Breaking News

Turkmaniston fransuz diplomatlarini josuslikda ayblamoqda


Turkmaniston xavfsizlik xizmati Fransiyaning mamlakatdagi elchixonasi vakili va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti idorasi xodimini josuslikda ayblamoqda. Ikkala xodim ham Fransiya fuqarolari.

Milliy xavfsizlik vaziri Geldimuhammad Ashirmuhamedovga ko’ra, Genri Tomasini va Benyamin Moro chet-el maxfiy xizmatlariga tarqatish maqsadida Turkmaniston sha’nini qoralovchi hamda provokatsion ruhdagi video materiallarni qo’lga kiritishga uringan.

Hukumat yig’ilishida Turkmaniston rahbari Saparmurat Niyozov mamlakatga qarshi qaratilgan bunday harakatlar tergov qilinib, ularga siyosiy baho berish lozimligini bildirgan.

“Mazkur diplomatlar mamlakatni tark etishi kerak. Agar biz hech narsa bo’lmagandek o’tiraversak, ular bundan battar ishlarni ham qilishi mumkin”, - dedi Niyozov.

Fransiyaning Turkmanistondagi elchixonasi va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti voqeaga izoh bermagan.

XS
SM
MD
LG