Parranda grippi degan balo dunyo bo’ylab asta-sekin qanot yozar ekan, yaqinda Ozarbayjonda virusdan besh kishi vafot etdi.
Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotiga ko’ra, yovvoyi qushlardan yuqishni boshlagan bu xavfli kasallik endilikda parrandalardan odamlarga yuqmoqda.
Eng xavflisi, deya bildiradi tashkilot, virusning odamdan-odamga yuqa boshlashi.
AQSh hukumatining barcha qatlamlari, xususiy bizneslar, maktablar, qolaversa har bir shaxsga ehtimoliy pandemiyaga tayyor turishni maslahat bermoqda.
AQSh Kongressi bu yili amerikaliklarni parranda grippidan asrash uchun 3.3 milliard dollar ajratdi. Pulning yarmi vaksinalar uchun, jumladan grippning V’etnamda chiqqan turiga qarshi kurashda ishlatiladi.
AQSh Sog’liqni saqlash vaziri Maykl Levitt shunday deydi:
"Dunyoda hech kim pandemiya boshlanishiga to’liq tayyor emas. Hozirda tayyorlik darajamiz ilgaridan yaxshiroq. Yaqin orada hozirligimizni yanada oshiramiz..."
Yaqinda vazir parranda grippiga qarshi ikkinchi vaksina ustida ish boshlashni so’radi. Vanderbilt tibbiyot bilimgohidan doktor Villiam Shafnerga ko’ra, grippning qaysi turi tarqalganda ham, keng miqyosli choralar ko’rish kerak bo’ladi.
"Odamlardan uyda qolishni so’raymiz. Konsertlar bekor qilinadi. Ba’zi hududlarda maktablarni yopamiz",-deydi doktor Shafner.
Ba’zi maktab o’qituvchilari internet orqali dars berishni rejalamoqda.
"Maktablar ikki haftagami, ikki oygami yopilgan taqdirda, muallimlardan maxsus jadval tuzish so’ralgan",-deydi muallima Paula Karreyro.
Ayrim amerikaliklar Tamiflu kabi virusga qarshi dorilarni g’amlamoqda. Ammo Sog’liqni saqlash institutidan doktor Entoni Fauchiga ko’ra, bu dorining ish berishiga kafolat yo’q. "Pandemiya sharoitida bu dorining qanchalik foyda berishini baholash qiyin."
Yana bir usul - burun va og’izni himoyalovchi niqob sotib olishdir. "Ular ma’lum bir darajada foyda beradi, albatta. Zararli tomonlari ham yo’q",-deydi doktor Shafner.
Ammo AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi, hamda onalar eslatib turadigan eng yaxshi maslahat bu – qo’llarni tez-tez yuvib turish.