Ba’zi mutaxassislarga ko’ra, O’zbekiston hukumatining chet-el tashkilotlariga qarshi tazyiqi negizida hukumat ta’biri bilan aytganda “tashqi aralashuv” yotibdi. O’zbekiston xalqaro nodavlat va boshqa turdagi tashkilotlarni mamlakatdan chiqib ketishga majbur qila boshlagach, xalqaro hamjamiyat tanqidiga uchray boshlagan.
Yopilgan tashkilotlar qatoriga Fridom Xaus (Freedom House), AYREKS (IREX), Internyus(Internews), Bi-Bi-Si (BBC), Ozodlik Radiosi va boshqalar kiradi.
O’zbekistonning AQShdagi elchisi Abdulaziz Komilovdan bu haqda so’ralganda, u shunday javob berdi.
"Har qanday nodavlat tashkilot bilan hamkorlikni to’xtatish achinarli holdir, biroq har safar shunday bo’lganda, har safar ularning faoliyati to’xtatilganda, ularga sabablar aniq qilib tushuntiriladi," -dedi O'zbekiston elchisi.
Yevrosiyo Jamg’armasi (Eurasia Foundation) O’zbekistondagi 12 yillik faoliyatidan so’ng sudga tortildi. Sudning tashkilot idorasini yopish haqidagi qarorini kutmasdan, jamg’arma mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. Yevrosiyo Jamg’armasi prezidenti Bill Meynsning (Bill Maynes) aytishicha, tashkilotga qarshi qo’yilgan ayblovlar aniq va shu bilan birga mujmal bo’lgan.
"Sabablar qandayligini bilamiz," -deydi janob Meyns. "Biroq bu haqiqiy sabablar emas. Masalan, bizga 10 yil ilgari ramzimizni qayd etmaganimiz haqida ayblov qo’yildi. Bundan tashqari notarius orqali hujjatlarni tartibga sola olmagan odam bilan ijara shartnomasini tuzish aybi qo’yildi. Belgilangan maqsadlarimizdan tashqariga chiqqanimiz haqidagi ayblov qo’yildi, biroq aynan qanday noqonuniy faoliyat ko’rsatganimiz haqida hech narsa deyilmadi."
Janob Meynsning aytishicha, uning tashkiloti shunchaki AQSh-O’zbekiston aloqalarinining yomonlashishi qurboni bo’lgan xolos.
Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti (Johns Hopkins University) professori Frederik Starrning (Frederick Starr) aytishicha, tashqi aralashuv masalasi O’zbekistonda haqiqatdan ham jiddiy qabul qilinmoqda. Uning fikricha, Markaziy Osiyo hukumatlari nodavlat tashkilotlar o’z davlatlari hukumatlari nomidan ish yuritmoqda deb o’ylaydilar.
"Tashkilotlarning haqiqatdan ham nodavlat ekaniga ishonishmaydi. Chunki bu tashkilotlar pulni ko’p hollarda AQSh Kongressi yoki Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalanadigan dasturlar orqali oladilar," -deya ta'kidlaydi Frederik Starr. "Shuning uchun ham Markaziy Osiyo hukumatlari xalqaro tashkilotlarga o’z mamlakatlari hukumatlarining agentlari sifatida qarashadi."
Yevropa Jamg’armasi prezidenti Bill Meynsning aytishicha, uning tashkiloti O’zbekiston hukumati amalga oshirmayotgan muhim loyihalar ustida ishlagan.
"Biz ba’zi rasmiylarga mahalliy tashkilotlarga ajratgan grantlarimiz ro’yxatini ko’rsatganmizda, ular biz bilan bo’lgan shaxsiy muloqotda ularning yaxshi grantlar ekanini tan olishgan. Biz talabalarning ish topishga yordam beradigan, nogironlar jamiyatlarini qo’llab-quvvatlashga va ularning ham ish topishiga imkoniyat yaratishga qaratilgan grantlar ajratganmiz."
Janob Meynsga ko’ra, hukumat faqatgina o’ziga kerakli xalqaro tashkilotlarnigina qoldirmoqda.