Breaking News

O'zbekistonlik 12 qochqin vatanga ixtiyoriy ravishda qaytgan


Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqin maqomi berilgan va AQShga ko’chirilgan o’zbekistonlik qochqinlarning 12 nafari ixtiyoriy ravishda vatanga qaytgan.

Bu haqda Reyter axborot agentligi O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan olingan ma'lumotlariga tayanib xabar berdi.

Vazirlikning bildirishicha, bu qochqinlar Andijon voqealariga ularning aloqasi yo’qligi va mamlakatdan aldanib olib chiqilganini aytmoqda.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch xalqaro tashkiloti esa Qozog’iston va Qirg’izistonni ulardan boshpana so’ragan o’zbekistonlik qochqinlarni vatanga qaytarmaslikka chaqiryapti. Yevropa Ittifoqi vakillari bu ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashar ekan, tashkilot nazarida ushbu mavzu ko’tarilishi lozim.

“Qozog’iston va Qirg’izistondagi o’zbekistonlik qochqinlarning majburiy tarzda vatanga qaytarilishini oldini olish kerak, chunki ular ta’qib va qiynoqlar xavfi ostida,” – deyiladi Human Rights Watch bayonotida.

Tashkilotga ko’ra, o’tgan hafta Qirg’iziston janubida andijonlik bir qochqin uch noma’lum shaxs tomonidan do’pposlangan. Jabrlanuvchi tomonidan O’zbekiston xavfsizlik agentlari deya gumon qilingan kishilar, qochqindan BMTga boshpana so’rab topshirgan arizasini qaytarib olishni so’ragan. Aks holda kuch ishlatib bo’lsa ham, O’zbekistonga qaytarilishini aytishgan.

Human Rights Watch ma’lumotlariga ko’ra, O’sh shahrida jon saqlayotgan bir guruh andijonlik qochqinlar O’zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan qo’rqitilgan va ulardan ham O’zbekistonga “ixtiyoriy” tarzda qaytish talab qilingan.

Bir qancha o’zbekistonlik qochqinlar vatanda siyosiy va diniy tazyiq tufayli Qozog’istonda yashab kelmoqda, deydi tashkilot. Biroq so’nggi paytlarda bir nechasi O’zbekiston qistovi bilan vatanga qaytarilgan.

Xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari himoyachilari Yevropa Ittifoqidan Qozog’iston va Qirg’iziston bilan jiddiy gaplashib, O’zbekiston bosimiga uchmaslikni talab qilishni so’ramoqda. Ikkala mamlakat ham 1951 yilda qabul qilingan qochqinlar konventsiyasini imzolagan.

XS
SM
MD
LG