O’zbekistonda 1998 yildan beri diniy ekstremizm, terrorizm va O’zbekiston Islomiy Harakatiga aloqadorlikda ayblanib, qidirilayotgan imom Obidxon Qori Nazarovga Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqin degan maqom berilgan, va u olti yildan beri yashab kelayotgan Qozog’istondan Shvetsiyaga ko’chirilgan.
Toshkentda imomlik qilgan Obidxon qorining o’tgan yillar ichida qayerda ekani noma’lum edi. AQShning Associated Press axborot agentligiga bergan intervyusida, qori qamoqqa olinishdan qo’rqqani uchun ham dom-daraksiz ketishga qaror qilganini aytgan.
“1998 yilning 5 martidan boshlab, ikki yil Toshkentdagi bir kvartirada yashirinib yashadim, va 2000 yilning yozida Shimkentga qochdim,” - deydi u.
47 yoshli qori O’zbekistonda unga qo’yilgan ayblovlarni rad etib keladi. Biz bilan suhbatda bo’lgan BMT Qochqinlar bo’yicha Bosh komissariati so’zlovchisi Astrid Van Genderen Stortga ko’ra, Obidxon qori faqat yaqindagina himoya izlab, BMTga murojaat qilgan.
- Bizning xulosamiz shuki ediki, u haqiqatdan ham qochqin, va 1951 yilda qabul qilingan Jeneva Qochqinlar Konvensiyasiga muvofiq, himoyaga muhtoj, - deydi Stort xonim.
Uning aytishicha, qochqin maqomini olish uchun nomzod BMT Qochqinlar bo’yicha Bosh komissariyati ekspertlari o’tkazadigan bir qator suhbat va tekshiruvlardan o’tadi.
Tekshiruv va suhbatlar jarayonida, BMT komissariati O’zbekistonda Obidxon qoriga qo’yilayotgan ayblovlarni hisobga oldimi, deb so’radik tashkilot vakilidan.
- Biz sud emasmiz; birovning aybdor yoki aybsiz ekanini biz belgilamaymiz. BMT Qochqinlar komissariati keng-ko’lamli suhbatlar, kishining da’volari va o’tmishi, mamlakatini tark etishi sabablarini tekshirish orqali nomzodga maqom beradi. Buni albatta huquqshunos ekspertlarimiz belgilaydi. Obidxon qoriga qo’yilayotgan ayblovlar bilan ishimiz yoq. Bizning vazifamiz – unga qochqin maqomi berilishi uchun Qochqinlar Konvensiyasi talablariga javob berishi yoki bermasligini aniqlash.
BMT vakilining aytishicha, hozir Shvetsiyada Obidxon qoriga boshpana berilib, kerakli yordam ko’rsatilmoqda. “Uning aniq qayerdaligi menga no’malum,” - deydi qochqinlar tashkiloti vakili.
Mavzuni Toshkentdan muxbirimiz Malik Mansur davom ettiradi:
Toshkentdagi “To`xtaboy” machitida imomlik qilgan Obidxon qori, kuzatuvchilarga ko`ra, o`zbekistonlik musulmonlarning e`tiqod erkinliklari buzilayotganligini tanqid ostiga olgan ilk diniy ulamolardan biri bo`lgan. Bundan tashqari, Obidxon qorining islom dinini chuqur bilgan va o`z ma`ruzalari bilan minglab musulmonlarni jalb etgan ulamo ekanligi ta`kidlanadi.
O`zbekiston Inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yo`qubov berayotgan ma`lumotga ko`ra, Obidxon qori 1998 yilda chaqiruv bo`yicha tergovga ketayotib bedarak yo`qolgan.
Tolib Yoqubovga ko`ra, Obidxon qori va uning shogirdlariga bosim o`tkazilishiga quyidagilar sabab bo`lgan:
- Men u kishining amru-ma`ruflarini juda diqqat bilan eshitganman va o`zimcha tahlil qilganman. Qani u kishining ma`ruzalarida hukumatga, davlatga qarshi biron fikr aytilarkanmi, deb sinchkovlik bilan o`rganganman, lekin bu narsani uchratmaganman, - deydi Yoqubov.
- Obidxon qorining juma namozlarida nafaqat machitning hovlisida, odamlar ko`chaga ham chiqib ketishardi. Shunchalik odamlarning qiziqishi katta edi, chunki 70 yillik kommunistik e`tiqod parchalangach, odamlarda boshqa bir e`tiqodni shakllantirishga ehtiyoj bor edi. O`sha paytda bu islom edi. Bu hukumatni qo`rqitib qo`ydi, chunki 1994 yilgi parlament saylovlarida dindorlar birinchi marta kommunistlarni hokimyatdan chetlashtirishi mumkin bo`lgan kuch bo`lib qoldi. Shundan qo`rqqan hukumat eng yaxshi ulamolarni jamiyatdan uzoqlashtirishga, qamashga harakat qildi, - deydi Tolib Yoqubov.
Mazkur holat yuzasidan hozircha O`zbekiston rasmiy doiralari tomonidan biron munosabat bildirilgani ma`lum emas.