Breaking News

Amerikalik yosh musiqachi O'zbekiston elchixonasida mehmonda


O’zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida Toshkent zilzilasining 40 yilligini xotirlab, mumtoz musiqa kechasi o’tkazildi. Yosh bo’lishiga qaramay jahonga dong’i taralayotgan 11 yoshli AQShlik pianinochi Jeffri Li (Jeffrey Ly) bu safar ham elchixona homiyligida o’tkazilgan konsertga kelgan yuzdan ziyod mehmonlarni o’zining beqiyos mahorati bilan befarq qoldirmadi.

Qizig’i shundaki, kuniga 5-6 soatlab mashq qiladigan yosh musiqachining ustozi asli toshkentlik taniqli san’atkor Bella Osterdir. O’zbekistonni Mustaqillikdan oldin tark etgan maestro olti yildan buyon Jeffri va unga o’xshash yosh musiqachilar bilan ishlaydi.

"Bolani inson qilib voyaga yetkazish, unga musiqa asbobini chalishni yaxshi o’rgatish – bu bolani mehribon bo’lishga, odamlarga e’tiborli bo’lishga o’rgatish demakdir. Men bularni O’zbekistonda o’rganganman va AQShga ham o’zim bilan olib keldim," - deydi Bella Oster.

Bunday yoshda mashhur bo’lishiga, Pentagon, Oq uy, Davlat departmenti va yirik konsert zallarida hammani lol qoldirishiga va qator yirik konkurslarda g’olib bo’lishiga qaramay, Jeffri tabiatan juda sodda, uyatchan va kamtar boladir.

"Men O’zbekiston elchixonasiga o’zbek madaniyatini o‘rganish va o’z san’atimni namoyish qilish uchun keldim. Musiqa juda ham go’zal narsadir, chunki u orqali men o’z hissiyotlarimni ifodalay olaman," deydi u.

Jeffrining ota-onasi AQShga 80-yillar oxirida Vyetnamdan qochqin sifatida kelishgan. Uning singlisi Oliviya ham Bella Osterning o’quvchisi. Ustoz san’atkorning aytishicha, u o’zbek musiqa maktabidan chiqqani bilan haligacha faxrlanadi va hattoki kechada Jeffrini hazillashib tomoshabinlarga “vyetnamlik o’zbek” deb tanishtirdi.

XS
SM
MD
LG