Breaking News

Human Rights Watchning Toshkentdagi idorasi tekshiriladi


O`zbekiston Adliya vazirligi AQShda asoslangan Human Rights Watch xalqaro inson huquqlarini himoyalash tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi faoliyatini tekshirish talabini qo’ygan.

Human Rights Watch tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andrea Bergga ko`ra, 30 mart kuni ertalab vakolatxonaga Adliya boshqarmasidan qo`ng`iroq bo`lgan:

“Bizdan Adliya boshqarmasiga kelishimizni so`rashdi. U yerda bizga 14 ta savol yozilgan xatni topshirishdi. Kelasi seshanba kuni esa vakolatxona faoliyati monitoring qilinishi haqida ma`lum qilishdi,” - deydi Andrea Berg.

Adliya boshqarmasi tomonidan vakolatxonaga topshirilgan xatda vakolatxona faoliyatiga oid turli texnik savollardan tortib, tashkilotining qanday loyihalar o`tkazayotgani, kimlar bilan hamkorlik qilayotgani, qanday siyosiy tashkilotlarni moliyalashtirayotgani haqida savollar berilgan.

Andrea Bergning aytishicha, vakolatxona O`zbekistonda hech qanday loyihalar ustida ishlamaydi, balki asosan inson huquqlarini o`rganish bilan shug`ullanadi va sud jarayonlarini kuzatadi. Berg xonim hozirda betobligi sabab, Adliya boshqarmasi tomonidan o`tkazilishi lozim bo`lgan monitoring muhlatini biroz cho`zishni so`ragan, biroq bu qanchalik inobatga olinishi aniq emas.

Vakolatxona rahbari so`nggi paytlarda bir qator xalqaro nodavlat tashkilotlar ustidan o`tkazilgan monitoring tekshiruvlarini nazarga olib, o`z xavotirlarini ham bildirib o`tadi:

“Biz bilamiz, nazarda tutilayotgan monitoring Fridom Haus (Freedom House), Yevroosiyo jamg’armasi (Eurasia Foundation) va boshqa shu kabi tashkilotlar ustidan o`tkazilgan. Bu boshlanishi edi. Monitoringdan keyin qonun buzilgani haqida xat, va buni tuzatish uchun 30 kun muhlat berilgan edi. Keyin esa sud jarayonlari boshlanib, bu tashkilotlar yopilgan edi. Biz hozir tekshiruvga hujjatlarimizni tayyorlayapmiz, keyin vaziyat qanday bo`lishini ko`ramiz,” - deydi tashkilot vakili.

Ta`kidlab o`tamiz, Human Rights Watch tashkiloti O`zbekistonda inson huquqlari bo`yicha faoliyat yuritayotgan so`nggi xalqaro nodavlat tashkilotdir. Bundan avval inson huquqlari bilan shug`ullanuvchi Fridom Haus tashkiloti sud qarori bilan yopilgan edi.

Human Rights Watch asosan O`zbekistonda bo`lib o`tayotgan sud jarayonlarida inson huquqlari ta`minotiga qanchalik amal qilinayotganini kuzatuvchi tashkilot sifatida ma`lum. Shuningdek, mazkur tashkilot Andijon voqelari chog`ida hukumat tomonidan inson huquqlari qo`pol buzilgani, tinch aholi o`qqa tutilgani haqida jamoatchilikka ma`lumot bergan edi.

XS
SM
MD
LG