Breaking News

Qirg'iziston: Nodavlat tashkilotlarni cheklash taklifi tanqid ostida


Boshqa sobiq Sovet davlatlaridan farqli o’laroq, Qirg’izistonda hukumatning nodavlat tashkilotlar faoliyatini cheklashga urinishi, fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan keskin qarshilikka uchramoqda. Fuqarolik jamiyati vakillarining faolligiga sabab esa, o’tgan yillar davomida Qirg’izistonda so’z erkinligi, demokratiya va inson huquqlari kabi qadriyatlarning poydevori ozmi-ko’pmi mustahkamlangani bilan izohlanadi.

Ombudsmen Tursunboy Bakir o’g’lining chet-el hukumatlari, siyosiy partiyalari va fuqarolari tomonidan moliyalashtirilayotgan xalqaro nodavlat tashkilotlar faoliyatini cheklash bo’yicha taklifi aynan nodavlat tashkilotlar vakillari tomonidan tanqidga uchradi.

Qirg’iziston Talabalar Ittifoqining yetakchisi Elnura O’smo’nalievaning aytishicha, mamlakat ombudsmenining nodavlat tashkilotlari faoliyati siyosiy maqsadlarni ko’zlab, mamlakat konstitutsiyasi va davlat xavfsizligiga rahna solishi mumkinligi to’g’risidagi murojaati safsatadir.

“Aslida Qirg’iziston, afsuski, fuqaroviy jamiyat hisobiga yashayapti, chunki davlat aholiga ijtimoiy xizmat ko’rsatishga ojiz. Bu vazifani donorlar mablag’i evaziga ayni nodavlat tashkilotlari bajaryapti. Agar bu tashkilotlar, ishlashga tayyor xodimlar bo’lmaganda, mamlakatda sog’liqni saqlash, maorif, demokratiya sohasida vaziyat hozirgidan ancha yomonroq bo’lardi”, – deydi Elnura O’smo’nalieva.

“Qirg’iziston ayollari” partiyasi vakilasi Oynuri Oltiboyeva Ombudsmen Tursunboy Bakir o’g’lining siyosiy faoliyat bilan shug’ullanayotgan nodavlat tashkilotlari to’g’risidagi fikriga e’tiroz bildiradi:

“Men ko’plab nodavlat tashkilotlarini bilaman. Ular grant oladilar. Ammo bu tashkilotlar siyosat bilan shug’ullanmaydilar. Bizda siyosat bilan shug’ullanadigan nodavlat tashkilotlar bormi? Grantlar biror bir maqsadni ko’zlab, loyihani amalga oshirish uchun olinadi. Buning hech qanaqa siyosatga aloqasi yo’q”.

Qirg’iziston konstitutsiyasiga ko’ra, tuzumga xavf solishi mumkin bo’lgan tashkilotlar, xorijiy siyosiy partiyalar yoki diniy guruhlar faoliyati ta’qiqlangan. Adliya vazirligi shu sababli ombudsmenning takliflarini inobatga olmadi.

O’shlik huquq himoyachisi Solijon Moitovning aytishicha, nodavlat tashkilotlari nizomida maqsad va vazifalar aniq qilib belgilanadi va shundan kelib chiqib, tashkilot ro’yxatdan o’tkaziladi.

“Siyosiy partiyalar - bu boshqa masala. Lekin jamoatchilik jamg’armalari, uyushmalar kabi nodavlat tashkilotlari qonun bo’yicha siyosat bilan emas, boshqa masalalar bilan shug’ullanmoqdalar. Xuddi davlat o’z iqtisodiyoti, taraqqiyoti uchun kredit olgani kabi, nodavlat tashkilotlari ham rivojlanish uchun boshqa manbalardan mablag’ oladi. Davlat bera olmaydi”, – deydi huquq himoyachisi Solijon Moitov.

Ombudsmenning Qirg’izistonga xorijdan kirib kelayotgan turli diniy tashkilotlar faoliyatini cheklash taklifi qanchalik mantiqli? Qirg’iziston Talabalar Ittifoqining yetakchisi Elnura O’smo’nalievaga ko’ra, diniy tashkilotlar faoliyati, ular qaysi manbadan mablag’ olayotganlaridan qat’iy nazar, qonun bo’yicha tartibga solinishi kerak.

“Nimaiki qonun bo’yicha ta’qiqlanmagan ekan, demak, bu qonuniy faoliyatdir. Ta’qiqlanmagan faoliyat esa, huquq-tartibot idoralari tomonidan ta’qib qilinmasligi kerak”, – deydi Elnura O’smo’nalieva.

XS
SM
MD
LG