Breaking News

O'zbekiston tashqi siyosati Rossiya va Xitoy bilan chegaralangan


Toshkentda mazkur hafta davomida O`zbekiston tashqi siyosatiga doir bir qator uchrashuvlar o`tgan.

Bu uchrashuvlar, kuzatuvchilar fikricha, mintaqa davlatlarini hisobga olmaganda, asosan Rossiya va Xitoy ishtiroki bilan chegaralanib qolmoqda.

Mazkur haftada o`tgan O`zbekiston-Xitoy hukumatlararo kengash yig`ilishida ikki davlat o`rtasida imzolangan shartnomalarning bajarilishi muhokama qilingan. Xitoy tomonidan O`zbekistonda harbiy gospital qurilishi uchun imtiyozli kreditlar ajratishga kelishilgan.

Bundan tashqari, O`zbekiston va Qozog'iston hukumatlararo kengash yig’ilishi ham o`tgan. Kengash ma’lumotlariga ko`ra, yig`ilishda O`zbekiston prezidentining Qozog`istonga rasmiy safari rejalangan.

Toshkentda o`tgan yana bir xalqaro uchrashuv Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi tijoriy-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalasiga qaratilgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a`zo davlatlarning tashqi iqtisodiy aloqalar vazirlari maqomida o`tgan bu uchrashuvda tashkilot doirasida amalga oshirilishi lozim bo`lgan dastlabki iqtisodiy loyihalar muhokamasi o`tgan.

Tashkilotga a`zo davlatlarni birlashtiruvchi savdo-transport yo`llarini barpo etish, jumladan Toshkent-O`sh-Qoshg`ar, Volgograd-Astraxan-Beynau-Qo`ng`irot loyihalari ta`kidlangan.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti iqtisodiy tashkilot ekanligi ta’kidlansada, kuzatuvchilar bu tashkilotni faqat siyosiy tashabbuslar o`laroq tanilganini qayd etishadi.

Yaqinda besh yilligini nishonlagan tashkilot doirasida hozirgacha biror aniq iqtisodiy loyihalar amalga oshirilgani mavhumligicha qolmoqda ekan.

Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Xitoy va Rossiya bilan aloqalar va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti O`zbekiston iqtisodiyoti, jumladan savdo aloqalarini rivojlantirish uchun muhim turtki beradi.

O`zbekiston iqtisodiy taraqqiyot borasida mintaqadagi eng qoloq mamalakatlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Kuzatuvchi Iskandar Xudoyberganovga ko`ra, O`zbekistondagi iqtisodiy o`gir vaziyat rivojlangan davlatlar bilan keng hamkorlikni talab etadi. Bu vaziyatni Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik orqali o`nglash mumkin, degan fikr noto`g`ri.

Iskandar Xudoyberganov misol tariqasida ikkinchi jahon urushidan vayron bo`lib chiqqan Yaponiya iqtisodining G’arb bilan hamkorlik oqibatida keyinchalik tez suratlar bilan rivojlanganini va O`zbekistonning sobiq ittifoq tarkibidagi faoliyatini keltiradi.

“Bu taqqoslashning o`zi rivojlanish qanday bo`lishini yaqqol ko`rsatib turibdi, O`zbekistondagi bugungi vaziyat yana yomonlashib bormoqda, islohotlar faqatgina xalq manfaatini o`ylab qilingandagina natija keltirishi mumkin”, - deydi Xudoyberganov.

Mutaxassislarga ko`ra, masala faqat hukumatning G`arb bilan hamkorlikdagi asosiy talab - demokratik ochiq jamiyatdan yuz o`girishida emas, balki Rossiya va Xitoy uchun O`zbekistondagi ichki vaziyatning ahamiyatsiz ekani xavotirlidir.

Jamiyatshunos Komron Aliyev fikricha, Rossiya va Xitoy tomonidan mintaqaga bo`lgan qiziqish nafaqat iqtisodiy manfaatlar, balki mintaqa davlatlaridan aniq bir siyosiy kuch sifatida foydalanishni ham ko`zda tutadi.

Mintaqa davlatlarining iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati evaziga tugatilishga majbur qilindi. Maqsad - mintaqa mamlakatlarini birlashtirgan bosh davlat bo`lishga erishish, ularni siyosiy jihatdan birlashtirib yetakchilik qilish. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ham shuni maqsad qiladi”, - deydi jamiyatshunos.

Ayrim mutaxassislarga ko`ra, rasmiy Toshkent hozirgi cheklangan aloqalar qamrovida G`arb bilan munosabatlarni tiklash lozimligini yaxshi tushunadi, biroq buning uchun lozim talab - demokratik islohotlarni amalga oshirishdan cho`chimoqda.

XS
SM
MD
LG