Birlashgan Millatlar Tashkiloti bayonotiga ko`ra, Qirg’izistondan O`zbekistonga qaytarilgan besh nafar andijonlik qochqin O`zbekistonda qiynoqqa solinishi mumkin.
O`zbekistonning BMTdagi doimiy vakili bayonotida esa O`zbekistonda qiynoqlar amaliyotining mavjudligi inkor qilinadi. Mahalliy huquq himoyachilari bunga e’tiroz bildirmoqdalar.
2005 yil may oyidagi Andijon fojialaridan so’ng qo`shni Qirg’izistonga qochib o`tgan besh nafar andijonlikni Qirg`iziston hukumati tomonidan O`zbekistonga chiqarilishi BMTning Qochqinlar bo`yicha Oliy Komissariati keskin noroziligiga uchradi.
Qochqinlarning to’rt nafariga BMT rasman qochqin maqomini bergan va uchinchi mamlakatlar ularni doimiy qabul qilishga rozi bo’lgan edi. Beshinchisining ishi hali ham ko’rilayotgan edi.
BMTning Qochqinlar bo`yicha Oliy Komissariati tomonidan tarqatilgan bayonotda Qirg`iziston hukumatining xalqaro shartnomalarga xilof ravishda qochqinlarni qiynoqqa tutilishi mumkin bo`lgan O`zbekistonga qaytarilishi jiddiy xavotirga soluvchi qonunbuzarlik deb ataladi.
Qochqinlarning O`zbekiston tomonidan qabul qilib olingani va ularning qayerdaligi haqida hozircha hech qanday ma`lumot yo`q.
O’zbekiston inson huquqlari himoyachilari ham bu borada ma`lumotga ega emasliklarini aytishadi. Rasmiy Toshkent qochqinlarni terrorchilikda ayblamoqda.
BMTning Qochqinlar bo’yicha vakolatxonasining O’zbekistonda yopilgani ham mazkur muammoni murakkablashtirmoqda.
Rossiyaning Ivanovo shahrida Andijon fojialaridagi ishtirokda ayblanayotgan 12 nafar o`zbekistonlik va bir nafar qirg’izistonlikni O’zbekistonga chiqarish haqida Rossiya Bosh prokuraturasining qarori rasmiy Toshkent tomonidan olqishlandi.
O`zbekiston Bosh prokuraturasining bu borada tarqatgan bayonotida Ivanovodagi o`zbeklar ham terrorchilikda ayblanishayotgani haqida aytiladi.
Saflari tobora qisqarib borayotgan o`zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari mamlakatda qiynoqlarga solish amaliyoti ayniqsa Andijon fojiasi bilan bog’liq hollarda odatiy holat ekangini e’tirof etishmoqda.
Sud amaliyotlari monitoringi bilan shug’ullanadigan inson huquqlari himoyachisi Surat Ikromov diniy e’tiqodi uchun hibsga olinganlarga nisbatan ham qiynoqlar qo’llanilayotganini ta’kidlaydi.
“BMT Qochqinlar Oliy Komissariati bayonotlariga qaramasdan, afsuski besh nafar qochqin O`zbekistonga qaytarildi. Bu narsaga xalqaro tashkilotlar e’tiborliroq bo’lishsa bo`lardi. Umuman Rossiya Federatsiyasidan, Qozog`istondan, Qirg`izistondan birontasini O`zbekistonga qaytarilmaslik masalasini biz bir necha marotaba ko’targanmiz”, - deb taasuf bildiradi Surat Ikromov.
Huquq himoyachilariga ko`ra, O`zbekistonga majburan qaytarilgan qochqinlarga nisbatan munosabatni kuzatib borishning imkoniyati yo`q. Ular taqdiri bo’yicha axborot yopiq. Qochqinlar sudga tortilgani haqida ma`lumot chiqqandagina, biron narsa bilish imkoniyati tug’iladi.
AQSh Kongressi qoshidagi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi yoki qisqacha qilib aytganda, Xelsinki Komissiyasi, raislari senator Sem Braunbek va kongressmen Kristofer Smit Qirg’iziston hukumatining o’zbekistonlik qochqinlarni vataniga qaytarish qarorini tanqid ostiga oldi. Senator Braunbek 450 ka yaqin andijonlik qochqinni uchinchi mamlakatga ko’chirishda BMTga yordam bergan Qirg’iziston hukumati pozitsiyasi o’zgarganidan taajubdaligini va O’zbekistonga qaytarilgan qochqinlar taqdiridan xavotirda ekanini bildirdi. AQSh senatori o’z bayonotida prezident Karimovni qochqinlar huzuriga xalqaro tashkilotlar vakillarini kiritishga ruxsat berishga chaqirdi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham Qirg’izistonning qochqinlarni O’zbekistonga chiqarish qarorini qoraladi. Kecha chiqqan maxsus bayonotda tashkilot raisi, Belgiya Tashqi ishlar vaziri Karel De Gyuxt ekstraditsiyani xalqaro qonunlarga xilof deb atadi va qochqinlarning O’zbekistonda qiynoqlarga solinishi va ta’qib qilinishi ehtimolidan tashvishda ekanini bildirdi. Tashkilot, shuningdek, Rossiya hukumatidan 2005 yil may oyida Andijondagi voqealardan so’ng u yerda boshpana izlagan 12 nafar O’zbekiston va bir nafar Qirg’iziston fuqarolarini ekstraditsiya qilmaslikni so’radi.