Breaking News

Adliya vazirligi Yevrosiyo Jamg’armasining yopilishini so'ramoqda


O’zbekiston Adliya vazirligi AQSh ga qarashli yana bir nodavlat tashkilotni yopishga bel bog’ladi. Interfaks axborot agentligining xabar qilishicha, O’zbekistonda 1994 yildan beri faoliyat ko’rsatib kelayotgan Yevrosiyo Jamg’armasining (Eurasia Foundation)Toshkentdagi idorasi yopilishga navbatda turibdi.

Jamg’arma asosan kichik tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash bilan shug’ullangan. Biroq Adliya vazirligidagi manbalardan birining aytishicha, vazirlik o’tkazgan tekshiruvlar jamg’armaning nafaqat iqtisodiy loyihalar uchun, balki aholini demokratik o’zgarishlarga ham undovchi loyihalar uchun pul ajratgan.

Bundan tashqari, deydi o’sha manba Interfaks agentligiga, Yevrosiyo Jamg’armasi o’zining moliyaviy faoliyatida tiniqlikni ta’minlamagan. Adliya vazirligi yo’lga qo’yilgan kamchiliklarni tuzatish uchun jamg’armani ogohlantirgan, biroq, deydi vazirlikdagi manba, jamg’arma ogohlantirishni jiddiy qabul qilmagan. Shu sabab Adliya vazirligi suddan Yevrosiyo Jamg’armasini yopishni so’ragan.

O’tgan bir-ikki yil ichida O’zbekistonda Yevrosiyo Jamg’armasidan tashqari Internyus, AYREKS, Soros Jamg’armasi, Fridom Xaus va boshqa Amerika tashkilotlari yopilgan. Kuzatuvchilar nazarida, bunga asosiy sabab mazkur tashkilotlarning qonunga xilof faoliyatlari emas, balki o’tgan yil may oyidagi Andijon otishmalaridan so’ng o’zbek-amerika aloqalarining yomonlashishi bo’lgan.

XS
SM
MD
LG