Breaking News

Bu yilgi g'alla o'rimi mavsumi dehqonlarga og'ir kelishi mumkin


O`zbekistonda fermerlarning asosiy mahsulotlaridan biri - g`alla o`rimiga kirishildi. Ma`lumotlarga ko`ra, bu yil davlatga g`alla topshirish mavsumi dehqonlar uchun avvalgidan ham og`irroq kechadi.

Rasmiy manbalarga ko`ra, bu yil O`zbekistonda besh million tonna don yig`ishtirish rejalangan. O`zbekistonda g`alla o`rimi viloyat hokimlarining nazorati ostida, huquq-tartibot xodimlari jalb qilingan holda o`tadi.

Bunga sabab, avvalgi o`rim mavsumlarida kuzatilganidek, turli tortishuvlarni, dehqonlar noroziligini oldini olish, g`allaning davlat omborlariga yetkazilishini ta`minlashdir.

Bu yili g`alla hosilini yig'ish dehqonlar uchun har qachongidan ham og'irroq bo`lishi mumkinligi aytilmoqda. Jurnalist Dilmurod Sayidga ko`ra, bunga sabab davlatga g`alla topshirish rejasining 50 foizdan 80 foizga ko`tarilgani va urug`lik uchun tarqatilgan bug`doyning sifati pastligidir.

Jurnalistga ko`ra, aksariyat viloyatlarda bug`doy urug’ining sifatsizligi bois g`alla chiqmagan yoki yaxshi rivojlanmagan. Hosilning 80 foizini davlatga topshirish esa majburiy qilib belgilangan.

Bundan bir necha yil avval O`zbekiston hukumati Xalqaro Valyuta Jamg`armasi bilan hamkorlikni yo`lga qo`ygan paytda, g`alla topshirish rejasini 50 ga 50 tarzda belgilashga kelishilgan va bu borada hukumat qarori qabul qilingan edi.

O`zbekistonda g`alla yetishtirish, bu borada mustaqillikka erishish, respublika oldidagi strategik vazifalardan biri sifatida belgilangan. Rasmiy manbalar buning uchun dehqonlarga sharoit va moddiy-texnik xizmatlar ko’rsatilayotganini urg`ulaydi.

Ko`rsatiolayotgan moddiy-texnik xizmatlarning qimmatligi bozor narxlarida ekanligi bilan izohlanadi.

Kuzatuvchilar va muxolifat vakillariga ko`ra, O`zbekiston qishloq xo`jaligining asosiy muammosi davlat ommaviy nazoratining mavjudligi, dehqonlarning o`z hosillariga o`zlari egalik qila olmasliklari, mahsulot narxini faqat davlat belgilab berishidir.

G`alla yetishtirish bilan shug`ullanuvchi fermerga ko`ra, davlat tomonidan belgilanadigan xarajatlar va urug`likning narxi tobora oshib bormoqda. Natijada g`alla ekkan fermerga, ishlov bergan dehqonlarga biror daromad qolishi gumon bo`lib qolmoqda.

“Har gektar g`alla maydonini o`rish uchun 45 ming so`mdan to`lanyapti. Barcha xarajatlarni davlat avtomatik tarzda olib qoladi, hali o`rmasdan turib o`rish uchun pul olayapti”, - deydi fermer.

O`zbekistonda g`alla yi`gim-terimi davrida hosilning davlat omborlariga tashib ketilishi bir necha bor dehqonlarning norozligiga sabab bo`lgan.

Jurnalist Dilmurod Sayid, g`allasi davlat omboriga olib ketilayotgan odamlarning yuk mashinalariga yopishib, bir chelakdan bo`lsada g`alla olib qolish harakatlari haqida gapiradi.

Unga ko`ra, odamlar shu narsaga ham zor. Tegishli organlar xodimlari ana shu talon-tarojliklarni oldini olish uchun qo`yiladi.

Ismini oshkor etmaslikni so`ragan fermerga ko`ra, faqat militsionerlar kuzatuvidagi kombaynlar davlatga tegishli g’allani o`rib bo`lishganidan so`ng, darhol boshqa maydonga o`tishadi. Agar 20 foiz fermerga tegishli g`alla qolayotgan bo`lsa, bu hosilni davlat rejasi bitirilguncha mol yeb ketishi ham mumkin. Kombayn uchun pulni esa baribir fermer to`laydi.

“Shunday qilib, fermerlarni ezib tashlashgan”, - deydi u.

Fermerlarning aytishicha, hosilning 80 foizga yaqini davlatga topshirilganidan so`ng kuzda ularning o`zlari shu bug’doyni bir necha barobar qimmat narxda davlatdan sotib olishga majbur. Mustaqil ravishda urug`lik tayyorlashga ruxsat berilmaydi.

Kuzatuvchilarga ko`ra, qishloq xo`jaligini erkinlashtirish aynan O`zbekiston aholisining 60 foizdan ko`prog`i qishloqlarda istiqomat qilayotganligi bois ham birinchi darajali masala sifatida ko`rilishi kerak.

XS
SM
MD
LG