Breaking News

G'arbning sanksiya-yu cheklovlari O'zbekistonda nimani o'zgartiradi?


Andijon fojealarining bir yilligi munosabati bilan xalqaro hamjamiyat, jumladan AQSh va Yevropa Ittifoqi O`zbekiston hukumatiga nisbatan bosimni yanada kuchaytirishi mumkinligi haqida ayon qilmoqda.

AQSh ham, Yevropa ham, 2005 yilning 12-13 mayida Andijonda nima bo’lgani ustidan mustaqil, xalqaro va xolis tergov o’tkazish lozimligini ta’kidlamoqda. Xo’sh, ehtimoliy cheklovlar va sanksiyalar O’zbekiston hukumatiga va xalq hayotiga qanday ta’sir o’tkazishi mumkin?

O`zbekiston hukumatiga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish haqida AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlarning rasmiy doiralarida fikr yuritilgan.

Birlashgan Millallatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi vakillari Andijon fojeasini mustaqil xalqaro tergov qilish zarurligini yana ta`kidlashgan.

AQSh senatorlari tomonidan tayyorlanayotgan qonun loyihasi O`zbekiston prezidenti va uning doirasi vakillarining AQShga kirishini ta`qiqlash, hisob raqamlarini muzlatib qo’yish ko`zda tutadi.

Hozirgacha O`zbekiston bilan aloqalarni nisbatan davom ettirib kelayotgan Germaniyada ham ayrim deputatlarning O`zbekiston bilan aloqalarini inson huqualari yuzasidan qayta ko`rib chiqish borasidagi e`tirozlari bildirilgan.

Rasmiy Toshkentning bu sanksiyalarga nisbatan atroflicha munosabati izohlanmaydi, biroq kuzatuvchilar O`zbekiston prezidentining aynan Andijon fojealarining bir yilligi kunida Sochida Rossiya prezidenti bilan uchrashuvini, unda tomonlarning ittifoqchilik shartnomasi haqidagi kelishuvlarni hukumat tomonidan ko`rilgan chora sifatida e`tirof etishadi.

Mustaqil siyosatshunos Farhod Tolipovga ko`ra, xalqaro hamjamiyat va rasmiy Toshkent munosabatlaridagi pozitsiyalarda hech qanday o`zgarish kuzatilmagan; bosimlar, avvalgidek, samarasiz qolmoqda.

Unga ko`ra, bu chiqishlar Andijon fojealarining bir yilligi munosabati bilan o`tgan tadbirlar sirasi sifatida qayd etilgan xolos, amalda esa o`zgarishlar yo`q.

“Bo`lib o`tgan voqealardan xulosa chiqarish vaqti yetdi. O`zbekistonning xolis manfaatlari G’arb bilan aloqalarni tiklashni talab qilayotganini tushunib yetish kerak”, - deydi siyosatshunos.

Mahalliy ekspertlardan biri Bahodir Musayevga ko`ra, AQSh tomonidan tayyorlanayotgan sanksiylar amaliyotga kirish ehtimoli yaqin. Shunday bo`lsa, bu O`zbekiston prezidenti ta’sirining zaiflashuviga olib boradi. Shuningdek, hisob raqamlarini muzlatish orqali hukumat doirasida inqiroz yuzaga kelishi mumkin.

Ayrim kuzatuvchilar nzarida Sochida O`zbekiston prezidentining Rossiya biznesiga mamlakatdagi strategik ahamiyatga ega ob’yektlarni imtiyozli ravishda taklif qilishi, rasmiy Toshkentning xalqaro bosimlardan jiddiy bezovtalana boshlaganini ko`rsatadi.

Ekspertlardan biri Toshpo`lat Y`oldishevga ko`ra, O`zbekiston hukumatini qo`llayotgan rasmiy Kreml xalqaro hamjamiyatning bu boradagi e`tirozlarini nazarda tutadi. Shuning uchun ham Rossiya O`zbekistonda bundan keyin hukumatga kim kelishi mumkinligini o`rganib ko’rmoqda va hozirgi hukumat rahbari uni boshqa qanoatlantirmaydi.

Kuzatuvchi Baxtiyor Isabekka ko`ra esa Kremlni Karimov hukumati mutlaqo qanoatlantiradi, chunki bu hukumat Rossiyaning imperiyacha siyosatiga mos keladi va unga qarshi bo`ladigan biron milliy siyosat yurg`izish xohishiga ega emas.

“Sobiq Ittifoq hududidagi har qanday milliy siyosat Rossiya imperiyasining manfaatlariga ziddir, jumladan O`zbekistonda ham ”, - deydi Isabek.

Ekspert Bahodir Musayevning fikricha rasmiy Toshkent xalqaro hamjamiyatning demokratik islohotlar o`tkazish haqidagi talablarini rad etar ekan, bu bilan yangi ijtimoiy bo`hronlar uchun zamin yaratayotganligini biladi. O`zbekistonda bunday ommaviy noroziliklarni siyosiy izga soluvchi muxolifat faoliayatining ta`qibga olinishi esa vaziyatni yanada xatarli qilishi mumkin, deydi Musayev.

XS
SM
MD
LG