Breaking News

O'zbekistonga yaroqsiz darsliklarning Tojikistonda bozori chaqqon


Tojikistonda ayni paytda bir million yuz mingga yaqin maktab o’quvchisi bor. Hademay respublikadagi 3700 dan ortiq maktablar bolajonlarga o’z eshiklarini ochadi. Bu o’quvchilarning 30 foizga yaqini o’zbeklarning bolalaridir.

Davlat dasturiga ko’ra, 2007 o’quv yilida Tojikistonda deyarli barcha maktablar kompyterlashtirilishi lozim. Buning uchun 30 mingga yaqin kompyuter kerak bo’ladi.

Ammo Tojikistonda o’zbek o’quvchilarini hozir kompyuterdan ham ko’ra ko’proq oddiy darsliklar qiziqtiradi. Chunki Tojikistonda o’zbek o’quvchilari uchun darsliklar haligacha muammo bo’lib qolmoqda.

Buning sababi hozirgacha tayyorlangan o’zbek tilidagi darsliklarning sifatsizligi va maorif vazirligi belgilab bergan dasturlarga to’g’ri kelmasligidir. Shu sabab ham Tojikistonda o’zbek o’qituvchilari sobiq sho’ro davri darsliklaridan foydalanishga majbur bo’lishmoqda. Tabiiyki u darsliklar lotin grafikasiga o’tilgan qo’shni O’zbekistonda chiqitga chiqarilgan. Tojikiston o’zbeklari esa bundan foydalanib qolishmoqda. Kiril alifbosida chop etilgan eski darsliklar bozori hozir Tojikistonda chaqqon.

O’zbekistonning Bekobod shahriga chegaradosh Qo’shtegirmon qishlog’ida o’qituvchi Halima Samadova uchun bu kitob savdosi qo’shimcha daromad manbai ham bo’lmoqda.

“O’zbekiston lotin alifbosiga o’tgandan beri men u tomondan darslik kitob olib kelib, o’quvchilarni kitob bilan ta’minlayman. Bizdan hozir Tojikistonning Gonchi, Konibodom,Go’lakandoz nohiyalari o’quvchilari kitob olishadi. Qanaqa darsliklar kerak bo’lsa tayinlab ketishadi, men 300-400 tagacha darslik kitoblarni yig’ib, tayyorlab qo’yaman. Ularga yengil narxda beraman,” - deydi muallima.

Tojikistondagi o’zbek o’rta maktablarida 34 yildan beri dars berib kelayotgan Mamlakat Barakayeva respublikada tojik va o’zbek tilida yangicha chiqarilayotgan darsliklar sifati o’rtasida ancha tafovut borligini aytadi. Barakayevainig aytishicha, quyi sinf tojik o’quvchilariga mo’ljallab chiqarilgan darsliklar ham yuqori saviyada nashr etilgan bo’lsa-da maorif vazirligi tasdiqlagan programmaga mos kelmydi.

Yuqori sinf o’quvchilariga esa hali darsliklar chop etilmagan. Shuning uchun ular sobiq sho’rolar davridan qolgan darsliklardan foydalanishga majbur. Uning aytishicha, o’zbek o’quvchilari hali maorif vazirligi talabiga javob beradigan darsliklarga ega emaslar.

Foydalanilayotgan eski sovet darsliklari mustaqil Tojikiston davlat siyosati va mafkurasini yoshlar ongida shakllantirishga xizmat qilmasligini o’qituvchilar ham tan olishadi. Bu yo’nalishda ular mahalliy gazetalar va oliy o’quv yurtlari uchun chiqarilgan qo’llanmalardan foydalanishayotganini aytishadi.

“Yo’qdan ko’ra bor qabilida ish tutishga majburmiz. Bu sohada har bir o’qituvchi o’z malakasiga qarab ish tutadi,” - deyishadi ustoz muallimlar.

Tojikistonda yangicha darsliklar nashri uchun xalqaro moliya tashkilotlari bir necha yil oldin 40 million dollarga yaqin mablag’ ajratgan edi. Bu mablag’ning aksar qismi chet ellarda tojik tilida yuqori sifatli darsliklar chop etishga sarflangan. Q’qituvchilardan birining aytichicha, tojik o’quvchilariga mo’ljallangan darsliklar Rossiyada va boshqa mamlakatlarda chopdan juda sifatli chiqarilgan.

“O’zbek tilida chiqarilgan darsliklar esa kompyuterdan chiqarilgan oddiy sifatsiz broshyuraga o’xshaydi. Bu darsliklar o’quvchilar ko’ziga to’g’ri kelmaydigan shriftlarda bosilgan bo’lib, sahifalarning 10-20 foizi ko’rinmaydi. Bu bolalarning salomatligiga ta’sir qiladi. O’qituvchilar majbur bo’lgandan 4-5 sinflarga mo’ljallangan ana shunday darsliklardan foqdalanishmoqda. Davlat bu masalaga e’tibor berib, darsliklar chopidagi milliy tafovutni yo’qotishi kerak,” - deydi o’zbek o’qituvchilaridan biri.

Bunday sharoitda Halima Samadova kabi muallimlar, ham savobu ham tijorat ilinjida O’zbekiston viloyatlarini kezar ekanlar, nafaqat Tojikiston balki Qirg’iziston o’zbek maktablarini ham darsliklar bilan ta’minlashni uddalashmoqda. Kiril alifbosidagi eski darsliklarni izlab muallimalar O’zbekistonning Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarigacha kezib chiqishgan.

“Ular bu kitoblarni makalaturaga berib yuborishdi. Biz ular bilan kelishib, biroz narxini ko’tarib, o’zimizga foyda qoladigan darajada sotib olamiz. Olib kelayotgan darslik kitoblarimiz bozorda Qirg’izistongacha ketdi. O’tgan 2-3 oy ichida 10 minggacha eski darslik kitoblar tarqatdik,” - deydi Halima Samadova.

XS
SM
MD
LG