Breaking News

Qonli urush va g'alaba xotirlanmoqda, faxriylar esa nochor ahvolda


Ko’plab xalqlar boshiga mislsiz falokatlar keltirgan fashizm ustidan qozonilgan g’alaba kuni dunyoning ko’plab mamlakatlarida nishonlanadi.

O’zbekistonda esa 9 may Xotira va qadrlash kuni deb belgilangan. Ba’zi o’zbekistonliklar fikricha, bu kun o’zbek xalqining ham fashizm ustidan qozongan g’alabasi sifatida tantana bilan nishonlanishi lozim.

Kimlardir haligacha urushda bedarak ketgan yaqinlarini kutayotir. Ayrim sobiq jangchilar esa ayni paytda havas qilmaydigan darajada hayot kechirmoqdalar.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining ma’lumotiga ko’ra, o’zbekistonliklarning 30 mingdan ziyodi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, ularning 24 mingdan ko’prog’i esa urush nogironi hisoblanadi.

Urushda o’zbek o’g’lonlari umumiy vatanni himoya qilish hamda o’z zaminlariga fashizm g’oyalari yetib kelmasligi uchun kurashgan. Ularning ko’pchiligi jangda qurbon bo’lishgan. Ko’plarining esa tirik va yoda halok bo’lgani haligacha noma’lum.

O’zbekistonda hatto shu kunlarda ham frontga ketgan yaqinlarini kutayotganlar borligini aytadi mana bu kishi:

“Bizning qo’shnimiz, mana sakson beshga kirgan bo’lsalar, hali ham eshigi “tiq” etib qolsa, kelib qolarmikan To’ychi amaking, deb o’tirishadi. O’zimning amakim ham 1942 yilda urushda halok bo’lgan. Qayerda halok bo’lganlari noma’lum, faqatgina “qora xat” kelgan bo’lsa, opoqim, amakimning xotinlari poylab o’tirib, marsiyalar yozib o’tirardilar.

“Sandiq ustida kalit, ocholmagan Ziyovoy, nemis o’qi kelganda qocholmagan Ziyovoy”, deb ko’zlaridan shashqator yosh oqib o’lib ketdilar. Buvimizning ikki o’g’li – bizga tog’a bo’ladigan bo’lsa, ularning qabrlari hozirgi paytda Leningrad (hozirgi Sank-Peterburg)ning Pskarev qabristonida qolgan. Endi bunaqa misollarni O’zbekistonning har bir burchagiga borsangiz ham, juda ko’p topish mumkin”,- deydi ismini bildirishni istamagan toshkentlik kishi.

Ikkinchi Jahon urushi frontlarida o’zbek jurnalistlari, yozuvchiyu shoirlari ham bir qo’lda qurolu bir qo’lda qalam bilan jang qilishgan. Adabiyotshunos olim Mahkam Mahmudovga ko’ra, so’nggi paytlarda ba’zi ziyolilar tomonidan Ikkinchi jahon urushi mavzuida yozilgan asarlarni inkor qilish kayfiyati paydo bo’lgan.

“O’zbek jurnalistlari, yozuvchi-shoirlarini, afsuski, ko’plari Vataniga qaytib kelmasdan, olis yurtlarda qabrlari qolib ketdi. Lekin eson-omon qaytib kelganlari bu haqda adabiyotimizni yangi-yangi asarlar bilan boyitishdi. Bu asarlarda xalqimizning butun bir katta tarixiy davrdagi hayoti, qismati, taqdiri aks etgan. Lekin hozirgi vaqtlarda ayrim yosh shoirlarimiz, olimlarimiz, munaqqidlarimiz Ikkinchi Jahon urushida xalqimizning farzandlari sho’ro tuzumida, sho’rolar majburiyati ostida kurashgan, degan bahona bilan bu davrda yaratilgan badiiy asarlarni, buyuk yozuvchilarimizning asarlarini endi keragi yo’q degan fikrga ham kelishayapti. Ularni o’rganishning ham keragi yo’q deb o’ylashayapti. Lekin shaxsan men bu fikrga qo’shilmayman. Chunki ana shu og’ir urush yillari xalqimiz juda ko’p jabru-jafolar chekdi”, - deb aytdi adabiyotshunos olim Mahkam Mahmudov.

88 yoshli tankchi mayor Pavel Bernopix 1943 yili urushga chaqirilgan. U Voronej frontida, so’ng Birinchi Ukraina hamda Ikkinchi Belorusiya frontlarida jang qilgan. O’zbekiston hukumatining faxriylarga qilayotgan ba’zi g’amxo’rliklarini inkor etmagan holda aytish mumkinki, bugun turli millat vakillaridan iborat ayrim sobiq jangchilarning hayoti qoniqarli emas, deydi tankchi mayor.

“Menga, mana, dori-darmonlar yozib berishdi. Biroq bu dorilarni men ololmayapman. Apteka xodimlari retseptni ko’rishlari bilan, rad javobini berishadi. Buning sababi esa oddiy. Hukumat tomonidan urush qatnashchilari uchun dorilar bepul qilingan. Dorixona xodimlari esa dorilarni pullashni istashadi. Ayni paytda hamma frontchilar ham farovon yashayapti deb aytolmayman. Ular orasida qashshoqlarcha kun ko’ruvchilar ham bor. Ayrimlar nafaqa puli yetmayotgani bois, tilanchilik ham qilishayapti”, - deydi sobiq jangchi Pavel Bernopix.

O’zbekistonda 9 may Xotira va qadrlash kuni deb belgilangan. Bu kun sho’rolar davridagi kabi tantana bilan nishonlanmaydi. Ba’zilar esa, 9 may o’zbek xalqi uchun ham fashizm ustidan qozonilgan g’alaba kuni sifatida nishonlanishi lozimligini mana bunday izohlashadi:

“O’zbek xalqi uchun haqqatan G’alaba kuni deymiz, chunki erkaklar frontda qon kechib yurgan bo’lsa, ayollar, yosh bolalar front orqasida zavodlarda, paxta dalalarida, yoki bo’lmasa umuman dalalarda front uchun mehnat qilishgan. Ko’pchiligi sog’ligini yo’qotgan shu paytda,yosh bolalar zavodda og’ir mehnat qilishgan. Hatto kechasi bilan uxlamasdan 12-13 yashar bolalar shu g’alaba uchun jonini fido qilish darajasida ishlashgan. Shuning uchun men o’ylaymanki, 9-may faqatgina Rossiyada, yoki bo’lmasa tag’in boshqa davlatlarda G’alaba kuni deb nishonlash bilan birgalikda, bizning O’zbekistonda ham faqatgina xotira kuni emas, Galaba kuni deb nishonlansa, menimcha hech narsa o’zgarib qolmasdi”.

O’zbekistonlik sobiq jangchilarning 300 nafardan ziyodi fashistik konslagerlar tutqunligida bo’lishgan. Dahshatli uqubatlarni boshidan kechirgan bu keksa jangchilar u kunlarni eslashning o’zi mudhishligini aytishadi. Bir millatning boshqasi ustidan gegemonligi ko’zga tashlanar ekan, u yerda fashistik g’oyalarning urchishini kuzatish mumkin. Dunyoning ba’zi go’shalarida bosh ko’tarayotgan bunday illatga qarshi insoniyat kurashmog’I lozim, deyishadi ular.

XS
SM
MD
LG