O`zbekiston Adliya vazirligi yaqindan beri xalqaro tashkilotlarni missionerlik faoliyatida ayblab kelmoqda. Farg’onada AQShga qarashli CAFÉ xalqaro tashkilotining viloyat bo`limi faoliyati sud qaroriga ko`ra tugatilgan. Kuzatuvchilar bosimlarning turli insonparvarlik faoliyati asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolarga qaratilayotganini ta’kidlashmoqda.
Bir muncha avval Samarqandda nasroniylik e`tiqodidagi ikki cherkov yopilgan edi. Diniy e’tiqodni o`zgartirish targ`ibotini yurg`izganlika ayblangan AQShga qarashli xalqaro tashkilotning bir necha vakillari jarimaga tortildi, mamlakatdan chiqarib yuborildi.
O`zbekistonda insonparvarlik, madaniyat, qishloq xo`jaligi sohalarida hamkorlik qiluvchi AQShning CAFÉ xalqaro tashkilotining Farg'onadagi bo`limi faoliyati ham shunday ayblar bilan tugatilgan.
Adliya boshqarmasi bunga mahalliy aholining xalqaro tashkilot vakillari diniy e’tiqodni o`zgartirishni targ`ib qilishayotgani haqidagi shikoyat xatlari sabab bo`lganini ta`kidlaydi.
Kuzatuvchilar esa buni Andijon voqealaridan keyin AQShga qarshi ketayotgan kampaniya bilan izohlashadi. Farg`onalik kuzatuvchi Abdusalom Ergashevga ko`ra, Andijon fojeasini mustaqil tergov qilish talabini qo`ygan AQSh tashkilotlariga nisbatan hujum davom etmoqda.
Unga ko`ra, odatda hukumat qonunga yoki Konstitutsiyaga zid ish qilmoqchi bo`lsa, go`yoki xalqdan kelgan shikoyatlarga, xatlarga asoslanadi.
“Bundan bir necha yillar avval millatimizning buyuk farzandlaridan biri Boymirza Hayit vataniga kelganida ham, ulug` vatan urushi qatnashchilari nomidan xat uyushtirilib, uni vatandan chiqib ketishini sorashgan edi, hozir ham shunday bo`layapti”, - deydi u.
Ismini oshkor etmaslikni so`ragan samarqandlik kuzatuvchiga ko`ra, missionerlik faoliyati bilan bog`liq jarayonlarning boshlanishi aslida, insonparvarlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi xorijlik fuqarolarni mamlakatdan chiqarish uchun asos yaratishga qaratilmoqda.
Unga ko`ra, insonparvarlik sohasida faoliyat ko`rsatayotgan xorijlik mutaxassislarning ko`pchiligi ingliz tilidan dars beradi; ular O`zbekistonda bir necha yillardan buyon ishlaydi. Hukumat, diniy e`tiqod o`zgartirilishidan emas, xorijliklar bilan muloqotga borayotgan yoshlarning xorij haqidagi tasavvurlari faollashuvidan hadikda, deydi u.
Farg`onalik kuzatuvchi Abdusalom Ergashev xalqaro tashkilot xodimlarini bilishini, ularning faoliyati ko`proq ta`lim sohasiga qaratilganini urg`ulaydi.
AQSh tomonidan diniy e`tiqodlar bo’yicha chop etilgan hisobotda, O`zbekiston e`tiqod erkinligi keskin cheklanayotgan davlatlar qatoridan o`rin oladi.
Mamlakatda ekstremizm tahdidi bahonasida yuzlab musulmonlar qamoqqa tashlangani, islom da’vati bilan shu`gullanuvchi ulamolarning keskin ta`qib ostiga olinayotgani ta`kidlanadi. Keyingi paytlarda esa bunday diniy ta`qib boshqa dinlar, jumladan nasroniylikning turli ko`rinishlarini ham nishonga olgan.
Farg`onalik kuzatuvchi Abdusalom Ergashevga ko`ra, O`zbekistonda diniy e`tiqodning keskin cheklanayotganligi, hukumatning asosan e`tiqod erkinligini sig`dira olmasligi - bundan o`zining siyosiy maqsadlarida foydalanayotganligi bilan bo`gliq.
Misol tariqasida Andijon fojeasi, tinch aholi namoyishining islom ekstremizmi va terrorchiligi sifatida talqin etilishi keltirib o`tiladi.