Breaking News

Hukumat o'qituvchilarga odmiroq kiyinishni tavsiya qilmoqda


O’zbekistonda maktab muallimalarini bir xil formada kiyintirish say-harakati boshlanganiga bir yildan oshgan. O’qituvchilarning kiyinish madaniyati nega aynan bugunga kelib muammo darajasiga ko’tarildi?

Umumta’lim maktablarida o’qituvchilarning maktab formasiga o’tish harakati boshlanishiga Xalq ta’limi vazirligining “Ta’lim muassasalarida o’qituvchilarning kiyinish madaniyatiga doir” buyrug’i hamda yo’riqnoma va tavsiyalari sabab bo’lgan.

Xalq ta’limi vazirligi mulozimi Namoz Ro’ziqulov:

“Bu degani butun respublikamizdagi hamma 9 mingdan ziyod maktablar bir xil kiyinadi, degani emas. Har bir pedagogik jamoa o’zining iqlimidan, mentalitetidan kelib chiqib, o’sha yerdagi sharoitdan, jamoaning a’zolari fikr-mulohazasini o’rganib, ma’lum bir kiyinish ko’rinishiga o’tishlari tavsiya sifatida berilgan. Lekin bizning asosiy tavsiyalarimizdan bittasi bu klassik stilga yaqinroq. Ya’ni yubka, bluzka, kostyum ayollar uchun. Erkaklar uchun ishchi kostyum, bo’yinbog’-galstuk bo’lishi, toza-ozoda bo’lishi aytilgan. 14 mingdan 28-29 minggacha bo’lgan tayyor kostyumlarni olishyapti. Bu uncha katta narx emas o’qituvchilar uchun,” - deydi Namoz Ro’ziqulov.

Ba’zi o’qituvchilar respublika miqyosida o’qituvchilar kiyinish madaniyatiga e’tibor qaratilganini qo’llab-quvvatlashlarini bildirishadi. Ularga ko’ra, so’nggi yillarda darsga ko’cha, bozor yoxud to’y kiyimida kelish ayrim o’qituvchilar uchun odat tusini ola boshlagan. O’qituvchi Mazluma Qo’chqorova:

“Endi bilasizmi, bekordan-bekorga qaror chiqmagan-da. O’qituvchilar shimlarda yursa, taqinchoq deb brilliant-u hamma tillalarini taqib olsa, kechqurungi to’yga boradigan libosini kiyib keladigan o’qituvchilar ham bor. Bola ham maktabdan ko’rganini qiladi-da. Ertasiga qarabsiz-ki shu o’quvchining yo uchta barmog’ida, yo to’rtta barmog’ida shu uzuk bo’ladi. Chunki taqlid degan narsa bor-da. Ekkaningni o’rasan, deydi. Bu faqat oilaga tegishli emas, maktabga ham tegishli,” - deb hisoblaydi o’qituvchi ayol.

O’qituvchilarni maktab formasiga o’tkazish say-harakati ba’zi o’qituvchilarni qoniqtirmagan ko’rinadi:

“Yoshi kattalar ham bor, pensiyaga chiqqan ustozlarimiz ham bor-da. Bir xil formada kiyinishda bizlar diskomfort o’zimizda his qilamiz. Chunki mana men to’lishganroq bo’lganim uchun oq kofta qora yubka kiysam, oq yana odamni to’lishtirib ko’rsatadi. Men yoshimga mos emas deb o’ylayman-da shu narsa.”

“Men ham o’ylayman-ki forma skromniy bo’lishi kerak. Albatta yediniy forma emas, balkim bolalarning xayoli darsda bo’lib, o’qituvchining taqinchoqlarida emas, vizivayushiy bo’lmasa bo’ldi-da, deb o’ylayman,” - deyishadi ba’zi o’qituvchilar.

Ayrim o’qituvchilar fikricha, moddiy sharoitlari yetarli darajada ta’minlanmagan ustozlar maktabga kuchi yetgan va topgan kiyimlarda kelishadi. Formaga o’tish harakati esa ular iqtisodiga yana bir zarba bo’lishi mumkin. O’qituvchi Charos Rustamova:

“Endi mening fikrim bo’yicha ba’zi bir maktablarda, ko’proq viloyat qishloqlarida oilaviy sharoitiga ko’ra-mi, ba’zi bir o’qituvchilar uy ichi kiyimlarida, kalishlarda, xalatlarda ham darsga chiqqanligini bizlar kuzatganmiz, ko’rganmiz. Ba’zi bir maktablarda butun kollektiv yig’ilib material olib tiktirib kiyishyapti. Lekin sifatli matolar juda qimmat turadi. 9 oy davomida, o’qish davri paytida biz shu kiyimni kiyishimiz kerak bo’lgani uchun, u matolar sifati ancha past bo’lgani uchun baribir qumaloq bo’lib qoladi. Yaxshi narsa qimmat turadi. O’qituvchilarning moddiy sharoiti to’g’ri kelmaydi.”

Ta’lim muassasalaridagi o’qituvchilar kiyinish madaniyatiga doir tavsiyanomada ayol o’qituvchilarning badanlarini ko’z-ko’z qiladigan darajada, yorqin ranglarda, tor, tizzadan yuqorida bo’lgan kiyimlar, gulli hamda to’rli kolgotkilar kiymaslik, sochlarni farq ochib yig’ib yurish ham taklif etilgan. Xalq ta’limi vazirligi mulozimi Namoz Ro’ziqulov:

“Maktab ma’muriy bino bo’lgandan keyin o’qituvchilar albatta odmiroq, uncha ko’zga tashlanmaydigan, oddiyroq, ish uslubiga mos ravishda taqinchoqlar taqilishi zarurligi bu yerda tavsiya qilingan. Yoki bo’lmasa sochni turmaklashga yoki boshqa narsaga. Bu ham sochlari qo’qib yotmasligi kerak, yoki u har kuni yuvilgan, orasta, chiroyli taralgan bo’lishi kerak. Mana farq ochilgan yoki boshqalarni aytamiz. Yig’ib olgan bo’lishi kerak. Bu nafaqat madaniy nuqtai nazardan, bu tibbiy nuqtai nazardan, sanitariya nuqtai nazardan, shaxsiy gigiyena nuqtai nazardan ham tavsiya qilingan narsalar,” - deydi ta’lim vazirligi vakili.

MUXBIR: Masalan, yo’q, bu forma menga yarashmaydi, men buni kiymayman, deganlarga nisbatan, mana shu tavsiyanomalaringizni qo’llab-quvvatlamaganlarga nisbatan qanaqadir choralar ham ko’riladimi?

NAMOZ RO’ZIQULOV: Juda yaxshi savol berdingiz. Hozirgi kunga kelib birinchidan mana shunaqa hodisalar hali uchragani yo’q. Ikkinchisi, sog’liq bilan bog’liq narsa bo’lsa, bunda albatta istisno bo’ladi. Lekin maktab bu davlat tasarrufidagi muassasa. Maktab ish beruvchi, deylik maktab rahbariyati. Ishga keluvchi, ishlovchi bu o’qituvchi. Bu ikkala subyekt o’rtasida ma’lum bir qonunlar asosida shartnoma tuziladi, bu shartnoma asosida u ishga olingan. Maktabning qo’yiladigan talablariga javob beraman, deb u shartnoma tuzgan.

Xalq ta’limi vazirligi mulozimlariga ko’ra, mazkur buyruq va tavsiyanomalarga bo’ysunmagan o’qituvchilarga nisbatan hech qanday chora qo’llanilmaydi. Balki ularga ustozlarning kiyinish madaniyati o’quvchilar tarbiyasiga ijobiy ta’sir etishi borasida tushuntirish ishlari olib boriladi.

XS
SM
MD
LG