Amerika bluegrass (blugrass) musiqa janri oddiy qilib aytganda bu mamlakat maqomidir. Kentukki shtatining tog’li hududlarida xalq og’zaki ijodining bir turi sifatida shakllangan ohang va lirika qorishmasi. Amerikaliklarning hammasi ham bu musiqa turini tinglamasa-da, u bilan faxrlanadilar.
Yaqinda musiqachi Bob Perilla boshchiligidagi Hillbilly blugrass musiqa guruhi O’zbekistonga safar qildi. Bob Perilla, "O’zbekiston o’zga dunyo",- deydi, ammo musiqa til yoki davlat tanlamaydi.
"Biz Sug’diyona ansambli bilan ijro etdik. Juda mahoratli musiqachilar. O’zbekistondagi milliy musiqa janrlari singari bluegrass ham oddiy avom musiqasidir. Qishloq hayoti, tog’ va dalalar, tabiat haqida kuylaydi. Shu bois ham uni sevib, ardoqlab, chalamiz."
Guruh qo’shiqchisi Elizabet Enn Dey Robinson (Elizabeth Ann Day Robinson)o’zbekistonliklar bizning cholg’u asboblarimizga juda qiziqishdi, deydi.
"Lirikani tushunmasalar-da, kuylarimizdan maroq olishdi, nazarimda. Ularga biz ham sevgi-muhabbat, hijron, insoniylik va hayot haqida kuylashimizni aytib berdim. Menga o’zbekistonliklarning ahloqi, mehmondo’stligi juda ma’qul tushdi. Ularning tabassumiga qarab, odamlar har yerda odamlar, mehr-oqibat va yaxshilik kabi fazilatlar hammamizga birdek xos narsalar deb o’yladim",- deydi Elizabet xonim.
Biroq O’zbekistonga safar har tomonlama maroqli kechgani yo’q. AQSh-O’zbekiston aloqalari taranglashib turgan bir paytda, Davlat departamentining madaniy almashinuv dasturi orqali o’lkaga safar qilgan guruhga hukumat konsertlar berishga yo’l bermadi.
"O’zbekiston hukumati vizaga xo’p dedi-ku, ammo konsertlarga yo’q, dedi. Bizning Buxoro, Xiva, Toshkent va Samarqandda konsertlar berishimiz rejalangan edi. Biroq ularni bekor qildilar. Bizni tomosha qilishni, tinglashni orziqib kutganlar bor edi. Ulardan uzr so’rashga majbur bo’ldik",- deydi janob Perilla.
Blugrass ichrochilari O’zbekistondan yangi kuy, yangicha ilhom va zavq, shuningdek, yangi cholg’u asbobi bilan qaytdilar. Merl Jonson (Merl Johnson) aslida mandolin chaladi. Endi esa rubob ham.
"Rubob mandolinga juda o’xshab ketadi. Chalinishi ham. Mandolin aslida Italiyadan chiqqan. Amerikada uni ancha o’zgartirganmiz, boyitganmiz. Rubob va mandolin cholg’uchisiman endi", -deydi janob Jonson.
Blugrass musiqasida muhim asbob hisoblanuvchi gitarasimon banjo chaluvchi Maykl Manford (Michael Munford) esa O’zbekiston maqom va changchilarini sevib tinglaganini aytadi. Ularning har bir cholg’u asbobini afsonaviy desa bo’ladi. Kuy ham afsonaviy, deydi u.
"Besh torli bonjo asbobi aslida Afrikadan kelgan deymiz, ammo O’zbekistonga safarim shuni ko’rsatdiki, bu cholg’u aslida Markaziy Osiyoda kashf etilgan bo’lsa ajabmas. Rubob va dutor kabi teridan ishlangan, ichi bo’sh, torli asbob. Bo’yni uzun, torlari ham shu yo’sinda tortilgan, balki sal boshqacha sozlanadi. Rubob va dutor kabi kuchli ohang beradi. Tezligi, shiddati, jarangi jihatdan bir-biriga juda o’xshab ketadi. Blugrass musiqasi ham jarangdor va tez",- deydi janob Manford.
Shu bois ham o’zbekistonliklarga musiqamiz yoqqandir, deydi Maykl Manford. Chunki ohang tanish. Skripka va bass ham blugrassda asosiy cholg’u asbobi hisoblanadi.
"O’zbekistonliklar ham ko’ngli, ham qo’li ochiq odamlar ekan. Yaxshilik va mehr haqidagi kuylarimiz ularga yoqdi, deb umid qilamiz",- deydi Bob Perilla. "Hamma ham biz bilan qo’rqmay gaplashavermadi, biroq ularning nigohlarida hayajon va qiziqish ko’rdik. Samarqanddagi qadimiy maqbaralarga borganimizda, mahalliy odamlar bizga, bu yerda musiqangizni chalmang, iltimos, deyishdi. Organ odamlari kelib, amerikaliklar bu yerda musiqasini chalsa, siz javob berasiz, deb ketishibdi. Eshitib, ancha ranjidik. Nahotki, AQShdan kelgan oddiy musiqachilar aholi hayotiga shuncha g’ussa keltirsa, deb. Afsus..."
Xonanda Elizabet xonim O’zbekistondagi qadim madaniyat, urf-odatlar, avloddan-avlodga madaniy meros qoldirish kabi qadriyatlardan lol qoldi. Blugrass musiqasi ham cholg’uchi va qo’shiqchilarga ularning ota-bobosi va momolaridan o’tib keladigan san’at.
"Mening bobom va otam ham blugrass cholg’uchisi bo’lgan. San’at guruhimizda hammaga oilaviy meros bo’lib qolgan",- deydi Elizabeth xonim. "O’zbekiston xalqi meni har tomonlama lol qoldirdi. Ularning birga o’tirib ovqatlanishi, uzoq suhbatlar qilishi, qo’lini ko’ksiga qo’yib salomlashishi, hol-ahvol so’rashi, mehmondo’stligi, ko’ngli kengligi... ularning insoniyligi... Bilasizmi, bluegrass janrida raqs ham juda muhim. Qadimda Amerikada ham folklor raqslari juda ommaviy bo’lgan. O’zbekistonda ham shuni ko’rdim. Ohang, kuy va raqs bizni o’zbekistonliklar bilan bog’ladi."