AQSh va Hindiston uzoq muzokaralardan so'ng yadroviy hamkorlik bitimini imzoladilar. Bu haqda Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Singx va prezident Bush Dehlida o'tkazilgan matbuot anjumanida e'lon qildilar.
Bush bu tarixiy kelishuvga erishish ikki tomon uchun ham oson bo'lmadi, ammo AQSh Kongressini bitim ikkala mamlakat uchun ham foydali ekanligiga ishontirish ustida ishlayman, dedi.
Hindiston Bosh vaziri Singx kelishuv haqida shunday dedi:
- Biz yadroviy energiyani tinch maqsadda qo’llashga qaratilgan hamkorlik shartnomasini amalga oshirishga kelishib olganimizdan juda mamnunmiz.
AQSh rasmiylariga ko’ra, shartnoma yadroviy texnologiyalarni tarqatmaslik yo’lida qo’yilgan katta qadamdir. AQSh Davlat kotibining muovini Nikolas Bernsning aytishicha, kelishuvga muvofiq, Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Boshqarma ilk bor Hindistonning yadroviy reaktorlari va inshootlarini ko’zdan kechiradi. AQSh esa Hindistonni texnologiya va atom zavodlari uchun yonilg'i bilan ta'minlaydi.
Bitimni ikkala davlat qonun chiqaruvchilari tasdiqlashi kerak.