Breaking News

O'zbekistonda uy-joy to'lovlari xalqqa og'irlik qilmoqda


Kuzatuvchilar nazarida, O’zbekistonda uy-joy uchun to’lovlarning maoshga nisbatan nomutanosibligi yaqqol ko’zga tashlanib turadi. Bu hol esa aholining ba’zi vakillari noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Bundan ikki yil avval kommunal xizmatlari uchun, ya’ni elektr energiyasi, sovuq va issiq suv, gaz va bir qator boshqa xizmatlar to’lovlari uchun aholining ayrim tabaqalariga berilgan imtiyozlar bekor qilingan edi.

Bu esa o’z navbatida maosh va nafaqaga kun ko’ruvchi, vaqtida oylik maoshlarini ololmayotgan hamda serfarzand oilalarning kommunal xizmat ko’rsatadigan muassasalardan qarzdorligini oshirgan. Qarzdor oilalarga nisbatan sud orqali majburiy to’lov joriy etilgan.

Ayniqsa nafaqaxo’rlar va davlat korxonalarida ishlaydigan ko’p bolali oilalar vakillari o’z e’tirozlarini bildirishmoqda.

“Qiynalib ketdim men, qaydan topaman pul shu gazlarni to’lashga? 57 ming edi, 10 ming olib borib topshirdim, pensiyamning pulidan siqib-siqib. Mana, yana oshib ketyapti borgan sari. To’lolmayapman hech qachon. Svetga to’la, unga to’la, bunga to’la, bu qayoqqa oshib ketdi musorlar ham. Arz qilib hech qayerga borolmaysiz”.

“Kvartplatalar ikki xonali uyda agar bitta odam propiskada bo’lsa, bir yilga 36 ming bo’lgan. Menimcha, aholi uchun bu qimmatlik qiladi. Chunki bizning ish haqimiz unaqa yuqori darajada emas-da, to’g’ri kelmaydi shuning uchun. Shu ishlar bilan shug’ullanadigan rahbarlar shu masalani boshqadan ko’rib chiqishi kerak, menimcha. Maosh bilan ozgina balans bo’lishi kerak-da. Xalqqa og’ir bo’lmasligi kerak”, - deyishadi aholi vakillari.

O’zbekistonda uy-joy kommunal xizmatlar haqini to’lash bo’yicha beriladigan imtiyozlar o’rniga, eng kam ish haqi hisobidan tabaqalashtirilgan miqdorda oylik kompensatsiya to’lovlari joriy etilgan. Uy-joy kommunal xizmatlari haqi uchun joriy etilgan imtiyozlarning bekor qilingani ko’pchilik aholi orasida norozilik kayfiyatini uyg’otgan.

“Bu narsalarga tegish kerakmas edi, xalq qiynalib yotibdi-yu. Oylik kam, narx-navo ko’p baravarga oshgan, oylik oshmaydi. Ular to’lolmayapti-yu. Mening o’zim shaxsan, ikkinchi guruh nogironligimga beradigan puli ovqatimga yetgan emas. Men juda qiynalaman, kvartplata ham bir yildan uch oyga o’tdi, to’lolmadim. Sababi-ki, oilada besh kishi bo’lsak, bitta o’g’lim ishlaydi. Kiyib yurgan shimimni qarang, necha yilgi shim mana shu. Kerakli odamlarga berish kerak imtiyozni. Elning boshiga hech narsa tushmasin, tushsa, bizning o’g’illarimiz borib vatanni himoya qiladi, mening o’zim ham. Vatanga inson kerag-u, inson kerak bo’lgandan keyin, xalqni o’ylash kerak-da”, - deydi ismini oshkor etishni istamagan fuqarolardan biri.

O’zbekistonda o’qituvchilar, tibbiyot xodimlari, urush va mehnat faxriylari, baynalminalchi jangchilar, yadro poligonlari va yadroviy radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni o’tagan nafaqaxo’rlar uy-joy kommunal xizmat haqining 50 foiz miqdorini to’lashar edi, xolos. Ayrim fikrlarga ko’ra, mavjud imtiyozlarning yo’q qilingani ayni paytdagi maosh va nafaqalarning ozligi tegarasida ba’zi aholi qatlamining nochorligini yanada oshirgan.

“Bizning o’zimizni olsak ham, dekabrdagi oylikni hali olmadik. Bu bilan qanaqa yashash mumkin? Men o’zim domda turaman, kommunalni yetkazib ulgurolmayman, uyimizga to’ladinglarmi-to’ladinglarmi, deb kelayapti. Axir, dekabr oyining pulini olmagandan keyin, qanaqa qilib bu yilga to’laysiz, ayting. U olgan oyligingiz shuni qoplamaydi-yam. Bolangizni boqasizmi, yo’l-kira qilasizmi? Uje xalq qiynalib ketdi, gapning ochig’i”, - deb aytadi toshkentlik ayol.

80-yillar oxiri, 90-yillar boshlarida respublikadagi uy-joy fondi xususiylashtirilgan edi. Biroq ba’zi fuqarolar fikricha, bugun barcha ko’chmas mulklar uchun, ularning mulkchiligidan qat’iy nazar, yagona kommunal xizmat haqlari saqlanib qolayotir.

“Privatizirovannyy uy sobstvenniy, shaxsiy mulk hisoblanadi-a, qonun bo’yicha. Qanaqasiga xalqdan yana yig’ib oladi, o’zining uyidan o’zi yana? Yana oshirganini ayting, xo’p hozir, masalan men nafaqaxo’rman. Men privatizatsionniy uyga to’laymanmi komunnalniy, uning ichida sveti bor, gazi bor, musori bor, tualeti bor, balosi bor, battari bor, men unga to’lasam, men nima yeyman? Uning ichida nevaram bor, bola-chaqa bor”, - deydi nafaqaxo’r ayol.

70 yoshli Hanifa ayaning aytishicha, uning umr yo’ldoshi kabi ikkinchi jahon urishi qatnashchilari bugun respublikada juda oz qolgan bo’lsa-da, davlat tomonidan ularni himoyalash ishiga e’tiborsizlarcha qaralmoqda. Uy-joy kommunal xizmat haqlarini to’lash uchun, imtiyozlarning olingani ham buni yana bir bora isbotlamoqda, deydi u:

“Suvga 12 ming so’m to’ladik mana shu oy, mana shu yil. Axlatga ham 10 ming to’ladik, ilgari yarmini to’lardik. Bilmadim, nimaga undoq qildilar? Shu kommunal xizmatga imtiyozni olmasa bo’lardi. Birkam saksonga kirdilar cholim, birinchi gruppa invalidi, kam qolishdi. 33 ming so’m oladilar, men 16 ming olaman, yetmaydi baribir bu oydan u oygacha. Qiyinchilik tug’ilyapti, hamma narsa qimmat bo’lib ketyapti. Bir go’shtlarni qarang, uch mingdan ko’p bo’lib ketyapti. Qari odamga, axir, tuzukroq yeyish kerak. Ham yiqilib tushib, oyoqlari singan, ikki yarim oydan beri yotibdilar, kasallar. Dori kerak, dorilar ham qimmat bo’lib ketgan judayam. Nima qilishni bilmadim. To’g’ri qilmadi”, - deydi Hanifa aya.

Kommunal xizmat haqlarining oshib borishi bilan, ko’pchilik xonadonlarning uy pullari uchun qarzdorligi ham oshib bormoqda, deydi o’zini Mastura deb tanishtirgan uy faoli. Qarzdor xonadon oilalarni sudga berish bilan ham ish bitmayotganligini aytadi u.

“Men domimda spiska bilan yuraman, iltimos, har oyda ming so’mdan, yo ikki mingdan beringlar, deb. Bir yilda agar oylik uch marta oshsa, kommunal xizmati besh marta oshyapti. Uch-to’rt baravariga. Oilalarda beshta odam bor, 10 ta odam bor. 45 ming, 50 ming so’m qarzi bor oilalar bor. Bizlar 100 mingga yetkazmaymiz, nima uchun, chunki bizlarda sud bor. 40 ming bo’ldimi, bizlar sudga ogohlantirish yozamiz-da, qarzini 20 ming, 15 ming qilib to’lashga majbur. Kimdandir oladi o’sha odam, lekin to’lashga majbur bo’ladi. Mening o’zimning domimda 40 ta xonadon bo’lsa, har uchinchi xonadon qarzdor bo’lib qolaveradi-da. Haligacha qarzini to’lolmaydigan xonadonlar bor-da”, - deydi Mastura ismli uy faoli.

Ba’zi fuqarolar fikricha, mamlakatdagi ayni paytdagi maoshlar bilan kommunal xizmati haqlari orasida mutanosiblik yo’q. Uy-joy kommunal xizmati haqlari uchun berilgan imtiyozlarning bekor qilingani esa, yana bir ma’lum tabaqa vakillarining norozilik kayfiyatini uyg’otishi mumkin.

XS
SM
MD
LG