarni qabul qilgan va ularga O`zbekistonda inson huquqlarini himoyalash bo`yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil axborot berilgan. Bir so`z bilan aytganda, men Ombudsmanning ishini qoniqarli baholayman, juda katta ishlar qilinayapti”.
O`zbekiston Inson huquqlari jamiyatini raisi Tolib Yoqubov fikricha esa, "O`zbekistondagi Ombudsman institutining faoliyati O`zbekiston xalqini hayotida hech qanday iz qoldirayotgani yo`q. Chunki, demokratik mamlakatlarda Ombusman vakillari inson huquqlarini himoyalash borasida hukumat bilan tengma-teng kurashadi. Lekin, O`zbekistondagi Ombusman instituti voqealar ichida turib ham o`zbekistonliklarning haq-huquqini yuqori minbarlardan turib himoya qilgan emas. Xalqaro konferensiyalarda O`zbekiston hukumatini maqtash bilan qaytib kelishadi. Bunday tashkilotning jamiyat hayotida pozitiv iz qoldirishi mumkin emas”.
Tolib Yoqubovning aytishicha, 2005 yilda O`zbekistonda inson huquqlariga oid eng keskin buzilishlari yuz berdi.
“Mamlakatimizda inson huquqlari 2005 yildan yomonroq bo`lgan vaziyatni ko`z oldimga keltira olmayman. 2005 yilda Andijonda minglab fuqarolar otib o`ldirildi, insonlar yashash huquqidan mahrum qilindi, bu eng yomon, fojiali akt. Bu voqealardan keyin mamlakatdagi jurnalistlarga, nodavlat tashkilotlarga hukumatning hujumi boshlandi. Hozirgacha muxolifat va inson huquqlari himoyachilari ustidan sudlar ketayapti”.
Oliy Majlis deputati Asliddin Rustamovga ko`ra, buning sabablari O`zbekistondagi inson huquqlarini baholashda ikkiyoqlamachilikka yo`l qoyilayotganidir:
“Ba'zi mamlakatlarning inson huquqlari borasidagi faoliyatiga baho berishga kelganda, mening xayolimga ikki yoqlama standart bo`yicha harakat qilish keladi. Misol uchun AQSh kabi mamlakatlarning geosiyosiy ambitsiyalariga qaramasdan ulardagi inson huquqlariga oid vaziyat qanchalik buzilmasin, ularda hammasi yaxshi degan baho eshitib qolamiz”.
Asliddin Rustamaov inson huquqlarini himoyalovchi tashkilotlarni noxolislikda ayblaydi:
“Katta, o`zini jahonni egasiman deb yurgan mamlakatlarning puliga bu yerda siyosiy partiya tashkil qilamiz, inson huquqlarini himoya qilamiz deb yurgan, asosiy ishi o`sha olgan katta katta dollarlarini oqlash bo`lgan odamlarni, tashkilotlarni bilamiz. Ular inson huquqlari himoyachilari emish... Inson huquqlarini himoya qiladigan davlat tashkilotlari bor. Bitta Ombusmenni ishini oladigan bo`lsak ham, bu erda ko`p ijobiy ishlar qilingan”.
O`zbekiston Inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubov deydki, "Inson huquqlari tashkilotlarini xalqaro grantlarni olishgani uchun, ular qandaydir buyurtmani bajarishayapti, deb hisoblashadi. Ular bundan boshqa ayb qo`yolmaydi. Nodavlat tashkilotlar o`z faoliyatlarini xalqaro grantlar yutush asosida olib borishi bu xalqaro amaliyotda aks etgan narsa. Bu hujjatlarga O`zbekiston hukumatining o`zi imzo chekkan. Shuning uchun hukumatning nodavlat tashkilotlarga qo`yayotgan ayblovlarini mutlaqo asossiz deb hisoblayman”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari ham O`zbekistondagi inson huquqlarga oid vaziyat yuzasidan tashvish bildirgan va uni yaxshilash borasida qator tavsiyalar bergan edi.