Breaking News

Markaziy Osiyodagi avtoritar rejimlar haqida yangi kitob bitildi


Markaziy Osiyo: Avtoritarizm Tomon... Vashingtonda yaqinda tadqim etilgan yangi kitob shunday nomlanadi. Markaziy Osiyoning yangi tarixi bitilgan bu kitob fransiyalik ikki olim tomonidan yozilgan bo’lib, shu kunlarda fransuz tilida rasta yuzini ko’rdi.

Mualliflardan biri, Parijdagi Sharqiy Tillar va Madaniyatlar instituti tadqiqotchisi Sebastyan Peyruz (Sebastien Payrouse) nazarida Markaziy Osyiodagi deyarli barcha prezidentlar mamlakat konstitutsiyalarini o’zgartirish uchun referendumlarni suistemol qilib, muddatlarini cho’zdirib oldilar.

“Mintaqada 1991 yildan beri o’tkazilib kelinayotgan saylovlarning ko’pi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan muntazam ravishda tanqid qilib kelinadi. Tashkilot hatto O’zbekistondagi ko’pgina saylovlarni kuzatishdan ham bosh tortgan”, - deydi Peyruz. Olimga ko’ra, mintaqa davlatlari rahbarlari, xususan Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat neft va gaz boyliklaridan shaxsiy boylik orttirib, xorijiy sarmoyadorlardan o’zlariga foiz talab qiladilar.

“Mintaqadagi siyosiy hokimiyatlar avtoritarizm tomon qadam tashlayotganiga asosiy sabab qilib, diniy ektremizm tahdidini ko’rsatadi”,-deya ta’kidlaydi olim.

Markaziy Osiyo xalqlarining dunyoviyligi ularga diniy ekstremizmni bahona qilib, xalqaro hamjamiyat ishonchidan foydalanish imkonini berdi. Ayniqsa O’zbekistonda, deydi tadqiqotchi, har qanday muxolifat, hatto dunyoviy muxolifat diniy fundamentalizmda ayblanib, yo’q qilindi.

Fransuz olimi Qirg’izistondagi lolaqizg’aldoq inqilobi va Andijon voqealarini mintaqaning 2005 yildagi ikki eng muhim voqeasi, deb hisoblaydi.

Peyruz nazarida prezident Akayevni hokimiyatdan ag’dargan namoyishlarga asosiy sabab parlament saylovlarida yo’l qo’yilgan qonunbuzarliklar, xalqning prezident oilasi doiralaridagi nepotizmdan noroziligi, klanlar orasida raqobat va demokratiya tashviqotchilarining faoliyati bo'lgan.

“O’zbekiston hukumati Andjon voqealarini islomiy davlat to’ntarilishi etib ta’riflagach, bu prezident Karimovga siyosiy muxolifatni va harakatlarni yanada kuchliroq tazyiq ostiga olish imkoniyatini berdi”, - dedi janob Peyruz.

Fransuz olimlariga ko’ra, bu voqealar mintaqa davlatlarida nodavlat tashkilotlariga qarshi kuchli kampaniyaga, Xonobod aviabazasidan AQSh qo’shinlarining chiqarilishiga, Rossiya va Xitoy bilan aloqalarning mustahkamlanishiga va Shanxai Hamkorlik tashkilotining kuchayishiga olib keldi.

Kitobning ikkinchi muallifi, Rossiya, Kavkaz va Sharqiy Yevropani o’rganish bo’yicha Parij markazi olimasi Marlen Laruelning (Marlene Laruelle) fikricha esa Markaziy Osiyoda avtoritarizm rivojini to’xtatuvchi omil bu - yangicha fikrli yosh avlodning siyosiy sahnaga chiqishi bo’ladi.

“Masalan, Qirg’iziston va Qozog’istonlik ko’plab yoshlar chet-elda, jumladan Rossiyada bilim olganlar. O’rta sinfning paydo bo’lishi siyosiy o’zgarishlarga olib kelsa ajabmas”, - deydi Laruel xonim.

“Markaziy Osiyo: Avtoritarizm Tomon” kitobi endilikda ingliz tiliga tarjima qilinmoqda. Uning o’zbek yoki rus tiliga tarjima qilinishi haqida gap yo’q.

XS
SM
MD
LG