O’zbekistonda oliy o’quv yurtlariga hujjat topshirish jarayoni boshlanmoqda. Bu yil oliy o’quv yurtlariga qabul qilinadigan 51 mingdan ortiq talabaning 60 foizdan ko’pi to’lov-kontrakt asosida ta’lim olishi belgilangan. Sifatli bilim olish va oliy ma’lumotli bo’lishga to’sqinlik qilayotgan muammolar esa bir dunyo.
Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotga ko’ra, mazkur o’quv yilida respublikadagi universitet va institutlarga 51 mingdan ortiq talaba qabul qilinadi. 20 mingga yaqin talaba davlat garanti, 31 mingdan ortiq talaba esa shartnoma asosida tahsil oladi. Biroq ayrim fuqarolar oliy ta’lim olish imkoniyatlari barcha yoshlar uchun ham mavjud emas, deb hisoblashadi.
“Hozirgi kunda yoshlarning ta’lim sohasidagi imkoniyati judayam cheklangan. Sabab? Buning ikkita asosiy prinsipi bor. Birinchisi, O’zbekiston korrupsiyasining ta’lim sohasiga bevosita aralashib qolayotganligi, ikkinchisi yoshlarning ta’lim tizimiga bo’lgan ishonchining yo’qolganligi. O’ylaymanki, ana shu ikkita sabab tag-tomiri bilan yo’q qilinsa, yoshlar ta’lim tizimidagi ishonchi ko’paya boradi”.
“Domlalarning hammasi poraxo’r. Agar misol uchun, bitta fandan baho olish uchun 5 ming, 10 ming, 20 minggacha pul talab qiladi. Ularga studentlar qayerdan pul topib beradi. Oylik 20 mingu, kontrakt to’lash kerak 500-400 minglab. Unga qayerdan pul topadi, qiyin ahvol-ku hozir O’zbekistonda. Keyin har sessiyada yana borib har bitta fanga 10 mingdan bersa, 10 ta fan bo’lsa, 60 ming pul bo’ladi. Bularni mundoq davlatimiz o’ylab ko’rishini iltimos qilamiz bizlar”.
Ba’zi yoshlar fikricha esa, oliy o’quv yurtlarida shartnoma asosida o’qishning joriy etilishi talabalarning bilim olish saviyasiga salbiy ta’sir ko’rsatgan.
“Ozbekistonda bugun oliy ma’limotli bo’lish kundan-kunga menimcha qiyinlashyapti. Kirish mumkin, o’qigan, tayyorlangan bolalar o’qishga kirayapti. Lekin ayrim hollarda g’ayriqonuniy holatlar ham uchrab qolyapti, buni hammamiz ko’rib turibmiz. Lekin meni tashvishga solayotgan narsa shundaki, kirgandan keyin kontrakt asosida o’qish hamma uchun ham to’g’ri kelavermaydi. Agar bir yillik kontrakt bahosi 450 ming so’m deb oladigan bo’lsak, bugungi kunda O’zbekistonda o’rtacha ish haqi 50 ming so’mga yetmaydi. Shuni hisonga oladigan bo’lsak, bir yillik daromadi o’qishga ketadigan bo’lsa agar, oliy ma’lumotli bo’lish darajasi pasayib borayapti. Ya’ni, iqtidorli, talantli bolalar qolib ketayapti-da, puli bor odamlar oily ma’lumotli bo’lyapti. Bu esa O’zbekiston kelajagiga albatta salbiy ta’sir qiladi”, - deydi yoshlardan biri.
Songgi yillarda ko’pgina viloyatlarda bo'lgani kabi Samarqandda ham bir necha oliy o’quv yurti o’qituvchilari pora bilan qo’lga olinib, mahkamaga tortilgan. Poraxo’rlikda ayblanganlar 7-8 yilga ozodlikdan mahrum etilishgan. Biroq pora bilan qo’lga olinganlarga bu qadar qattiq jazo qo’llamaslik lozim, deb hisoblaydi samarqandlik mana bu o’qituvchi:
“Shuni boshqa choralari bo’lishi mumkin edi-ku, jazolashda. Shunchalik prezidentimiz tomonidan axir kechirimli bo’laylik, kechiraylik degan fikrlarni beryaptilar. Sud hay’ati sal oqilona yondashsa bo’lardi. Qancha-qancha ishlarni jarima to’lash yo’li bilan, yoki ogohlantirish yo’li bilan o’shani tavbasiga tayantiryaptilar-ku axir”.
Oliy ta’lim sohasida poraxo’rlikning keng tarqalganligi kuzatilar ekan, bu illat boisi iqtisodiy-ijtimoiy ahvol bilan bog’liqligini urg’ulashadi ayrimlar.
“Oliy o’quv yurtlari o’qituvchilarining maoshlari nihoyat darajada kam. Va o’sha maoshlar oilasini boqish uchun yetmaganligi sababli ayrim hatto toza yurakli, toza insonlar shu narsaga qo’l urushga majbur bo’lmoqdalar. Menimcha, oliy o’quv yurtiga kirish uchun poraxo’rlikni yo’qotish uchun, avvalo o’sha oily oquv yurti o’qituvchilarining ijtimoiy himoyasini ko’zda tutib, ularning maoshlarini oshirish kerak”.
“Professorning maoshi bir ncha marta oddiy militsiyanerning maoshidan kam. Mana shuning o’zi aytib turibdi, bu domlalarning rurmushini, ularning imtiyozlarining kamligi, o’shalarning noroziligi tufayli ham bo’lishi hech gap emas. Eshitganlarimga qaraganda, soxta diplomlar yozib berishga urinishlar bo’lgan”.
Ba’zi kuzatuvchilar fikricha esa, ayni paytda pora tushunchasining rahbar, mas’ul xodimlar o’rtasidagi mohiyati ham o’zgarib borayotgandek.
“Masalan, ilgarigi paytda poraxo’rlik deb atalar edi o’z nomi bilan. Hozir esa bu narsa o’zgarib, xizmatchilik, yoki bo’lmasa ko’proq insongarchilik degan tushuncha ishlatilyapti. Ko’pchilikning fikriga qaraganda, bu og’ir iqtisodiy davrda odamlardagi qadr-qimmat degan tushuncha ham o’zgarib borayapti. Demak, odamlar o’z manfaati yo’lida haqiqiy insoniy tushunchalarni ham o’zlariga moslab o’zlashtirishib, shu bilan o’zlarining vijdoniga tasalli berayotganday tuyuladi”, - deydi ismini bildirishni istamagan kishi.
Oliy ta’lim sohasidagi poraxo’rlikning oqibatlari xususida yana bir tinglovchimiz fikri:
“Hech qanday mubolag’asiz bu bizlarga kelajakda fojea keltirib chiqarishi mumkin. Chalasavod, machitni ko’rgan mullalarday, o’qishni bitirib, hujjat olayotgandagi soxtaliklar bu bizni kelajakda jarga qarab ko’zimizni bog’lab ketaverishday gap. Bu juda yomon oqibatlarga olib keladi. Ilm-fan rivojlanishiga juda katta salbiy ta’sir qiladi. Bu degan so’z, biz uchun juda og’ir natijalar keltirishi mumkin”.
Mas’ullarga ko’ra, oliy ta’lim sohasida uchrayotgan ba’zi o’qituvchilarning poraxo’rligi yoki boshqa ko’zbo’yamachiliklarning huquq-tartibot organlari tomonidan fosh etilib, jinoiy javobgarlikka tortilayotgani poraxo’rlikka qarshi kurash choralaridan hisoblanadi.