Moskvadagi Basmanniy bozorining tomi qulashi natijasida, so'nggi ma'lumotlarga ko'ra, 65 kishi halok bo’lgan. Vayrona tagida aslida qancha kishi qolib ketgani hozirgacha nom’alum.
Rossiya Favqulodda holatlar vazirligining ma’lum qilishicha, jabrdiydalarning 25 nafari kasalxonaga yotqizilgan. Vazirlikka ko’ra, odamlarni tuproq tagidan topib, olib chiqish uchun uyali telefonlar qo’l kelgan.
Ikki ming kvadrat metrdagi maydon tomining qulashiga, deya bildiradi Moskva rasmiylari, qalin qor sabab bo’lgan bo’lishi mumkin. Halokat erta tong, hali bozor ochilmasdan turib, sodir bo’lgan.
Prezident Vladimir Putin Basmanniy bozori halokatini darhol izchil o'rganib chiqishni buyurgan. Norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, fojia paytida bozorda boshqa respublika fuqarolari ham bo'lgan.
Moskva mutasaddilarining ma'lum qilishicha, vayrona osti batamom tekshirilib chiqilgan va qutqaruv ishlari nihoyasiga yetgan.
Basmanniy bozori Moskvaning Bauman ko'chasida joylashgan bo'lib, u 1975 yilda me'mor Nodar Kancheli loyihasi asosida barpo etilgan.
Moskva meri Yuriy Lujkov Kancheli tuzgan loyihalar bo'yicha qurilgan barcha imoratlarni tekshirib chiqish kerakligini bildirgan.
Fojiada yaqini yo'qotganlar uchun Moskva hokimiyati 100 ming rubl, kasalxonaga yotqizilganlar uchun 50 ming rubl va yengil jarohat olganlar uchun 5-10 ming rubl taklif qilmoqda.