Breaking News

Tojikiston aholisining katta qismi qashshoqlikda hayot kechirmoqda


Markaziy Osiyo respublikalari orasida Tojikiston eng qashshoq mamlakat o’rnini qo’ldan bermay kelayotir. Bundan 5-6 yil ilgari respublika aholisining 90 foizdan ortig’i qashshoqlikda hayot kechirayotganini hukumat ham tan olgan.

Bugungi kunda rasmiylar Tojikistonda qashshoqlik darajasi 70 foizga yetmasligini ta’kidlashadi va xalqaro tashkilotlar bu raqamni tasdiqlaydi. Oddiy aholi esa boshqacha fikrda.

Asht nohiyasidan bo’lgan fizika-matematika o’qituvchisi Alimardon Qo’ziyevga ko’ra, aholining 80 foizgacha qismi hamon og’ir sharoitda umr o’tkazadi. Uning aytishicha qishloq joylarida turmush abgorligi sabab ro’zg’orini tashlab ketgan erlar va yolg’iz qolgan oilalarni uchratish mumkin.

“Odamlarning 70-80 foizi hayoti og’ir. Bola-chaqalari ko’p, puli yo’q, narxu-navo qimmat, qishga kelganda svet yo’q, gaz yo’q, sharoitimiz juda og’ir bo’lmoqda. Chekka qishloqlarni ba’zilarida sal durust, ba’zilarida yashash sharoiti juda past. Sharoit og’ir. Ba’zilari bozorga keladi, ammo puli yo’q, xarid qilishga iloji yo’q, qarab ketishadi. Qishloq joylarida ishga yaroqli erkakni ko’rmaysiz, negaki sharoit yaxshi bo’lsa mehnatga chiqadi, quvvati bo’lmasa mehnatni ham qilolmaysiz. Shunday bo’lib qolganki, bir xillarni eyishga ham noni bo’lmay qolayotir. Bir xillarni erlari tashlab ketadi, bola-chaqasi qolib ketadi,” - deydi muallim.

Tojikistonda ayrim asosiy iste’mol mollariga narxu-navoning 60 foizgacha va undan ham yuqoriga oshganligi oddiy fuqarolar hayotiga salbiy ta’sir qildi. Aholining asosiy iste’molini tashkil etuvchi moy va go’sht, kartoshka-piyoz hamda guruch mahsulotlari ayrim joylarda 70 foizgacha ko’tarildi.

Respublika janubidagi qishloqlardan birida yashovchi Qodirqul Shoyimov odamlar juda bo’lmasa arava tortib, olib-sotarlik va hatto tilanchilik bilan kun ko’rayotganini aytsa, o’gillari Rossiyadan pul jo’natib turgan onaxonlar sharoitni yaxshi baholaydilar.

“Bozorda hammasi ko’rinadi. Kim aravakash, kim savdogar, kim gadoy ekanligi. Narxu-navolar oshib ketmoqda, ro’za payti hozir, endi kim kunini ko’rolsa ro’zasini tutadi. Ro’za ham har kimning o’tar kuniga qarab bo’ladi. Lekin uni tutganga yetmaydi,” - deydi Qodirqul aka.

Qirqqa yaqin tengqurlari bilan yoppasiga Rossiyaga yo’l olayotgan 18 yoshlik Shodibek Davlatov Tojikistondagi og’ir sharoit sababini yirik korxonalarning ishlamayotganida ko’radi.

“Mening fikrimcha Tojikistonda zavod-fabrikalar kam, ular ishlamaydi, odamlarga ish yo’q, shuning uchun ko’p yigitlar ham otasi ortidan Rossiyaga menga o’xshab pul ishlashga ketishga majbur. Hammamiz ro’zg’orni butlashni, tirikchilik yuritishni, yangi uy-joylar olishni istaymiz. Men bilan ketayotgan o’rtoqlarim ham uy-joylarini yaxshilash niyatida yo’lga chiqqan,” - deydi yoshlar vakili bo’lgan Shodibek.

Tojikiston markaziy matbuotida ishlab kelgan o’zbek shoiri Jamshid Pirimov bugungi kunda viloyat gazetalaridagi ijodkorlarning maoshlari aqalli yegulikka yetmasada, jonkuyarlik bilan redaksiyalarda xizmat qilishayotganini va tirikchilikni dehqonchlik ortidan yurgizishayotgani aytadi.

“Biz olayotgan maoshni hatto tilga olib bo’lmasa ham, jurnalistlarimiz katta iroda va jasorat ko’rsatib jura’t bilan, o’z kasblariga sadoqat ko’rsatib gazeta chiqishini ta’minlab turibdilar. Umidvormanki, kelgusida viloyatlar, jumhuriyat hukumati bu borada jiddiyroq o’ylab ko’rsalar kerak. Chunki oladigan maoshlar hozir hatto tushlik qilishga ham yetmaydi. Lekin biz qishloq joylarida bir dehqonchilik, bir bog’dorchilik, bir-ikki molni asrash bilan bir balo qilib kunimizni o’tkazib turibmiz,” - deydi tojikistonlik o’zbek shoiri Jamshid Pirimov.

Tojikistonda hozir o’qituvchinig o’rtacha maoshi 25-30, shifokorniki 8-10, quruvchilarniki ellikdan 100 dollargacha bo’lsada, oilada jon boshiga o’rtacha xarajat oyiga 30 dollardan kam bo’lmaydi. Respublikada esa o’rtacha xo’jalik 5 kishidan kam emas.

XS
SM
MD
LG