Markaziy Osiyoning boshqa respublikalaridan farqli ravishda, Tojikistonda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq fuqarolar urushi bo’lib o’tgan. Besh yillik ichki mojaroda respublikaning 100 mingdan ziyoq aholisi halok bo’lgan edi.
Mustaqillikning 15 yili tojikistonliklar uchun oson kechmadi. Bir necha marta pul almashishlar tufayli aholi ham, korxonalar ham kasod bo’ldi. Mustaqil manbalarga ko’ra, bir milliondan ortiq kishi Rossiyada mardikorlik qilmoqda.
Lekin shu bilan birga hozir Tojikiston iqtisodi yildan yilga rivojlanib bormoqda. Ko’p vektorli siyosati bilan prezident Imomali Rahmonov bugunga kelib Markaziy Osiyoda obro’li rahbarlardan biriga aylandi.
Tojikiston Oliy Soveti sobiq deputati Abdurasul Habibov respublikaning dunyo miqyosiga chiqa olishini mustaqillikning asosiy yutug’i hisoblaydi.
“Respublikamiz butun dunyoga mustaqil tojiklar vatani-diyori deb butun olamga e’lon qilindi. Endi Tojikiston bayrog’i ostida dunyoning istagan joyiga bora olamiz. Istiqlol tufayli Tojikiston davlatdorligi paydo bo’ldi va demokratik-dunyoviy davlat qurishga asos solindi. Mustaqillik biz uchun yangi erani boshlab berdi. Bu davrni o’zimiz yaratishimiz kerak”, - deydi sobiq deputat.
“Hamma chegaralar berk bo’lsa, qarindosh-urug’nikiga borolmasak, quda-andani ko’rolmasak, nima keragi bor bizga bunday mustaillikni. Har joydanki o’tay desak pul ber deydi, biz nima qila olamiz endi? Har xil yig’ilishlar qilib yurmasdan amaliy ish qilib, bizga chegaralarni ochib berishsin”, - deyishadi keksalar.
“Rossiya imperiyasidan mustaqillikka chiqqanligimiz biz uchun katta davlat. Bu erkinlik va ozodlikdir. Bu ma’naviyatimiz va madaniyatimizga katta boylik hisoblanadi. Bu mustaqillikni bilmaslik nodonlokdir”, - deyishadi tojikistonlik hunarmandlar.
Tojikistondagilar mustaqillikni shaxsiy hayotlarida ayniqsa to’y-ma’rakalarda yaqqol sezishlarini aytishadi. “Mustaqillik sabab to’yu-ma’rakalarda chetda qolayotgan do’st-birodarlarimiz va qarindosh-urug’larimiz qatnasha olmayotir”, -deyishadi ular.
Tojikiston shimolida 1993 yildan beri chiqarilayotgan “Leninobod haqiqati” hukumat gazetasi xodimi Nurmuhammad Yo’ldoshev va Amerikaning NED jamg’armasi moliyaviy ko’magida chiqarilayotgan “TONG” nomli mustaqil o’zbekcha gazeta muxbiri Maqsud Jo’ra bu gazetalarni Tojikiston mustaqilligi mevasi deb bilishadi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida Xo’jand oliygohida tashkil etilgan o’zbek filologiyasi kulliyotida ta’lim olgan o’qituvchilar u davrni o’zlarining baxtli kunlari sifatida eslashadi. Ularga ko’ra, bugungi kunda mustaqillik tufayli ro’y bergan o’zgarishlar har jihatdan juda kattadir.
“Yigitlarimiz hammasi Rossiyaga ketib qolmoqda. Bolalar otalari mehriga zor bo’lib yashamoqda. Bu tomoni bizga ma’qul kelmaydi”, - deyishadi yosh onalar.
Tojikistonliklar mustaqillik sharofati tufayli o’lkada so’z va e’tiqod erkinligi rivojlanganligini ta’kidlashadi. Namozxon Turob aka mustaqillikdan so’ng el orasida diniy e’tiqod erkinligi rivojlanganini aytadi.
“Mustaqillik bizga so’z erkinligini, minbar erkinligini berdi. Ilgarilari hech kim ochiq-oydin gapira olmasdi. Xudoga ming qatla shukrkim, bizga hozir masjidlar ochib berilgan. Besh vaqt namozimizni o’qiymiz. Birov “sen nega namoz o’qiysan?!” deya zug’um qilmaydi. Ilgari qochib-qochib namoz o’qirdik. Bu ham bo’lsa mustaqillik mevasi deb bilaman”, - deydi keksa otaxon.