30 may kuni Toshkent viloyat apellyatsiya sudi tovlamachilikda ayblanayotgan inson huquqlari himoyachisi Mo`tabar Tojiboyevaga nisbatan belgilangan sakkiz yillik hukmni o`z kuchida qoldirish haqida qaror chiqardi.
Mo`tabar Tojiboyeva jinoiy ishi yuzasidan o`tgan apellyatsiya, sud hay`ati, prokuratura va himoya tomonidan keltirilgan arizalarni inobatsiz qoldirdi. Sud hay`atiga ko`ra, avvalgi sud jinoiy ishni adolatli tarzda ko`rgan, shu bois sakkiz yillik jazo muddati o`z kuchida qoldiriladi.
Prokuratura tomoni Tojiboyevaga nisbatan qamoq jazosini olti yilga tushirishni so`ragan bo`lsa, himoya tomoni jinoiy ayblovlarni bekor qilish haqida murojaat qilgan edi.
Apellyatsiya sudi Mo`tabar Tojiboyevaga nisbatan qo`yilgan tovlamachilik, noqonuniy ravishda mablag` o`zlashtirish, tashkilot tuzish, namoyish o`tkazish, va shuningdek O`zbekiston prezidenti, hukumati va huquq-tartibot organlarining sha`nini haqoratlash kabi ayblar to'liq tasdiqlanganini ta`kidlab o`tadi.
Apellyatsiya jarayonida ishtirok etgan kuzatuvchilarga ko`ra esa, sudning bunday qarorga kelishi Mo`tabar Tojiboyevaning inson huquqlarini himoyalashdagi faoliyati bilan bo`gliq.
“Mazlum” inson huquqlari tashkiloti raisi A`zam Turg`unovning bildirishicha, sud jarayonidan maqsad Tojiboyevaning ovozini “o`chirishdan” iborat.
Unga ko`ra, Tojiboyeva Farg`ona viloyatidagi hokimyat, huquq-tartibot organi vakillarining korruptsiyaga aralashgani haqida bir qancha hujjatlarga ega bo`lgan. Bu hujjatlar tergov jarayonida yo`q qilingan, shu bois ham Tojiboyeva Farg`onada emas, balki Toshkent viloyatining chekka bir tumanida sudlangan.
Sud jarayonini kuzatgan inson huquqlari faoli Abdujalil Boymatovga ko`ra, aybnomalarning hammasi soxta, jarayon siyosiy sababga ega, Tojiboyevaning bundan olti yil avvalgi tadbirkorlik faoliyatiga asoslanmoqda.
“Nega bu narsalar o`sha paytda ko`tarilmagan?” – deydi Abdujalil Boymatov.
Farg`onadagi “O`tyuraklar” inson huquqlarini himoyalash tashkilotining rahbari Mo`tabar Tojiboyeva, o`tgan yilning dekabr oyida inson huquqlari bo`yicha Dublin shahrida o`tgan xalqaro konferensiyaga jo`nashidan avval hibsga olingan edi.
Keyinchalik Mo`tabar Tojiboyeva ustidan sud jarayoni Toshkent viloyatida o`tdi. U sakkiz yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Kuzatuvchilar Mo`tabar Tojiboyevaga nisbatan sud jarayoni boshlanishini uning Farg`ona vodiysidagi faol harakati bilan bo`glashadi. Ularga ko`ra, shu bois ham sud sakkiz yillik qamoq jazosini o`z kuchida qoldirgan.
Himoya tomoni apellyatsiya hay`atining qaroriga munosabat bildirishni istamaydi, biroq hay`at qarori o`qilgach, Mo`tabar Tojiboyevaning panjara ortidan bildirgan e`tiroziga ko`ra, sud qo`g`irchoq vazifasini o`tagan, xolos.