Breaking News

O'zbekistonda AQShning yana bir tashkiloti yopildi


O`zbekistonda AQShga qarashli navbatdagi nohukumat tashkilot “Crosslink Development International” yopilgan va mazkur tashkilotga nisbatan soliq idorasi tekshiruv boshlagan.

Adliya vazirligiga ko'ra, mazkur tashkilot o'z loyihalari haqida axborot bermagan, kreditlar berishda O'zbekiston qonunchiligini buzgan va tegishli litsenziyaga ega bo'lmasdan ta'lim berish bilan shug'ullangan.

Vazirlikning bildirishicha, xalqaro tashkilot grantlar orqali O`zbekistondagi “To`liq Evangelchilar” cherkovini moddiy tomondan ta`minlab turgan. 23 avgust kuni bu masalani ko`rib chiqqan Toshkent shahar fuqarolik sudi “Crosslink Development International” tashkiloti faoliyatini O`zbekistonda tugatish haqida qaror chiqargan.

Kuzatuvchilar O`zbekistonda missionerlik faoliyatini kun tartibiga chiqishini – hukumatga xalqaro tashkilotlarni mamlakatdan quvish uchun navbatdagi bahona ekanligi bilan izohlashmoqda.

O`zbekistonda yaqin bir yilda nasroniylikni aynan G`arbdagi bir qator ko`rinishlariga nisbatan bosimlar boshlangani ham ta`kidlab o`tiladi.

Hozirda faoliyati tugatilgan “T`oliq Evangelchilar” cherkovi rahbari Nozim Isusichning bildirishicha, cherkov faoliyati G`arb va O`zbekiston munosabatlarining sovuqlashishi oqibatida tugatilgan va O`zbekiston hukumati nasroniylarga qarshi tazyiq boshlagan.

“O`zbekiston Konstitutsiyasida e’tiqod erkiligi aniq ifoda etilgan, biroq amalda hammasi boshqacha. Bizning cherkovimiz turli ta`qiblar bois yopildi. Cherkov a`zolariga nisbatan esa tazyiqlar ko`rsatilmoqda, ular hatto o`zaro uchrashuvga ham qo`rqishadi, doimiy nazorat ostidalar”, - deydi Nozim Isusich.

Farg`onalik kuzatuvchi Abdusalom Ergashevga ko`ra, bundan bir yilcha avval O`zbekistonda missionerlik faoliyati bilan shu`gullanuvchilarga hech qanday e`tibor bo`lmagan.

“Bugun shunday ayblar bilan xalqaro tashkilotlar yopilayotgan ekan, bu hukumatning o`z fuqarolari yoki diniy e`tiqod erkinligidan tashvishga tushganini bildirmaydi. Aksincha bu Andijondagi qi`rginlar uchun O`zbekiston hukumatini tanqid ostiga olgan G`arb davlatlariga berilayotgan javobdir”, - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko`ra, G`arb nohukumat tashkilotlarga bo`layotgan bosimlar navbati O`zbekistonda ishlayotgan G’arb biznes kompaniyalariga kelmoqda.

XS
SM
MD
LG