Breaking News

Rossiya sobiq ittifoqda demokratiyaga g'ov bo'lmaslikka chaqirilmoqda


O`zbekistonlik kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiyada o’tayotgan Katta Sakkizlik yig`ilishining Markaziy Osiyo, xususan O`zbekistondagi vaziyatga ta’siri Katta Sakkizlik rahbarlarining Rossiyaga nisbatan qanday munosabat bildira olishlariga bog’liq.

Katta Sakkizlik sammitida O`zbekistonga, jumladan mamlakatdagi so`z erkinligi va demokratiyaga oid vaziyatning tilga olinishi kutilmayotgan bo`lsa-da, ayni paytda O`zbekistondagi bu boradagi vaziyat bevosita rasmiy Kreml ta’siri ostida ekanligi e’tirof etilmoqda.

Siyosatshunoslarga ko`ra, Katta Sakkizlik yig’ilishining mintaqa uchun ahamiyatli tomonlaridan biri aynan shunda, ya’ni sobiq ittifoq hududida avtoritar rejimlar siyosatini muhokama qilishda.

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, agar Rossiya o’z siyosatini demokratik tamoyillar tomon o`zgartirsa, unda Markaziy Osiyodagi salbiy geosiyosiy o`yinlarga chek qo`yiladi, va Rossiya mintaqa davlatlari bilan teng sherik sifatida muloqot qila boshlaydi. Bu bevosita O`zbekistondagi demokratik o`zgarishlarga o`z ijobiy ta’sirini ko`rsatadi.

Siyosatshunosning aytishicha, Rossiya Katta Sakkizlikka to`liq a`zo sifatida qo`shilgan ekan, rivojlangan davlatlar tomonidan qadrlanayotgan tamoyillarga hurmat ko`rsatishi lozim.

“Rossiya bu tashkilotga qo`shilishidan avval faoliyat yuritgan Buyuk Yettilik formati har tomondan yetuk rivojlangan davlatlarni birlashtirgan edi. Rossiya na iqtisodiy jihatdan, na demokratik islohotlar jihatdan bunday ko`rsatkichlarga ega. Shunday ekan, Rossiya keyingi faoliyati davomida tashkilot a`zolari qadrlaydigan demokratik tamoyillar asosida siyosat yurg`izishi kerak,” - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Mahalliy ekspertlardan biri Toshpo`lat Yo`ldoshev Katta Sakkizlik yig’ilishida O`zbekistondagi vaziyat e’tibordan chetda qolmasligiga ishonchi komil:

“Kun tartibiga qo`yiladigan masalalar, aslida ikkinchi darajali, birinchi darajadagi masala Rossiyadagi demokratiyaga oid ahvol, nodavlat tashkilotlarga qo`yilayotgan to`siqlar bo`ladi. Shu jumladan unda O`zbekistondagi vaziyat, unga Rossiya ko`rsatayotgan ta`sir ham muhokama qilinadi. G`arb Rossiya bilan ko`p tomonlama bog’liq. G’arb mamlakatlari Rossiya qanday ta`sirga ega ekanligini ko`rsatadi; bu muammolar ochiq muhokama qilib olinadi,” - deb hisoblaydi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Ayrim kuzatuvchilarga ko`ra, Katta Sakkizlikda muhokama etilayotgan masalalar Rossiya tomonidan belgilangan. Demokratik qadriyatlar borasida aniq munosabat kutilishi ehtimoldan yiroq. Muhokamalar asosan Rossiya yetakchilik qilib turgan energetika, shuningdek, xavfsizlik, terrorizm, Eron, Yaqin Sharq masalalari bilan chegaralanadi.

Bundan tashqari Yevropa davlatlarining ko`pchiligi energetika ta’minoti bo`yicha Rossiyaga qaram bo`lib qolishayotgani qayd etilmoqda.

Bildirilayotgan fikrlarga ko`ra, Markaziy Osyio mintaqasida demokratik tamoyillardan manfaatdorligini bildirayotgan G`arb davlatlari uchun Katta Sakkizlik yig’ilishi har qachongidan ham qulay imkoniyat. Chunki Rossiyaning tashkilotga munosibligi munozara ostida.

Rossiyaga demokratik qadriyatlarni bajarish lozimligi, shuningdek, sobiq ittifoq hududida demokratiya qaror topishi jarayoniga to`siq bo`lmasligi qat`iy ta`kidlanishi kerak.

XS
SM
MD
LG