Breaking News

Isroil Livanga qarshi havo hujumi qilmaslik va'dasida turmadi


AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays va Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert uchrashuvidan so’ng, Isroil 48 soat davomida havo hujumlarini amalga oshirmasligini aytgan. Bu bayonot Qana shahrida 50 dan ziyod tinch aholi o’lganidan so’ng qilingan edi.

Biroq bugun Isroil aviatsiyasi Livanning Toiba qishlog’i atrofini bombardimon qilgani haqida xabarlar bor. Isroil rasmiylariga ko’ra, Hizbulloh jangarilari Isroil harbiy transportiga qarshi snaryad ishlatgach va uch isroillik askarni yaralagach, havodan ko’mak olgan.

AQSh Davlat kotibasi Yaqin Sharqqa qilgan tashrifini yakunlar ekan, Isroil-Livan orasidagi mojaroni tugatish uchun BMT Xavfsizlik Kengashi mintaqaga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni yuboradigan vaqt keldi, deya ta’kidladi:

“Har ikki tomonni sulhga va davomiy barqarorlikka olib keladigan omillarni o’rganib chiqdik. O’ylaymanki shu haftada ikkalasiga ham erishamiz. Livan xalqi o’z mamlakati va kelajagini boshqara olishiga ishonaman”, -dedi Kondoliza Rays.

AQShning CBS (Si-Bi-Es) telekompaniyasiga intervyu berar ekan, Livan Bosh vaziri Fuad Siniora AQSh Davlat kotibining Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelish uchun qilgan harakatlarini samarasiz, deya baholadi:

“Aql bovar qilmaydigan voqealar guvohi bo’ldik. Buni qabul qila olmaymiz. Hech qanday shartlarsiz sulh bo’lishini istaymiz. Boshimizda qilich ushlab turilgan paytda, muzokaralar qilolmaymiz”, -dedi Livan Bosh vaziri Siniora.

Davlat kotibasi Rays esa, AQSh BMT Xavfsizlik Kengashini Yaqin Sharqda davomiy tinchlik o’rnatish va xalqaro tinchlikparvar kuchlarni Livan armiyasiga mamlakat janubida nazorat o’rnatishiga ko’mak berishi uchun yuborishga chaqirishini aytdi:

“Xalqaro kuchlar joylashtirilgan joyda boshqa qurolli guruhlarning bo’lmasligiga kelishib oldik. Livan hukumati va xalqaro kuchlardan boshqa hech kimga qurol yetkazilmasligi kerak. Livan hukumati unga tegishli bo’lmagan har qanday guruhni qurolsizlantirishi lozim”, -dedi Kondoliza Rays bu borada kelishuv borligini ta’kidlab.

Nyu Yorkda joylashgan inson huquqlari bo’yicha xalqaro Xyuman Rayts Votch tashkiloti Qana shahrida ro’y bergan zo’ravonliklarga Isroil armiyasi javobgar deya, Isroilni harbiy jinoyatlarda aybladi.

Tashkilot chiqargan bayonotda BMT Bosh kotibidan zo’ravonliklar va xalqaro qonunlarni poy-mol etilishi bo’yicha tergov olib borish maqsadida Xalqaro Taftish Kommissiyasini tuzishni so’ralgan.

Qana qirg’inidan so’ng BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig’ilishida so’z olar ekan, Bosh kotib Kofi Annan tomonlar darhol sulhga kelishi lozim dedi:

“Bu harakatlarni qoralashimiz lozim, va sizdan ham shunday qilishingizni so’rayman”, -dedi Annan yig’ilish ochilishida.

BMT dagi Isroil elchisi Dan Gillerman Qana hujumlari uchun uzr so’rab, qurbonlar bo’lishiga Hizbulloh aybdor, deya ta’kidladi:

“Ular terror qurbonlari. Hizbulloh bo’lmaganida bu hodisa ham hech qachon ro’y bermasdi, dedi Isroil diplomati.

Unga ko’ra sulhga kelishdan oldin Hizbulloh guruhi qurolsizlanishi lozim.

Dushanba kuni shuningdek Isroil harbiy floti Livanning Tayra shahridagi harbiy postga zarba bergan. Bir askar halok bo’lgan, uch nafari esa jarohatlangan. Hizbulloh esa Isroilning Kiryat Shemona shahriga qarata raketalarini uchirgan, qurbonlar yo’q.

XS
SM
MD
LG