Breaking News

O'zbekistonlik ikki o'quvchi sport dasturi bo'yicha AQShda bo'ldi


AQSh Davlat departamentining maxsus dasturi bo’yicha 13 davlatdan futbolga qiziquvchan 30 nafar o'smir AQShga tashrif buyurdi. Ularning orasida o’zbekistonlik ikki o'quvchi ham bor. Dasturga ko’ra, ular AQShdan so’ng Germaniyaga borib futbol bo’yicha Jahon chempionati o’yinlarini ham ko’rishga muvaffaq bo’ladilar.

13 nafar qiz va 17 nafar o’g’il bola Jahon chempionatining saralash musobaqasidan o’ta olmagan 13 mamlakatdan kelgan. AQShga kelish va Germaniyadagi o’yinlarni ko’rish uchun ular ingliz tili bo’yicha maxsus testdan o’tganlar. Ular 13 va 18 yosh o’rtasida.

15 yoshli Sardor ingliz tilini bilishdan tashqari futbolga ham mehr qo’ygan.

Sardor unga Amerika juda yoqqanini va bu yerda ko’p do’st orttirganini aytadi. O’zbekiston saralash musobaqasida Bahrayn terma jamoasidan o’ta olmagan bo’lsada, Sardorning ushbu dastur orqali orttirgan eng yaqin do’sti aynan bahraynlik tengdoshi bo’ldi.

Guruh Nyu-York va Vashingtonga tashriflari davomida AQShda sport va xususan futbol bilan shug’ullanish uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar, mamlakat to’rt karra chempioni DC United (Di-Si Yunayted) jamoasi bilan uchrashdilar va Merilend shtatida joylashgan yoshlar orasidagi chempion jamoa bilan o’rtoqlik uchrashuvini o’tkazib, 5-4 hisobi bilan g’alaba qozondilar.

Dasturning yana bir o’zbekistonlik ishtirokchisi, 16 yoshli Anya Oq uyda prezident Bush bilan uchrashuvni iliq so'zlar bilan tilga oladi. Davlat kotibasi Kondoliza Rays ham yosh futbolchilar bilan uchrashdi.

Dastur tashkilotchilariga ko’ra, undan asosiy maqsad – turli millat vakillarini futbol orqali do’stlashtirish, madaniyatlarning xilma-xilligini ko’rishga imkoniyat yaratish hamda AQShda sportga bo’lgan munosabatni ko’rsatish.

Anyaning aytishicha, AQShda futbol tobora rivojlanib bormoqda.

"AQShda futbol juda tez rivojlanmoqda va ommaviylashmoqda. Biz AQSh Oliy ligasidagi Vashington jamoasi hisoblanmish DC United klubi bilan uchrashdik. Ularning mashg’ulotlari menga juda yoqdi," - deydi Anya.

Anya ham, Sardor ham uyni va ota-onalarini sog’inganlarini yashirmaydilar. Ayniqsa Sardor o’zbek taomlarini qo’msaganini aytadi.

Payshanba kuni Sardor va Anya chet-ellik tengdoshlari bilan Nyurembergda “E” guruhidagi so’nggi o’yin, AQSh-Gana matchiga tushadilar.

XS
SM
MD
LG