Breaking News

AQSh va Britaniya Yaqin Sharq mojarosi ustida bosh qotirmoqda


AQSh prezidenti Jorj Bush va Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyr Yaqin Sharq mojarosini hal qilish uchun Livan janubiga tinchlikparvar kuchlarni yuborishlarini aytdi. 28 iyul kuni Oq Uyda o’tgan uchrashuvda AQSh va Britaniya rahbarlari Yaqin Sharqqa xalqaro tinchlikparvar kuchlarni yuborishga kelishib odilar. Matbuot anjumanida so’z olgan prezident Bush Isroil-Livan mojarosiga yechim topish uchun uch bosqichli rejani e’lon qildi:

“Shanba kuni, Davlat Kotibasi Rays Yaqin Sharqda Livan va Isroil rahbarlari bilan uchrashadi. Muzokaralarda davomiy va barqaror tinchlikka erishish yo’llari muhokama qilinadi”, -dedi Bush.

Shuningdek AQSh rahbari mazkur muzokaralarda BMT vakillariga Livanga insonparvarlik yordamini yetkazish uchun imkoniyat va sharoitlar yaratish masalasi ham ko’rilishini aytdi:

“Livanning mustaqil va demokratik hukumati mamlakat bo’ylab to’la boshqaruvni o’z qo’liga olishini istaymiz. Livan xavfsizlik kuchlari tartibni o’rnatib, mamlakat BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarida aytilganidek, tashqi aralashuvsiz faoliyat yuritishini xohlaymiz”, -deydi AQSh rahbari.

Britaniya Bosh vaziri esa, ro’y berayotgan zoravonliklar nafaqat Isroil va Livan xalqi uchun, balki butun insoniyat uchun fojea ekanini ta’kidladi:

“Livan talofati ayanchlidir. Har ikki tomonda ham begunoh odamlar halok bo’lmoqda. Yuz minglab odamlar o’z uylarini tashlab chiqishga majbur bo’ldilar. Livan demokratiyasiga ham katta putur yetdi”, -dedi Britaniya Bosh vaziri Bleyer.

Bleyer va Bush Isroilni sulhga chaqirmayotgan yagona rahbarlardir, deydi mutaxassislar. Ularga ko’ra, Britaniya bosh vaziri bu harkati uchun o’z vatanida katta bosimga uchramoqda.

29 iyul, kuni Davlat kotibasi Rays Yaqin Sharqqa yana bir bor keldi. Uning aytishicha muzokaralar oson kechmaydi.

“Biz tomonlarni sulhga olib kelish uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz, biroq pozitsiyamiz o’zgarmaydi”, -dedi Rays 28 iyul kuni, Malayziyada o’tgan forumda qilgan chiqishida.

Rays Yaqin Sharq rahbarlari bilan uchrashuvda, mintaqaga xalqaro tinchlikparvar qo’shinlar kiritishni ko’zda tutgan Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bo’yicha ham muzokaralar olib borishini bildirgan.

BMT Bosh kotibining insonparvarlik ishlari bo’yicha yordamchisi Yan Egeland Isroil hukumatidan uch kunlik so’ragan edi. Maqsad- ayollar bolalar va qariyalarni xavfsiz hududga ko’chirish, hamda talofat ko’rgan joylarga tez yordam vositalarini yetkazish bo’lgan.

Isroil hukumati bu kabi yordam uchun allaqachon xavfsiz yo’lak yaratganini, biroq uni Hizbulloh jangarilari to’sib qo’yganini aytib, o’t ochishni to’xtatishdan bosh tortdi. BMT Isroilning bu bayonotiga hali javob qaytargani yo’q.

Shanba kuni, Beyrut portiga AQShning insonparvarlik yuki ortirilgan birinchi kemasi keldi. Isroil samolyotlari so’nggi uch kun ichida 120 marta havoga ko’tarilib, Livan shaharlarini bombardimon qilgan. Hizbulloh esa Isroil chegarasidan 50 km ichkarida joylashgan Afula shahriga o’zining yangi rusmdagi, uzoq masofali Xaybar-1 raketasini uchirgan, qurbonlar va jarohatlanganlar haqida xabarlar yo’q.

XS
SM
MD
LG