Qaysi mamlakatda bo’lmasin yangi davr odamlarda yangicha dunyoqarashni, shu davrga xos munosabatni ham vujudga keltiradi. Bu O’zbekistonga ham xos bo’lgan tabiiy jarayondir. Yangi davrda voyaga yetayotgan O’zbekiston yoshlarining ideallari, ya’ni orzu qahramonlari ham o’zgargan. Xo’sh, bugungi o’zbek yoshlari ideali kim? Bu orzular asosida nimalar yotadi?
Yoshlar ideali. Bu tushuncha zamon evrilishlariga mos ravishda o’zgarib boraveradi. Zero, har davrning o’z qahramonlari, ideallari bo’ladi. Ayniqsa, yoshlar uchun.
Sobiq Sovet hokimiyati o’rnatilgan o’tgan asrning 20- yillarida O’zbekiston yoshlari uchun o’z otasini sotgan pioneer Pavlik Morozov, bosmachilar qo’lida halok bo’lgan Abdulld Nabiyev, tili va siynalari kesib tashlangan komsomol Mayna Hasanovalar ideal sifatida taqdim etilgan va ideallar umum tomonidan qabul qilingan. So’ngroq bu ro’yxatga sraxanovchilar, urush yillarida esa o’z ko’kraklari bilan dushman dzotini to’sgan Aleksandr Matrosov, To’ychi Eryigitovlar qo’shildi. Keyinroq, fazoga birinchi bo’lib uchgan Yuriy Gagarin ham yoshlar idealiga aylandi.
Shoir va dramaturg Usmon Azim gapiradi:
“Ilgari ideallar bo’lardi. Yoshlarni kimgadir taqlid qilib, kimgadir tenglashib o’sishiga o’sha paytdagi mafkura yo’l ko’rsatardi. Yoshlarga “mana bu odamlarga sen tenglashib yashashing kerak, mana bu odamlarga o’xshasang ysxshi bo’ladi degan bir gaplar ko’p bo’lardi. Menga yoqimliroq bir joylari ham bo’lardi. Mehnat qiladigan odamlarni qahramon qilib ko’rsatilardi. Haqiqatan, dalada mehnat qilib, paxta o’stirib deylik, yoki bo’lmasa zavodda ishlagan odamlarni ideal qilib ko’rsat ardi. O’shaning tagida ozmi-ko’pmi yolg’onlari bo’lardi, lekin halol mehnat bilan kun kechirib, birovni aldamay mehnat qilayotgan odamni qahramon qilib ko’rsatishning o’zida baribir bir yaxshi narsa bor edi. Mana, hozir ham bo’layapti shu narsalar. Alpomish kitobining yubileyi o’tkazildi butun mamlakatda. Alpomish haykali nega Toshkentda yoki boshqa viloyatlarda bo’lmasligi kerak, men tushunmayman. Bu qahramonniyam qanaqadir bitta viloyatning qahramoniga aylantirib qo’yildi-da, shekilli. Mana shunday ideallar bo’lishi kerak deb o’ylayman”, -deb aytdi Usmon Azim.
Yillar mobaynida ideal haqidagi tushuncha ham o’zgardi. Ayrim mutaxassislar fikricha, xususiy mulk psixologiyasi ayovsiz kaltaklanayotgan, “hamma teng yashashi kerak” degan aqida hukm surgan bir sharoitdagiideal obrazlar bugungi kunda yengil istehzo uyg’otadi, xolos.
O’zbekiston mustaqillikka qadam qo’yganidan so’ng juda ko’p tushunchalar, qarashlar kabi yoshlar ideallari ham o’zgargan. Xo’sh, bugungi yoshlar ideali kim? “O’zbekcha orzu” asosida nimalar yotadi? Ayni paytda yoshlarning ko’pchiligi xorijiy filmlar qahramonlarini o’z ideallari sifatida qabul qilishayotir.
“Jeki Changa o’xshagim keladi. Reskosti zo’r-da! Kinolari haqiqiy, fantasticheskiy qilmaydi-da u. Hammasi yaxshida uning kinosida, qiziqarli, kulguli ham boyevik, karate. O’shanga o’xshashni xohlayman. O’zim ham shug’ullanaman sport bilan o’shanga o’xshash uchun”. “Man ko’proq Vandamga o’xshatgim keladi o’zimni. Chunki uning qilig’i qupolmasde. Tinchgina, og’ir-bosiq, yaxshi urishadi. Kinolarini ko’rsam, o’zim obrazga kirib ketgim keladi”,- deyishadi ba’zi yoshlar.
Ayrim yoshlar xonandalar va estrada yulduzlari ular uchun havas qilgulik inson ekanini aytishadi.
“Men ko’pincha qo’shiqchi Rayhon G’aniyevaga o’xshashni xohlayman. Menga uning qo’shiqlari juda yoqadi. Sevib eshitaman uning qo’shiqlarini. Umuman olganda, unga o’xshashni xohlayman-da”. “Mening idealim Yulduz Usmonovaga o’xshashni orzu qilaman. Ular bir so’zli, shu yurti, xalqi uchun yonib yashaydilar. Men qo’shiqchi bo’lishni xohlamasam ham, lekin o’shalarga o’xshagan mard, jasur bo’lishni orzu qilaman”. “Yulduz Usmonovaga o’xshashni xohlardim, chunki ularning qat’iy xarakterlari yoqadi. Kelajaklari porloq. Erkaklara xos fazilatlari bor, har qanaqa gap-so’zlarga qaramay vaziyatdan chiqib ketishga harakat qiladilar va chiqib ketdilar ham”,- deydi ayrim yoshlar.
Bugun yoshlarning ideal obrazlari siyqalashgan, deb hisoblaydi shoir va tarjimon Asqar Mahkam.
“Bugun yuzlab nashr etilayotgan “Darakchi”simon gazetalardagi yasama yulduzlarning hayotini, ularning masalan mersedeslarini, tilla taqinchoqlarini, tilla tishli itlarining hayotini o’rgangandan ko’ra, va tinimsiz skanvord yechkandan ko’ra biz ularga kimligini, ota-bobosi kim bo’lganligini o’rgatmog’imiz kerak. Bu endi jamiyatning ishi, bir kishining ishi emas. Bizda ilgari ma’lum bir ideal bo’lardi. Sobiq Sovet yoshlari hatto oddiy bir paxtakor Mamlakat Nahangovaga havas qilishardi. Bugun siz qaysi yoshlar gazetasida millatning qahramonini ko’rasiz? Eng ommaviy tus olayotgan va yoshlarni yo’ldan chalg’itishga safarbar qilingan gazeta sahifalarida mehnatda nom qozongan, halol mehnat qilib yashayotgan, yoki bo’lmasa ilmda, fanda kashfiyot qilmoqchi bo’layotgan qaysi bir yoshni siz bilasizki, biz uni maktablarda yo yoshlarga ideal sifatida ko’rsatsak. Davlat miqyosida buni hal qilish kerak.”
Ba’zi ziyolilarga ko’ra, o’zbek yoshlariga o’rnak bo’lguvchi Alpomish, Go’ro’g’li kabi xalq ijodi qahramonlari, Shiroq, Tumaris, Manguberdi kabi xalq qahramonlari bo’lsa-da, biroq ularni ideal darajasida yoshlarga taqdim etish, ularni shu qahramonlarga o’xshashlikka intilish ruhida tarbiyalash ishi hali shakillanmagan.
Shoir Usmon Azim deydiki, “Ilgari kitob qahramonlarini ko’p ideal qilib ko’rsatardik, hozir kitob o’qish deyarli yo’qoldi. Endi kinolardagi qahramonlar deyarli bizda yo’qroq. Hollivuddagi qahramonlar bo’lsa kerak yoshlar ideallari, men bilmadim har holda."
"Adabiyotda esa, yonimizda yashab turgan odamni misol qilib ko’rsatib, zamonamiz qahramoni degandek aytishayapti. Buni ham yaratish oson bo’lmayapti. Chunki hozir zamonning qahramoni pulli odamga aylanib ketyapti, kimda puli ko’p bo’lsa o’sha qahramonga aylanayapti. Buni Sharq qadimdan qabul qilolmagan. Birorta kattaroq odamni qahramon qilib ko’rsatadigan bo’lsak, masalan vazirlarimizni yoki bosh vazir o’rinbosarlarini deylik. Oyligi bizga ma’lum, lekin qo’sha-qo’sha hovlilari bo’lishi, qo’sha-qo’sha magazinlari bo’lishi, oshkor-yashirin chet el banklarida pullari bo’lishi , bunday odamlarni qahramon bo’lishi… bo’lmayapti. Mehnat odamlari esa boy odam sharaflanishi kerak ekan-da, deb o’ylanayapti va bu odamlarda ham qandaydir ikkilanish bo’lyapti shekilli-da. Xullas kalom, hali inson ideal sifatida qaysi insonga taqlid qilishimiz kerak, degan gap juda bahsli, munozarali bo’lyapti”, -deydi Usmon Azim
Bugungi davr yoshlari uchun ideal bo’lishga arzigulik inson yo’q, deb hisoblaydi 20 yoshli Zilola ismli talaba. Uning fikricha, hozirgi yoshlar hech kimga taqlid qilmagan holda o’zlariga xos va mos tarzda yashashlari lozim.
“Balki boshqa odamlardan yaxshi fazilatlarni albatta olish kerak, ularning hayotiy tajribasi, qilgan ishlaridan o’rnak olib yaxshi ishlar qilishga harakat qilishsh kerak, lekin bu ishlar ham o’ziga xos va o’ziga mos bo’lishi kerak. Shu bilan boshqalardan farq qilib turishi kerak. Bir xillik bo’lmasligi kerak. Chunki bir xillik bo’lgan joyda manimcha rivojlanish bo’lmaydi. Har kim o’ziga xosligi bilan boshqalardan ajralib turishi kerak. Bugungi yoshlar uchun ideal yo’q. Hamma yoshlar yagona idealga ega emas. Buning ham salbiy, ham ijobiy tomoni bor. Lekin idealsiz yashash ham balki qiyindir. Chunki inson baribir kimdandir o’rnak olishi kerak-da, barkamol inson birdaniga tug’ilib qololmaydi, u sekin-sekin shakillanadi”, -deydi Zilola.
So’nggi paytlar mamlakatda spotrga bo’layotgan e’tiborning ortayotgani, yoshlarning sport turlariga qiziqishi sharoitida mashhur sport ustalari ular uchun ideal qahramon sifatida gavdalanmoqda.
“Spotchiman, men Aleksandro Delpironi yaxshi ko’raman. Men shu futbolistga o’xshashni orzu qilaman, chunki uning texnikasi, o’yin su’rati judayam zo’r. Uyinlarda shu futbolistning texnikalarini ishga solishga, unga o’xshashga harakat qilyapman”, -deb aytadi o’smir yoshlardan biri.
Yoshlar orasida kam sonli bo’lsa-da olimlaru ilm ahlini o’z orzularidagi qahramon deb ko’rsatayotganlar ham topiladi: “Leanardo Davinchi hayotiday umr kechirishni, olim bo’lishni shunaqa, kattaroq, buyuk odam bo’lishni orzu qilaman. Chunki Leanardo da Vinchining o’z yurti uchun foydasi juda katta bo’lgan. Masalan, men ham shunaqa odam bo’lib qolsam, yurtim uchun foydam juda katta tegadi. Men ham unday har tomonlana buyuk bo’lishni xohlayman”.
Ayrim yoshlar boylikka, puldorlarga bo’lgan havaslarini ham yashirishmaydi. Ularga ko’ra, puldorlar kabi yashashga harakat qilishlari ularni farovon yashashga bo’lgan ishtiyoqu harakatlarini oshiradi: “Millioner bo’lishni xohlayman. Millonerlarga havas qilaman. Kelajakda boy bo’lishni xohlayman”.
Ba’zi mutaxassislarga ko’ra, bugun ideal tushunchasi o’z romantikasini, xayolparastligini yo’qotib, hisob-kitobga, moddiylikka asoslangan voqelikka aylanib borayotganini tabiiy jarayon sifatida qabul qilish lozim.