83 partiya faoliyat ko’rsatuvchi Qirg’izistonda kelasi parlament saylovlari yakka tartibda emas, balki partiyaviy ro’yxatlar asosida o’tishi kutilmoqda. Saylovda muvaffaqiyatga erishish uchun Qirg’iziston parlamentining o’zbek deputatlari “Xalq birligi va birdamligi” partiyasiga a’zo bo’lgan.
“Xalq birligi va birdamligi” partiyasi raisi A’zamjon Akbarovning aytishicha, Qirg’iziston parlamentining o’zbek millatiga mansub 6 deputati partiya a’zosi bo’lishga rozilik bergan.
Hozir 75 kishidan iborat parlamentda 7 nafar o’zbek deputati bor. Bular - Alisher Sobirov, Davron Sobirov, Qodirjon Botirov, Inom Abdurasulov, Muhammadjon Mamasaidov, Abdurahmon Abdullayev va Abdumutallib Hakimov.
Deputat Alisher Sobirov, ma’lum bo’lishicha, kelasi saylovda “Hamdo’stlik” partiyasidan nomzod sifatida qatnashmoqchi.
Deputat Davron Sobirovning aytishicha, partiya obro’ orttirish uchun xo’jako’rsinga tadbirlar o’tkazish bilan shug’ullanmaydi, aksincha, siyosat bilan shug’ullanadi.
Deputat Inom Abdurasulovga ko’ra, partiya ishlarini jonlantirish orqali kelasi saylovlarda mamlakat aholisining 20 foizini tashkil qiluvchi o’zbeklar parlamentda o’z munosib o’rniga ega bo’lishi kerak.
O’shdagi “Sarbon” yoshlar siyosiy klubining 50 nafar a’zosi ham “Xalq birligi va birdamligi” partiyasiga a’zo bo’lishga qaror qilgan. Bu haqda klub prezidenti Alisher Mamajonov ma’lum qildi.