AQSh armiyasi qo’mondoni general Jon Abizeyd Markaziy Osiyoga safar qilmoqda. Kecha, 25 iyul kuni, Bishkekka kelgan AQSh generali Qirg’iziston Mudofaa vaziri Ismoil Isoqov bilan uchrashib ikki mamlakat o’rtasidagi harbiy hamkorlik aloqalarini muhokama qildi.
Qirg’iziston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xodimasi Rimma Chadiyevaning aytishicha, Ismoil Isoqov amerikalik qo’mondonni qirg’iz armiyasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirgan.
Qirg’iziston Mudofaa vaziri Isoqov, Qirg’izistonda demokratiya rivojiga qo’shayotgan hissasi uchun Amerika hukumatiga minnatdorchilik bildirib, ikki davlat o’rtasidagi hamkorlik aloqalarining bundan keyin ham rivojlanishi tarafdori ekanini ta’kidlagan.
Jon Abizeyd o’z navbatida Qirg’iziston Mudofaa vaziriga, rasmiy Bishkek “Manas” aeroportida joylashgan “Gansi” aviabazasining aksilterror amaliyotlarini olib borishda katta ahamiyatga ega, deya aytdi. Ba’zani saqlab qolish qarori ikki mamlakat o’rtasidagi hamkorlik kafolatidir, dedi AQSh generali.
Tomonlar, shuningdek, istiqboldagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Xususan, Qirg’iziston Mudofaa vazirligiga qarashli serjantlar tayyorlash markaziga AQSh tomonidan moddiy-texnik yordam ko’rsatilishi aytilgan.
General Jon Abizeyd Bishkekka AQSh boshchiligida “Mintaqaviy hamkorlik” dasturi bo’yicha o’tkazilayotgan harbiy o’quv mashqlarida qatnashish uchun kelgan. O’quv mashqlarida Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston, Afg’oniston, Pokiston vakillari qatnashgan.