Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi o’zgacha ma’no kasb etadi. Mintaqada so’z erkinligi, axborot olish huquqi va xalqaro jurnalistika talablariga rioya qilgan holda ishlash u yoqda tursin, axborot vositasi sifatida faoliyat ko’rsata olishning o’zi katta muvaffaqqiyatdir.
O’z xalqini tashqi dunyodan deyarli yakkalab qo’ygan Turkmanistonni hisobga olmaganda ham, Markaziy Osiyoning qolgan to’rt mamlakatida matbuot ahvoli qoniqarsiz, deb baholanadi.
Mintaqada bir necha yildan beri ishlab kelayotgan va jurnalistlar malakasini oshirish, ularga kasb sirlarini o’rgatuvchi tashkilotlar vakillarining fikricha, Markaziy Osiyo matbuoti va ommaviy axborot vositalari juda sekin rivojlanmoqda.
Vashingtonda asoslangan Xalqaro Jurnalistlar Markazida (ICFJ) Yevrosiyo loyihalari boshqaruvchisi Bob Tinsli (Bob Tinsley) rus tilida gaplashuvchi jurnalist sifatida Markaziy Osiyo bilan uzoq yillardan beri tanish.
“Gap shundaki, matbuotning mustaqil bo’lishi uchun unga avvalo moliyaviy mustaqillik kerak. Markaziy Osiyoda erkin va barqaror matbuot bozori yo’q. Birinchidan, mintaqa iqtisodiyoti va siyosiy tuzumi beqaror ahvolda. Matbuot bu bir sanoat va uni tebratish uchun daromad kerak. Iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan jamiyatlarda matbuot kuchi ham past bo’ladi, chunki xalqning cho’ntagi quruq”, - deydi janob Tinsli.
Mutaxassis nazarida Qozog’istonda ayrim axborot vositalari, mamlakat iqtisodiyoti ko’tarilgani sari, kuchaymoqda, ammo siyosiy jihatdan ular qattiq nazorat ostida.
“Qozog’iston va Qirg’izistonda matbuot ahvoli qo’shni davlatlarga qaraganda ancha tuzuk, ammo Markaziy Osiyoning qaysi burchagiga bormang, jurnalistlar turli cheklovlar bilan yuzlashadilar. Senzuraga bo’ysunishga majburlar, chunki haqiqatni yoritish ularga qimmatga tushadi. Zamonaviy jurnalistika bilimini beruvchi o’quv dargohlari kam. Jurnalistikaga qiziqqan yoshlarga bu sohani egallash uchun imkoniyatlar juda cheklangan.”
Jurnalistlarning asosiy vazifasi xalqni jamiyatda bo’layotgan o’zgarishlardan voqif etish. Hukumatni xalq bilan xolis axborot orqali bog’lash. Mintaqada ba’zi jurnalistlar matbuotga yuqoridagi kabi qarashi uchun hali erta, shunki o’tish davrini boshdan kechirayotgan jamiyatlarda g’arb rusumidagi matbuotni joriy etish oson kechmaydi, deyishadi.
“Mintaqada jurnalistlar malakasini oshirayotgan tashkilot sifatida bizning maqsadimiz u yerda g’arbcha matbuotni yaratish emas, balki rivojlanayotgan tuzumlarda jurnalistlar nima vazifa bajarishini o’rgatish. Maqsad, jurnalistikaning universal sirlarini o’rtoqlashish. Har qanday jamiyatda qo’l keladigan usullarni faoliyatida qiynalayotgan hamkasblarga ko’rsatish. Shu yo’l bilangina mintaqa jurnalistlari axborotga nisbatan mahalliy ehtiyojni qondirishni va buning evaziga moliyaviy qudratga ega bo’lishni o’rganadilar“, - deydi Bob Tinsli.
Janob Tinslining aytishicha, bozor iqtisodiyotiga o’rganayotgan jamiyatlarda biznes sohasini yorita biladigan jurnalistlarga ehtiyoj bor. Xalqqa iqtisodiy imkoniyatlar haqidagi xabarlarni ana shu jurnalistlar yetkaza oladi, deydi u. Izchil izlanishlar va tekshiruvlarga asoslangan holda xabar tarqatuvchi manbalarning o’rni jamiyat rivoji uchun beqiyos ahamiyatga ega, deydi Bob Tinsli.
"Har bir axborot vositasi o’z biznesini yurita olishi lozim. Bo’lmasa, puldor bir tomonning qo’liga tushadi va mustaqilligidan ayriladi. Biz mintaqa jurnalistlariga soha sirlarini, matbuot bozoridagi raqobat sirlarini hamda jurnalistika etikasini o’rgatishga urinyapmiz.”
Markaziy Osiyo jurnalistlari bilan ishlashga harakat qilayotgan g’arb tashkilotlari nazarida, jurnalistlar dunyo bo’ylab bir vazifani bajaradilar, bir majburiyatga egalar. Ular hukumatga emas, xalqqa javob beradilar. Uning tashvishlari va muammolarini ko’tarib chiqadilar. Oddiy xalq manfaati yo’lida xizmat qiladilar. Jamiyat ahvoli qanchalik og’ir bo’lishiga qaramasdan, jurnalistlikni bo’yniga olgan kishi o’sha vazifa va majburiyatga sodiq qolmog’i lozim, deya bildiradi jurnalistika tashkilotlari.
"Jurnalistlar hech bir jamiyatda boy odamlar emas. Rivojlanayotgan davlatlarda jurnalistlarning maoshi undan-da oz, qolaversa, korrupsiya bilan yuzlashadilar. Qarabsizki, jurnalistika etikasi chetda qolib, jurnalistlar pora evaziga material tayyorlashga o’tadilar. To’g’ri, hamma oila boqadi, ro’zg’or tebratadi, ammo bu o’z kasbingizga xiyonat qilish ham demakdir. Ba’zida hukumatlar jurnalistlar uchun qoida yaratadi. Demak, hukumat jurnalist faoliyatini chegaralamoqda. Jurnalist javobgarligi uning o’z qo’lidan davlat nazorati ostiga o’tyapti. Markaziy Osiyoda shunday muhitni kuzatamiz", - deydi Xalqaro Jurnalistlar Markazi vakili.
2005 yili O'zbekiston qonunlarini buzganlikda ayblanib, Toshkentdagi idorasini yopishga majbur bo'lgan IREX, Xalqaro Tadqiqot va Almashinuvlar Kengashida mintaqa matbuoti ahvolini kuzatuvchi va yillik tahlilnoma tayyorlovchi Teo Dolan (Theo Dolan) deydiki:
“Markaziy Osiyoda matbuot qonunlari mustahkam, ammo ular amalda matbuotga qarshi qo’llaniladi. Ular amalda matbuot faoliyatini cheklaydi. Shuningdek, mintaqa jurnalistlari ko’p hollarda malakasiz. Bizningcha, ana shu omillar mintaqa matbuoti taraqqiyotiga to’sqinlik qilmoqda.”
IREX tashkiloti Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikiston matbuoti ahvolini besh talab bo’yicha tahlil qiladi – so’z erkinligi, jurnalistik iqtidor, manba xilma-xilligi, matbuot boshqaruvi va axborot vositalarini quvvatlovchi tashkilotlar yordami.
To’rt ballik tizimda o’lchanganda, matbuot mustahkamligi bo’yicha Qirg’iziston birinchi o’rinni egallaydi.
Ammo, birinchi o’rindagi mamlakat matbuoti ham hali mustahkam emas, balki mustahkamlikka yaqinlashayotgan darajada, atigi 1.78 balda, turibdi.
Demak, boshqa davlatlar - matbuoti xo’rlangan va so’z erkinligi batamom toptalgan jamiyatlar qatorida. Biroq, deydi mutaxassis Teo Dolan, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston matbuoti rivojlanmoqda – sekin, ammo umid qilsa bo’ladi. O’zbekiston matbuoti Andijon voqealari ketidan oldinga emas, orqaga qadam tashlamoqda.
Markaziy Osiyoda matbuot mustahkamligi, 4 ballik tizimda
1. QIRG’IZISTON - 1.78
2. TOJIKISTON - 1.58
3. QOZOG’ISTON - 1.39
4. O’ZBEKISTON - 0.45
“Tahlilnomani har bir davlatda faol ishlayotgan jurnalistlar, matbuot huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, axborot vositalari bo’yicha izlanuvchi olimlar va matbuot nazorati bilan shug’ullanuvchi rasmiylar bergan ma’lumotlar va fikrlarga asoslaymiz. Ular ishtirokida 10-14 kishilik maxsus ha’yat tuziladi va ular bilan qilingan suhbatlarga hamda mintaqadagi o’zgarishlarga asoslanib, muvozanatli tahlilnoma yoziladi.”
Markaziy Osiyo hukumatlari odatda G’arb chiqargan xulosalarni o’rinsiz va tor deb baholaydi. Ular nazarida g’arb mintaqadagi o’zgarishlarni bir tomonlama, uzoqdan turib, mintaqa madaniyati, o’tmishi va bugunini tushunmagan holda baholaydi. Bozor iqtisodiyoti talablari ostida qiynalayotgan jamiyatlarni rivojlangan davlatlar me’yorlariga qarab baholash xato emasmi?
“Biz mintaqa matbuotini G’arb emas, mahalliy me’yorlarga qarab, baholaymiz. Tahlilnoma uchun qilingan suhbatlaru-bahslar mahalliy jurnalistlar, omma o’rtasida tanilgan mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Biz bu jurnalistlarning kasbiy salohiyatiga va obro’siga ham e’tibor beramiz. Tahlilnomamiz xolis chiqishi uchun bizga xolis va ishonchli mutaxassislar, vaziyatni har tarafdan tahlil qila biladigan jurnalistlar kerak“, - deydi Teo Dolan.
Xo’sh, bu tahlilnomadan maqsad nima? Teo Dolanning aytishicha, ko’rsatkichlar AQShning mintaqaga nisbatan siyosatini belgilashda xizmat qiladi. Matbuot ravnaqi uchun qanday va qayerga sarmoya qilish kerakligi haqida darak beradi.
“Markaziy Osiyo matbuoti tahlilnomasi dunyo bo’ylab, jurnalistika maktablarida qo’llanmoqda. Jurnalistlar uchun foydali qo’llanma sifatida ko’rilmoqda. Chunki, bu nafaqat mintaqa balki jahon jurnalistlariga Markaziy Osiyo jurnalistikasi va axborot vositalari qay ahvolda ekanidan xabar beradi. Mintaqa jurnalistlari qo’shni davlat matbuotidagi yutuq va muammolar haqida o’rganadilar va saboq oladilar”,- deydi IREX vakili.
Mutaxassis matbuotning har qanday jamiyatda sekin taraqqiy etishini uqtiradilar. Erkin matbuot taraqqiyot kaliti deb jar soluvchi Amerikada ham jurnalistlar, gazeta, televideniye va radiolar so’z erkinligi, kasb etikasi, iqtisodiy muammolar, reklamachilar talabi, qolaversa, omma tanqidi bilan yuzlashadi.
Bularni yengish uchun esa jurnalistik salohiyat, huquq va biznes bilimi talab qilinadi. Shu bois ham Markaziy Osiyo axborot vositalari va jurnalistikasini kuzatayotgan mutaxassislarning ko’pi kasbiy ta’lim va biznes boshqaruvini takomillashtirishni maslahat beradilar.