Tojikiston, Eron va Afgoniston prezidentlrining Dushanbe shahridagi uchrashuvlaridan so’ng kuzatuvchilar mintaqada Eron va Rossiya ta’siri kuchayganini ta’kidlashmoqda.
Ayrim tahlilchilarga ko’ra, mintaqada Eron ta’siri Rossiyaning Tojikistonga mo’tadil siyosati bilan bog’liqdir.
Bir necha yildirki, mamlakatning o’zida yetishmasada Tojikiston Afg’onistonga elektr energiyasi uzatib kelmoqda. Kelajakda esa Tojikistondan Afg’oniston-u Eronga Rog’un hamda Sangto’da-1 va Sanhto’da-2 gidroelektr stansiyalaridan 500 va 200 kilovattdagi yuqori kuchlanishli ikkita elektr uzatish tarmog'i quriladi.
Dushanbedagi Tojikiston-Eron-Afg’oniston prezidentlari uchrashuvidan so’ng respublikada uch tomonlama aloqalarning tez rivojlanayotgani aytilmoqda.
Mahalliy tahlilchilarga ko’ra bu aloqalar AQShning o’lkaga siyosiy-iqtisodiy ta’sirini kamaytiradi.
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonov ham Afg’oniston bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda eng avvalo gidroelektroenergiya resurslaridan foydalanishni nazarda tutadi.
“Dashtijum GESi va elektr energiyalarini o’zaro uzatish tarmoqlari qurish kelajakda rivojlanishi mumkin bo’lgan do’stona hamkorlik omili bo’lib xiamat qiadi”,-deydi Imomali Rahmonov.
Qurilishiga 3 milliard dollar sarflanuvchi va Markaziy Osiyoda eng yirik GESlardan biri bo’ladigan Dashtijumda, kuzatuvchilar fikricha, Amerika Qo’shma Shtatlarining hissasi katta bo’lishi mumkin.
Ayrim tahlilchilarga ko’ra Afg’oniston va Tojikiston o’rtasida bunyod etiladigan Dashtijum GESiga AQShning hissasi qancha bo’lsa, Amerikaning mintaqaga ta’siri ham shunchalik bo’ladi.
Ammo tojikistonlik bir gidrotexnigining fikricha, energiya zahiralari masalasida Tojikistonda jilovni qo’lga olgan Rossiya turganda Dashtijumning AQSh tomonidan moliyalashtirilishiga ishonish qiyindir.
Hukumat idorasining sobiq xodimi Sayram Rasulov ham Tojikiston-Afg’oniston aloqalari xususida so’zlar ekan, uning rivojlanishiga ishonmasligini va bu yerda hamma narsa Rossiyaga bogliq ekanligini aytadi.
“Afg’oniston masalasida bir narsa deb bo’lmaydi. Nazarimda bu mamlakat G’arb mamlakatlarini narkotik moddalar bilan ta’minlaydigan bir bazaga aylangancha qolaveradi. Xalqaro tashkilotlarning aniqlashlaricha, Afg’onistonda yeiliga 4 ming tonnagacha narkotik moddalar tayyorlanar ekan. O’tgan 8 oy mobaynida Tojikistonda Afg’onistonda chiqarilgan 4 tonnadan ortiq narkotik moddalar musodara qilindi. Men Afg’onistondagi xalqaro terrorizmga qarshi kurashayotgan mushtarak kuchlarga ham ishonmay qo’ydim. Rossiyaliklarning aytishlaricha, bu kuchlar Afg’onistonda narkotik modda tayyorlanadigan biron laboratoriyani yo’qotishmabdi. Bizni respublika Rossiya bilan chambarchas bog’langan. Shunday ekan, Afg’oniston hali beri bizga na siyosiy na iqtisodiy hamkor bo’lishiga ko’zim etmaydi. Afg’oniston-Tojikiston munosabatlari Rossiya ko’rsatgan yo’lda bo’ladi’’- deyedi Sayram Rasulov.
Tojikiston prezidenti Afg’oniston rahbari Hamid Karzayning Dushanbega tashrifi chog’ida yo’llar qurilishida ham o’zaro hamkorlikga alohida e’tibor qaratgandi.
“Dushanbe-Qunduz-Mozori Sharif-Hirot-Mashhad yo’l qurilishi Afg’onistonda davom etmoqda. Bu yo’l qurilishi Afg’oniston hududiga biz tomonimizdan boshlandi.Kelasi yil foydalanishga topshiriladigan Quyi Panj daryosida qurilayotgan ko’prik orqali bu yo’l nafaqat bizni balki Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston va butun Markaziy Osiyoni, Xitoyni bir-biriga bog’laydi. Kelajakda esa bizlarni Afg’oniston orqali o’zaro bog’lovchi temir yo’li quriladi. Bu ish Tojikistonda allaqachon boshlangan. Bizning yerimizdagi ishlar 2008 yil oxirigacha tugallanadi”,-deydi Tojikiston prezidenti.
Nomini aytishni istamagan bir mahalliy olim, Afgonistonning Amerika nazoratida ekanligiga urg’u qiladi. Uning fikricha, bu masalada AQSh va Eron munosabatlarini hisobga olish zarurdir.
“Afg’oniston bilan munosabatlarimiz Lenin davrida ham yaxshi bo’lgan. Bundan keyin ham yaxshi bo’lib qoladi deb umid qilaman. Lekin Hamid Karzay hokimiyat tepasiga kelayotganda uni Xo’jandda “So’gd” gazetasi “xoin” deb yozgandi. Biz Afg’onistonni Amerika nazorat qilayotganini unutmasligimiz kerak.Tojikistondagilar Afgonistonda ko’lamli ish olib borishni istasalar, AQSh va Eron munosabatlarini hisobga olib ish tutishlari kerak bo’ladi”, -deydi olim.