“Tongning ismi balki tongmasdir,
Tundir, sutga chayib olingan.
Balki o’trikning ismi yolg’onmas,
Rostdir, so’ngra tonilgan.
Balki yer emasdir bu yerning nomi,
Tuproqdir, toptalib yer bo’lib ketgan.
Balki sotqin o’zi sotqin emasdir,
Fidoiydir, sotilib ketgan.
Balki “xalq dushmani” dushman emasdir,
Do’stdir, so’ngra otilib ketgan”.
Bu misralar shoira, muxolifatdagi “ERK” partiyasi a’zosi Dilorom Isxoqova qalamiga mansub.
- Dilorom opa, mustaqillikdan keyin ijodingiz, she’rlaringiz ommaviy axborot vositalarida ko’rinmay qoldi. She’rlaringizning kitob holatida nashr etilganiga ham ko’zimiz tushmadi. Buning sababi nimada?
Dilorom Isxoqova: “Sababi juda qisqa va aniq. Mening muxolifat partiyasida bo’lganim. Avval “Birlik” xalq harakatidagi faoliyatim, undan keyin “Erk” partiyasidagi faoliyatim bilan bog’liq. 1989 yillarning oxirida barcha nashriyotlarga bitta “qora ro’yxat” tarqatilgan. U yerda yetti kishining ism-familiyasi bor edi, shulardan biri men edim. Shu yetti kishining kitoblarini chiqishi ma’n qilingan. Gazeta-jurnal, televideniye, radioda ham xuddi shunaqa ro’yxatlar hozirgacha bor. Shu bois shu kungacha she’rlarim hech qayerda chiqmayapti.”
- Mustaqillik boshlanibdiki, menga bo’lgan tazyiq, menga o’tayotgan alamlar, oilamga nisbatan quvg’inlar to’xtagani yo’q. Mustaqillik yillarida men ikkita qizimni o’qitdim, lekin hech birini ishga joylolmayapman. Chunki qayerga borsa, anketasida “onasi davlat to’ntarilishida qatnashgan”, degan yozuv chiqadi. Qizlarimni hech kim ishga olgisi yo’q. O’zim ish so’rab borgan joyim qolmagan, meni ham hech kim ishga olmaydi. Mana shuning orasida men qanday kitobim chiqishini orzu qilaman? Qanday qilib she’rlarim chiqishini orzu qilaman? Men orzu ham qilmay qo’ydim, - deydi shoira.
- Dilorom opa she’rlarida “men vatanparvarman, Vatanimni yaxshi ko’raman”, deb ayuhannos solmaydi. Men Dilorom opamda ijodning va insoniylikning uyg’unligini uchratganman. Bu inson o’z she’rlarida qanchalik ko’ngillarini ochib tashlasa, hayotda ham shunday, o’zini kimgadir yaxshi ko’rsatishga urinmaydi, o’zini bezamaydi. Dilorom opa nihoyatda to’g’ri ayol, nihoyatda halol va qalbi ozod, - deydi mustaqil ijodkor Hulkar Musoyeva.
“Sizni ayni paytdagi “Erk” partiyasining faoliyati qoniqtiradimi?” degan savolga, shoira shunday javob beradi:
- Hozirgi tuzumda, hozirgi hukumat bor ekan, “Erk” partiyasiga hech qachon bemalol ishlashga yo’l qo’yilmaydi. Chunki mening nazarimda, “Erk” partiyasining hukumat oldida, o’zbek xalqi oldida, davlat oldida hech qanday gunohi yo’q. Bu isbot talab qilmaydigan gap. Mustaqil davlatda mustaqillikni kutib yashash mumkinligini o’ylamaganman. Xudo haqqi, men ham, boshqa “erkchilar” ham chidagan bo’lardik, agar “Erk”dan tashqaridagi xalq yaxshiroq yashaganda. Lekin xalq ham “Erk” kabi bir xil azob chekyapti.
- Mustaqillikdan keyin mamlakatda iqtisodiy jihatdan, siyosiy tomondan ahvolning qaysi tomonlari Sizga ma’qulu, qaysi tomonlaridan ko’nglingiz to’lmaydi?
- Bu – uchun eng og’ir savol. Chunki esimni taniganimdan beri O’zbekistonning mustaqil bo’lishini juda orzu qilganman. Sovet Ittifoqini, shu imperiyaning yo’qolishini orzu qilganman. “Birlik” xalq harakati tuzilgandan keyin shu yerdagi faoliyatim ana shu maqsadga bag’ishlangan edi. Lekin men bunaqa mustaqillikni kutmagan edim. Mening nazarimda mustaqillik O’zbekistonning gullab-yashnashiga olib keladigan bir omil bo’lishi kerak edi. Mustaqillik bu ertalabdan-kechgacha televizorda chiqib “mustaqilligimizni mustahkamlaylik” degan, siyqasi chiqib ketgan bir so’zga aylanib qolishi kerak bo’lgan narsa emasdi. Nihoyatda buyuk, muqaddas bir xilqatday qaragandim va shunday bo’ladi deb kutgandim. Hozir esa qarayman-da, men doim o’sha Sovet tuzumiga solishtiraman. Bilasizmi, Sovet tuzumi davrida xalq hozirgidan ko’ra erkinroq edi, shu qatori men ham; Sovet tuzumi davrida hozirgidan ko’ra xalq yaxshiroq yashardi, shu qatori men ham. Otanazar Oripovning bitta iborasi bor: “O’zbekiston hukumatigina mustaqillikka erishdi, shaxs mustaqilligiga, fuqaro mustaqilligiga mutlaqo erishilgani yo’q”.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripov eslaydi:
- Ma’lumki, 1980 yillarning oxirida Yozuvchilar uyushmasida yosh yozuvchi-shoirlar, ziyolilar orasida siyosiy qarashlar rivojlana boshladi. Va siyosiy qarashlar keyinchalik borib mavjud hukumatga muxolif fikrlar, muxolif g’oyalar bilan kengayib bordi. Ana shu yosh ziyolilar, shoirlar, yosuvchilar keyinchalik “Birlik” xalq harakatini, “Erk” demokratik partiyasini tuzdilar va muxolif kuchlarga aylandilar. Ana shu jarayon boshidan boshlab Dilorom Isxoqova ham faol ishtirok etgan. Keyinchalik “Erk” partiyasidagi faoliyati, o’zgacha qarashlari, o’zga fikrdagi guruhlar bilan munosabati tufayli u ham ancha aziyat chekdi. 1995 yili bir necha muxolifat a’zosi, shu jumladan Dilorom Isxoqova ustidan sud bo’ldi. Oilasi aziyat chekdi. Mustaqillik davri muxolifatdagi insonlar uchun juda katta sinov davri bo’ldi. Bu sinov davrida qiyinchiliklarga, aziyatlarga, bosqinga, qatag’onga bardosh berolmay, o’zini yo’qotib qo’ygan, insoniylikdan umuman chiqib ketgan yoki ochiqchasiga hokimiyat pozitsiyasiga o’tib olgan odamlar ko’p bo’ldi. Mana shu sinov davirini bardoshlilik bilan o’tkazib o’sining insoniyligini, o’zining muxolif fikrlarini, o’zining faolligini Dilorom Isxoqova saqlab qola oldi, - deydi Otanazar Oripov.
Dilorom Isxoqova: “Shu mustaqillikni deb kimlar o’lib ketdi, kimlar mayib bo’lib ketdi, kimlar sinib ketdi, kimlarning oilasi buzilib ketdi. Shularning chekkan azoblari oldida hech kim mas’ul emasligi odamni dahshatga soladi. Mustaqillik qup-quruq, iymonsiz bir so’zga aylanib qoldi. Nima uchun qozoqlar chiqib “nega mustaqilligimizni mustahkamlaylik”, demaydi? Nega ertalabdan-kechgacha qirg’izlarning yetakchilari dod demaydi? Bu - fakt, uyalaylik, bo’ldi, mustaqil bo’ldik. Shu fikr bilan yashaylik va bu haqda gapirmaylik. Axir ko’chaga chiqib “men ayolman, men ayolman” desam, qanday xunuk bo’ladi? Mening ayolligim ma’lumku endi. Bu qadar beqadr qilib tashlamasligimiz kerak axir. Bu narsalar menga og’ir botadi”, - deydi shoira, muxolifatdagi “Erk” partiyasi faoli Dilorom Isxoqova.