Breaking News

Paxta yig'im-terimi tojikistonliklarga og'ir tushmoqda


Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar singari Tojikistonda ham ommaviy paxta yig’im-terimi qizg’in pallada. Bu yil Tojikistonda hukumat 550 ming tonna paxta terib olishni rejalagan.

Har yilgidek sentyabrning ikkinchi o’n kunligida Tojikistonda paxta terimiga ommaviy safarbarlik e’lon qilindi. Bu yil Tojikiston hukumati paxta terish rejasini 60 ming tonnaga kamaytirgan, ya’ni hosilni o’tgan yildagidek 610 ming emas, 550 ming tonnaga yetkazish mo’ljallanmoqda.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonovning ko’rsatmasi bilan oliy o’quv yurtlari talabalari paxta yig’im-terimiga jalb qilinmasligi kerak. Lekin So’g’d viloyatining cho’l zonalarida hasharchilarga katta ehtiyoj seziladi. Fan nomzodi, yosh olim Haqnazar Temirboyev Xo’jand Davlat Universitetining to’rtinchi kursgacha bo’lgan talabalari dalaga chiqarilganini aytadi.

“Zafarobod nohiyasi singari cho’l zonalarida yordamchilarga ehtiyoj kuchli. Hozir texnikani tamoman ishdan chiqqan desak ham bo’ladi. Shuning uchun qo’l kuchidan terib olishga majbur. Obu-havoni qulay paytidan foydalanib qolishimiz kerak. Xo’jand Davlat Universitetida ham 14-15 sentyabrdan umimiy safarbarlik e’lon qilindi”, - deydi universitet o’qituvchisi.

Uning aytishicha, xo’jandlik talabalar hali o’qishni boshlamasdan mustaqillik bayrami tantanalariga va undan so’ng paxta mavsumiga jalb qilingan.

“Bu mavsum esa qishning sovuq kunlarigacha cho’ziladi. Bu odat tusiga kirib qoldi. Bu jamiyatimiz uchun kadrlar tayyorlanishiga albatta salbiy ta’sir ko’rsatadi. Qish, qirovli kunlarda talabalar kasallikka chalinadi. Bularning hammasi yoshlarni salomatligiga ham, o’qishiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi,” - deydi olim Haqnazar Temirboyev.

Tojikistonda paxta yig’im-terimi avjida ekan, mahalliy rahbarlar talabalarga ommaviy safarbarlik moliyaviy jihatdan ham foydali ekanini urg’ulaydilar. Haqnazar Temirboyevga ko’ra, bu haqiqatga yaqindir.

Uning aytishicha, o’tgan yilgi mavsumda ayrim studentlar mavsumda 100-300 somonigacha pul ishlaganlar. Shartnoma asosida o’quvchi ayrim terimchi talabalar esa hatto o’qish uchun to’lanadigan bir yillik mablag’larini ana shu paxta terimida ishlab topishga muvaffaq bo’lganlar.

Shartnoma asosida o’qishga qabul qilingan talabalarni ham paxta yig’im-terimiga jalb qilish mantiqqa zid ekanini universitet o’qituvchilari ham e’tirof qilsalar-da, ommaviy safarbarlikdan keyin faqat ulargagina dars o’tishni foydasiz deb bilishadi.

Ba’zi ilg’or terimchilar o’tgan yili viloyat hukumati tomonidan qimmatbaho sovg’alar bilangina taqdirlanib qolmasdan, universitetga bir yillik pul o’tkazishdan ozod ham etilgandi. Hukumat vakillari bu yil ham terimchilarni ana shunday rag’batlantirishni davom ettirishlarini aytishmoqda.

Paxta mavsumi turmush o’rtoqlari Rossiyada bo’lgan uy bekalari uchun haqiqatdan ham qo’shimcha daromad manbaidir. Ular 6 yoshli bolalarini ham dalaga yetaklab chiqishadi. Darhaqiqat, hozir 7 yoshdan 70 yoshgacha dalada. O’zbekning engagini paxta bilan ko’tarishgani rost.

Terilgan paxtaning har kilogrammiga Tojikistonda hozir 20 diramdam haq belgilangan. Ammo qo’lga beriladigani 12 diramdir, bu 3 sentdan sal ortadi.

“Har yili terimga chiqaman. Hozir bu yerda masjidlardan ham chollar paxtaga chiqmoqda. Qo’ni-qo’shnilar, tashkilotlar, hamma pxtada. O’tgan yili terimda qatnashib 100-200 somon oilamizga daromad qilgandik. Paxtaga 20 diramdan deyishgandi, 12 diramdan berishyapti. Bilmadim, pulini kamaytirishgan. Bu yil xudoga shukur paxta yaxshi. Mana o’g’lim ham menga yordamchi bo’lib dalaga chiqdi,” - deydi 6 yoshlik o’g’ilchasini ko’rsatadi terimchi uy bekalaridan biri.

Terimchilarga beriladigan haq juda oz ekanligini fermer xo’jalik rahbarlari ham tan olishadi. Fermer Obid Yunusov teriladigan paxtaning kilogrammiga beriladigan 10 diramlik haqning 3 yildan beri bir xil turganligini aytadi.

“Axir o’tgan 3 yil ichida narx-navolar qancha o’zgardi. Bu narxni o’zgartirish kerak. Bizlarning investorlardan ham qarzimiz ortib bormoqda. Bizga investorlar yonilg’i-moylash materiallarini qimmat narxga bermasdan pulni o’zini berganlarida edi, shartnomaga ko’ra belgilangan mahsulotdan shu narxni chiqarib olganlarida edi, bizga foydali bo’lardi. Lekin davlat paxtadan foydani ko’rmoqda,” - deydi Obid Yunusov.

Paxta terimi ommaviy tus olar ekan, Tojikiston mutaxassislari bu mavsumga 70 ming tonnaga yaqin yoqilg’i, moylash materiallari zarurligini, uni esa asosan Rossiya va O’zbekistondan keltirishlarini aytishadi.

Ularning aytishicha, respublikadagi paxta xo’jaliklarining tashqi qarzlari hozir 300 milloin dollardan oshib ketgan.

XS
SM
MD
LG