Breaking News

O'zbekistonda Kaunterpart xodimlari ustidan jinoiy ish ochildi


O`zbekiston prokuraturasining ma’lum qilishicha, AQShning Kaunterpart Interneshnel (Counterpart International) nodavlat tashkiloti vakolatxonasining rahbarlariga nisbatan lisenziyasiz faoliyat yuritish aybi bilan, jinoiy ish qo’zg’atilgan.

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan qo`zg`atilgan jinoiy ish lisenziyaga ega bo`lmasdan turib, noshirlik faoliyati bilan shug`ullanishga tegishli. Kaunterpart tashkiloti vakolatxonasining faoliyati avvalroq Toshkent shahar fuqarolik sudining qarori bilan to`xtatilgan edi.

Prokuratura tomonidan berilgan ma`lumotlarga ko`ra, hozirda tashkilot o`z faoliyatini tugatish bo`yicha ixtiyoriy ravishda ish olib bormoqda.

Kaunterpartning Toshkentdagi vakolatxonasi vakillari bu borada biror izoh berishmadi.

O`zbekistondagi nodavlat tashkilot vakillari mazkur xalqaro tashkilotning faoliyatiga, jumladan uning O`zbekistonda nodavlat tashkilotlarning davlat idoralari bilan faoliyatlarini muvofiqlashtirish borasidagi harakatlariga muhum o`rin berishadi.

O`zbekiston Tadbirkor Ayollar Uyushmasining raisi Dildor Alimbekovaga ko`ra, aynan shu tashkilot tashabbusi bilan, nodavlat tashkilotlar va davlat idoralari ijtimoiy hayotdagi bir qator muammolar yechimi bo`yicha hukumat qarorini qabul qilinishiga muvaffaq bo`lishgan.

Kuzatuvchilar xalqaro tashkilotlarga bo`layotgan bosimlarni, jumladan Adliya boshqarmasi tomonidan nizomdan tashqaridagi faoliyat sifatida ko`rsatilayotgan aybnomalarni G`arb bilan aloqalarning sovuqlashishida, hukumatning demokratik qadriyatlardan chekinishida, fuqarolik jamiyatining asosi bo`lgan nodavlat tashkilotlarga qarshi boshlangan harakatlarda ko`rishadi.

Yaqinda faoliyati tugatilgan yana bir xalqaro tashkilot - Amerika Yuristlar Uyushmasi vakolatxonasining ham sud qarori ustidan bergan apellyatsiya shikoyati inobatsiz qoldirildi.

Kaunterpart tashkilotining bosh idorasi vakili sal avval “Amerika ovozi” radiosiga bergan intervyusida, tashkilotning O`zbekistonda faoliyatini davom etishi uchun muzokaralar o’tkazilayotganini ta’kidlab o`tgan edi.

XS
SM
MD
LG