Breaking News

Markaziy Osiyo xabarlari-6 mart


TURKMANISTON

Bugun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining etnik ozchilik masalalari bo’yicha oliy komissari Rolf Ekeus boschiligidagi delegatsiya Ashgabatga tashrif buyurdi.

Turkmaniston davlat axborot agentligining ma’lum qilishicha, janob Ekeus mamlakat rasmiylari bilan uchrashadi.

Bu Rolf Ekeusning Turkmanistonga uchinchi bor kelishidir. Bundan avvalgi tashriflar davomida, u mamlakatning chekka qishloqlariga borib, u yerdagi yashash sharoiti va xalq ta’limi ahvoli bilan tanishgan edi.

TOJIKISTON

Bugun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining bosh kotibi Nikolay Bordyuja Tojikistonga keldi. Tashrifi davomida janob Bordyuja mamlakat prezidenti va bir qator rasmiylar bilan uchrashib, tashkilotning Markaziy Osiyodagi mavqei va a’zo mamlakatlarning bahorda bo’ladigan uchrashuvlari borasida fikr almashishi kutilmoqda.

QOZOG’ISTON-O’ZBEKISTON

Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarbayev shu yilning 19-20 mart kunlari O’zbekistonga tashrif buyuradi, deya ma’lum qiladi Qozog’istonning Toshkentdagi elchixonasi.

Mazkur uchrashuv davomida ikkala mamlakat orasida savdo-iqtisodiy, madaniy, insonparvarlik hamda davlatlararo chegara xavfsizligi va rejimi borasida hujjatlar imzolanadi.

QIRG’IZISTON

Qirg’iziston parlamenti vakillari, bank sohasi rasmiylari va moliyaviy qalloblikka qarshi kurashuvchi xizmatchilardan iborat guruh Kanada poytaxti Ottavaga safar qilib, iqtisodiy jinoyatlar va terrorizmni moliyalashga qarshi qaratilgan o’quv dasturida qatnashishi kutilmoqda.

Mazkur o’quv dasturi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Bishkekdagi vakolatxonasi yordamida tashkil etilib, Kanada hukumati tomonidan moliyalangan.

XS
SM
MD
LG