Qirg'iziston sobiq prezidentining qizi Bermet Akayeva mamlakat siyosiy hayotida bevosita ishtirok etishda davom etishini bildirmoqda. O'tgan yilning mart oyidagi xalq qo’zg’olonidan oldin Qirg'iziston parlamentiga saylangan Akayevaning keyinchalik deputatlik mandati bekor qilingan edi.
Bermet Akayeva inqilob haqida yozgan “Yovuzlik gullari” nomli kitobining taqdimot marosimida, men nima bo’lmasin respublika siyosiy hayotida ishtirok etishda davom etaman, deya ta’kidladi.
1200 nusxada nashrdan chiqqan kitobda, 2005 yilning 24 mart kuni sodir bo’lgan davlat to’ntarishining sabablari va natijalari bayon etilgan.
Otasi Askar Akayev davrida, Bermet Akayeva “Olg’a Qirg'iziston” partiyasining rahbari bo’lib, hukumat siyosatini quvvatlar edi. Ria Novosti axborot agentligining xabar qilishicha, uning akasi Aydar Akayev hamon Qirg'iziston parlamenti a’zosi, biroq parlament ish boshlaganidan beri yi’g’ilishlarda ishtirok etmagan.