Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida tuzilgan, markaziy shtabi Toshkentda joylashgan Mintaqaviy aksliterror tuzilma terror tashkilotlarining yangi ro`yxatini e`lon qildi. Unda 23 faol terror guruhi, jumladan O`zbekiston Islomiy Harakati keltiriladi.
Mintaqaviy aksilterror tuzilmaga ko'ra O`zbekiston Islomiy Harakati, Hizb-ut-Tahrir, Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati kabi tashkilotlar mintaqada bevosita faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, ro`yxatdan Al-Qoida va Tolibon singari harakatlar, asosan Rossiya hududida faoliyat yuritayotgani aytilayotgan Ichkeriya va Dog'iston Xalqlari Kongressi kabi terrorchi ekanligi urg`ulanayotgan boshqa tashkilotlar bor.
Mintaqaviy aksilterror tuzilma direktori Vyacheslav Qosimovning ta`kidlashicha, bu yagona ro`yxat emas. Terrorchilikka qarshi kurash uchun yaxlit bir ro`yxat tuzilishi kerak, deydi u.
Mazkur ro`yxatda Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati faqat Xitoyda, Qozog`istonda va O`zbekistonda terrorchi guruh sifatida qayd etilgani va biror tashkilotning terrorchi guruh sifatida e`lon qilinishi uchun sud qarori muhimligi aytiladi.
Vyacheslav Qosimovga ko`ra, Hizb-ut-Tahrir diniy guruhi ham barcha a`zo davlatlar tomonidan ta`qiqlangan, ammo unga turli davlatlar turlicha munosabatda.
Mintaqaviy aksilterror tuzilma berayotgan ma`lumotlarga ko`ra, o`tgan yili a`zo davlatlarda 200-260 ga yaqin terrochilik harakatlarining oldi olingan.
Mahalliy kuzatuvchilar aksilterror tuzilma faoliyati inson huquqlari, diniy e`tiqod borasidagi vaziyatga salbiy ta`sir o`tkazayotganini ta'kidlaydilar. Jumladan, o`zbekistonlik qochqinlarni mamlakatga qaytarilishi xalqaro qonunlarni va inson huquqlarini poymol qilish orqali amalga oshirilayotganligiga e’tibor qaratiladi.
Vyacheslav Qosimovga ko`ra esa, qochqin maqomiga ega ayrim o`zbekistonliklar terrorchilikda ayblanmoqda. Misol tariqasida yaqinda BMT tomonidan siyosiy boshpana taqdim etilgan Obidxon qori Nazarov keltiriladi.
Inson huquqlari faollari Obidxon qorini aholi o`rtasida hurmat qozongan, ekstremistik oqimlarga hech qanday aloqasi bo`lmagan diniy ulamolardan biri sifatida ko’radi.
Yaqinda AQSh Davlat departamenti Fag`ona vodiysida terrorchi guruhlarning faoliyati kuchayishi mumkinligi haqida ma`lumot berib, AQSh fuqarolari terrorchilarga nishon bo`lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Vyacheslav Qosimov bu ma’lumotga munosabat bildirib, bunday xavf yo`q, deydi.
- Agar ular tegishli joylarda yurishsa, bunaqa narsalar bo`lmaydi. Chora tadbirlar ko`rilyapti. Ular o`zlari uchun javob berishlari mumkin, lekin O`zbekiston hududida Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik ishlarini olib borayapmiz, bunday xavf bo`lmaydi, - deya ta`kidlaydi Qosimov.