Breaking News

Tojikistonda nohukumat tashkilotlar tahlil ostida


Qishloqlarda qashshoqlikka qarshi kurashayotgan tashkilotlar nazarida Rossiya va O’zbekistonda nodavlat tashkilotlarga munosabatning salbiylashgani Tojikistonda ham ta'sir o'tkazyapti.

“Yoshlar va sivilizasiya” nodavlat tashkiloti direktori Abdusamad Sultonov esa Tojikistonda jamoatchilik tashkilotlariga hukumat munosabati o’zgarishiga hamdo’stlik davlatlarida bo’lib o’tgan inqilobiy chiqishlar sabab bo’lganini aytadi.

Gruziya, Ukraina va Qirgizistondagi inqilobiy o’zgarishlar siyosiy rahbarlarning jamoatchilik tashkilotlari ustidan nazoratni kuchaytirishiga turtki bo’ldi. Go’yoki u voqealarda nodavlat tashkilotlarining hissasi bor emish.

"Ammo, bu fikrlar xatodir. Endi Tojikistonda ham jamoatchilik tashkilotlari kelajakda inqilob qilishi mumkin deb o’ylashmoqda. Aslida bu tashkilotlar Tojikistonda eng og'ir damlarda hukumat uddasidan chiqa olmagan vazifalarni bajardi. Buni esdan chiqarmaslik kerak”,-deydi Abdusamad Sultonov.

“Amerika nodavlat tashkiloti aslida Tojikiston hukumati ish rejasida bo’lgan fuqarolarda huququy bilimlarni oshirish programmasni amalga oshirishga yo’rdam qilmoqda. Matbuotda ularga qarshi chiqish meni hayratga soladi. Bu narsa mavjud hukumatning mustaqil ommaviy axborot vositalarini berkitish yo’lida olib borayotgan siyosatinig bir bo’ginidir ”,- deydi u.

Tojikistonning Spitamen nohiyasida ishlovchi “Somodo’xt” nodavlat tashkiloti direktori Dilorom Narzulloeva esa bu singari chiqishlarni respublikada nohukumat tashkilotlarni obro’sizlantirishga qaratilgan harakat deb baholaydi. Uning fikricha, bu tashkilotlar G'arbning qandaydir topshiriqlarini bajaryapti degan gap haqiqatga to'g'ri kelmaydi.

“Bunaqa gaplarni ko’p aytishadi. Ko’p savol berishadi. Lekin men bunday fikrlarga qo’shilmayman. Masalan, biz faqat o’qitish bilan shug'ullanamiz va kambag'allarga yangicha sharoitga moslashish yo’llarini o’rgatamiz”,- deydi Diloromxon.

Tojikistonda faoliyat ko’rsatayotgan “Varorud” axborot tahlil agentligi rahbari Ilhom Jamolov nodavlat tashkilotlari atrofida yuz berayotgan holatni odatiy hol deb baholaydi. Uning firkicha, bu bilan Tojikistonda nohukumat tashkilotlar faoliyati cheklanmaydi.

“Tojikistonda nodavlat tashkilotlari muxoliflari ko’tarayotgan gap-so’zlaru, g'avg'olar, aytilayotgan so’zlar ham odamlarning fikridir. Tojikistonda hali siyosiy masalalarda ish ko’radigan va muxolifatni tashkil eta oladigan jamoatchilik tashkilotlari shakllanmagan“,- deydi "Varorud” raisi.

Shu yil boshidan beri Tojikiston matbuotida nodavlat tashkilotlariga qarshi paydo bo’layotgan chiqishlarni izohlar ekan, ayrimlar bularning barchasi mavjud hukumat siyosatining bir bo’g'ini ekanini ta’kidlashadi.

“Bu narsa Tojikiston hukumati “Ro’zi nav”, “ Nero’yi suxan” singari mustaqil va ozod xususiy gazetalarni berkitgandan so’ng davlat idoralari oldiga qo’ygan siyosatning davomidir”,- deydi “Yoshlar va sivilizasiya” tashkiloti direktori Abdusamad Sultonov.

XS
SM
MD
LG