Tojikiston hukumati va Rossiyaning yirik alyuminiy ishlab chiqaruvchi “Rusal” kompaniyasi, o’zaro kelishmovchilikka barham berish uchun Jahon Banki mutaxassislariga murojaat qilmoqdalar.
Kelishmovchilik Tojikistonda qurilishi kutilayotgan gidro elektr stantsiyasi ustida chiqqan. “Rusal” kompaniyasi gidro elektr quvvatini ishlab chiqarish loyihasiga 1 milliard dollarga yaqin pul ajratishga rozi bo’lgan. Loyihaga ko’ra, Vahsh daryosi bo’yida balandligi 280 metr bo’lgan suv to’g’oni qurilib, yangi texnologiya bilan ta’minlanishi lozim. Biroq, rasmiy Dushanbe Sovet davridagi rejaga binoan mazkur to’g’onni 335 metrda qurishni talab qilmoqda.
Bugunga qadar Tojikiston rasmiylari bu talabni izohlab bermaganlar. Ammo mutaxassislar fikricha, to’g’on qancha baland bo’lsa, shuncha ko’p elektr quvvati ishlab chiqarish mumkin bo’ladi.
Jahon Banki tomonidan yo’llanadigan muhandislik kompaniyasi shu yilning 15 iyuniga qadar kelishmovchilik sabablarini o’rganib, o’z xulosasini bildiradi.